Jahon | 17:50 / 20.10.2017
48432
7 daqiqa o‘qiladi

U kim - muxolifat «yuzi»mi yoki Kreml «qo‘g‘irchog‘i»?

Foto: «Kommersant'»

Teleboshlovchi Kseniya Sobchak 18 oktabr kuni «Dojd» telekanali efirida 2018 yilgi Rossiya Federatsiyasi prezidentligi saylovlarida ishtirok etishi haqida ma'lum qildi. U o‘zini «barchaga qarshi nomzod» sifatida e'tirof etdi. Shu bilan birga Aleksey Navalniy saylovlarga qo‘yilgan taqdirda o‘z nomzodini qaytarib olishga va'da berdi. Xo‘sh, xorijiy OAV Sobchak xonimning prezidentlik kampaniyasiga start berganiga qanday munosabat bildirdi?

Le Temps (Jyeneva, Shveytsariya)

Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy saylovlarda o‘z nomzodini qo‘ygunga qadar 2028 yilni kutishiga to‘g‘ri keladi, dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova. Hozircha esa hammasini oldindan hal qiladigan Kreml prezidentlik saylovlariga qonuniy tus berish maqsadida unga o‘rindosh izlamoqda. «Vedomosti»da xabar berilishicha, prezident ma'muriyati Vladimir Putinga raqib sifatida ayol-nomzodni izlagan. Nashr ultra-konservativ qanotdan bir nechasi (barchasi Putinning tarafdorlari) va Kseniya Sobchak nomzodlarini keltirgan.

Sobchak mustaqil telekanallardan birida boshlovchi bo‘lib, asta-sekin muxolifat jurnalist mavqeiga ega bo‘ldi. Biroq barcha uning Sankt-Peterburgning sobiq meri, Vladimir Putinning siyosiy karerasini yo‘lga qo‘ygan Anatoliy Sobchakning qizi sifatida yaxshi taniydi. Uning onasi Lyudmila Narusova — mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan yaxshi munosabatlarda. Boshqacha aytganda, Kseniya Sobchak davlat yetakchilari bilan avvalgidek yaqin.

 

The Guardian (London, Buyuk Britaniya)

Kremlda Kseniya Sobchak nomzodi odatda zerikarli o‘tuvchi saylovlarga qonuniy tus berish usuli sifatida qabul qilinadi, zero Putinning saylovlardagi raqiblari odatda «boshqariluvchi muxolifat»ning keksa yoshli siyosatchilari - kommunist Gennadiy Zyuganov va millatchi Vladimir Jirinovskiy. Ularning ikkisi ham anchadan beri hech qanday real muxolifat emas, ular Putinning siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Prezident ma'muriyatiga yaqin manbalarning joriy yilda The Guardian'ga xabar berishicha, Navalniyga o‘z nomzodini qo‘yish uchun imkon berish borasida jiddiy muhokamalar bo‘lgan. Oxir-oqibat u yaratadigan salbiy shovqinlar hatto Putin g‘alaba qozongan taqdirda ham, uni noqulay nomzodga aylantiradi deya qaror qilingan.

 

The Daily Telegraph (London, Buyuk Britaniya)

Uning nomzodini qo‘yish motivlarining samimiyligiga darhol shubha bilan qaraldi. Rossiyada prezident lavozimiga nomzodlar an'anaviy «sparring-sheriklar» rolini o‘ynab, saylovlarga qonuniy tus berib turardi. Sobchak xonimning bayonoti 2012 yilgi saylovlarda janob Putinga ramziy muxolifat bo‘lgan Brooklyn Nets egasi Mixail Proxorov bilan bog‘liq vaziyatni yodga soldi, u o‘shanda saylovchilarning atigi 8 foiz ovoziga ega bo‘lgandi.

 

The Washington Post (Vashington, AQSh)

Sobchak nomzodiga doir ilk xabarlar paydo bo‘lganida Rossiyadagi ko‘p kuzatuvchilar tomonidan taassuflar eshitildi - aksariyat uning Kremlning navbatdagi muxolifat nomzodi ekanini taxmin qildi. Kseniya Sobchak nomzodining ilgari surilishi 2012 yildagi nomzod, oligarx Mixail Proxorovni yodga soldi.

