Light | 12:00 / 25.10.2017
16552
2 daqiqa o‘qiladi

Eynshteynning baxt siri haqidagi yozuvlari auksiondan sotilmoqda

Foto: Global Look Press

95 yil oldin fizik olim Albert Eynshteynning hayot hamda baxt haqidagi fikrlarini umumlashtirgan ikkita yozuvi Isroildagi kim oshdi savdosida sotiladi. Bu haqda The Independent xabar bermoqda.

Nashrning yozishicha, 1922 yilda fotoelektr effekti va fizika oldidagi boshqa xizmatlari uchun Nobel mukofotini olganidan so‘ng, Eynshteyn Yaponiyaga ma'ruza o‘qish uchun jo‘nab ketgan. Imperial Hotel Tokyo mehmonxonasidagi xonasiga pochtachi kelganida, olimda choychaqa berish imkoni bo‘lmagan. Buning o‘rniga, fizik ikkita qisqa yozuv berib, kelajakda ular qimmat narxga ega bo‘lishini aytgan.

Ulardan biri mehmonxonaning rasmiy blankasiga yozilgan. Unda shunday deyiladi: «Sog‘lom va kamtar hayot doimiy tashvish bilan kechadigan muvaffaqiyatga erishishga intilishdan ko‘ra ko‘proq baxtni keltiradi». Eynshteyn toza qog‘ozga esa shunday deb yozgan edi: «Qayerda iroda bo‘lsa, imkoniyat ham topiladi». Har ikkala ibora tagida ham olimning imzosi va sana qo‘yilgan.

Yozuvlar al-Qudusdagi Vinner auksion uyi tomonidan savdolarga qo‘yildi. Birinchi yozuv narxi ikki ming, ikkinchisi esa – ming dollardan boshlandi. Yangilik yozilayotgan vaqtda yozuvlar narxi mos ravishda 34 va 15 ming dollargacha ko‘tarildi.

Mavzuga oid