Biroq bunday manevrlarning keragi yo‘qdek - oxir-oqibat Proxorov 8 foiz ovoz bilan saylovlarda mag‘lub bo‘lgan, Putin esa 63,6 foiz ovozga ega bo‘lgan. Aftidan, Sobchakka o‘xshagan nomzodlar Rossiya demokratiyasiga qonuniylik atmosferasini berish uchun kerak bo‘lgan.

 

The New York Times (Nyu-York, AQSh)

Liberal muxolifatning ba'zi yetakchilari uni Kremlning «qo‘g‘irchog‘i» ekani va zerikarli saylovoldi kampaniyasiga qonuniy tus berish uchun jalb qilinganidan noroziligini namoyish etishdi. 18 yildan buyon Rossiyani prezident va bosh vazir sifatida boshqarayotgan janob Putin hech qanday muxolifatsiz to‘rtinchi prezidentlik saylovlarida qatnashadi. Uning o‘zi bu haqida rasman e'lon qilishi qoldi va bu dekabr oyida bo‘lishi kutilmoqda.

Joriy yilda janob Navalniy va uning asosiy tarafdorlari o‘z kampaniyasini tashkil qilganlik uchun qamoqqa tashlanishdi, shu bois bu bayonotga rasmiy munosabat bildira olishmaydi. Biroq o‘tgan oyda Sobchak xonim prezidentlik poygasida o‘z nomzodini ilgari surishi haqidagi gap-so‘zlar oralagandayoq ikki tomon bir-birini tanqid qilib bo‘lgandi.

 

Deutsche Welle (Bonn, Germaniya)

Jurnalist va sobiq realiti-shou yulduzi Kseniya Sobchak Rossiyadagi navbatdagi saylovlarda prezident Vladimir Putin bilan bellashishga tayyor. Biroq u kim — muxolifat «yuzi»mi yoki Kreml tomonidan tasdiqlangan tanqidchimi?

Glamour jurnalining Rossiyadagi versiyasi muqovasida Kseniya Sobchak o‘quvchilarga jilmayib turibdi. Qo‘llari tepaga ko‘tarilgan va chaqiriqqa ishora qilmoqda. Oq futbolkada «Ayollar. Hukumat» so‘zlari yozilgan. Glamour'dagi maqola uning «prezidentlik ambitsiyalari» haqida so‘zlashga va'da bermoqda. 

Sobchak turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li bilan munosabatlari, o‘z karerasi va jinslar teng huquqliligi haqida so‘z yuritadi. Biroq to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentlik ambitsiyalari haqidagi savolga javob berishdan qochib, uni hamma narsa qiziqtirishini aytadi. So‘nggi yillarda u muxolifat yetakchilaridan biri sifatida tanilib borayotgan bo‘lsa-da, Rossiyada uning nomi har doim ham jiddiy siyosat bilan bog‘lanavermaydi.

 

Irish Independent (Dublin, Irlandiya)

Kseniya Sobchakning bayonoti ko‘p oylardan beri jurnalist, teleboshlovchining kelgusi yilning mart oyidagi prezidentlik saylovlarida qatnashish yo qatnashmasligiga oid spekulyatsiyalarga nuqta qo‘ydi. Liberal muxolifat Aleksey Navalniyning omma oldida bergan tavsiyalariga qaramay, Sobchakning prezident lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surishiga doir gap-so‘zlar Rossiyaning g‘aflatda yotgan siyosiy doiralarini uyg‘otib yubordi. Uning saylovlarda ishtirok etishi haqidagi yangilik janob Navalniyning umidlariga zarba sifatida qabul qilinmoqda, endi muxolifat qatorlarida bo‘linish ehtimoli ancha yuqori. 35 yoshli Sobchak xonim bu bayonoti bilan «ruslarning Peris Hiltoni»dan Chelsi Klintonga aylanishini namoyon qildi.

Mavzuga oid