Golden Boy sovrinining Mbappegacha bo‘lgan sohiblari va ularning taqdiri
Italiyaning Tuttosport nashri «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappeni Yevropaning 2017 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi deb e'lon qildi. Rosssiyaning «Chempionat» nashri bu sovrinning avvalgi sohiblari va ularning taqdiri haqida maqola tayyorladi.
2016 yil - Renatu Sanshesh
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
18 yoshida «Benfika»ning asosiy tarkibiga kirib, maydon markazida jonbozlik ko‘rsatib, porladi. Ajoyib jismoniy holatiga ko‘ra, hatto Halk kabi yulduzlarni maydonda osonlikcha to‘psiz qoldirardi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Portugaliya terma jamoasidan chaqiriq uzoq kuttirmadi. Yevro-2016 musobaqasida asosiy tarkibda tez-tez maydonga tushirildi. Juda ham porlamagan bo‘lsa-da, sharmanda ham bo‘lmadi. Qit'a chempioni bo‘ldi. Chempionatdan so‘ng «Bavariya»ga o‘tdi.
Hozirgi ahvoli
Karlo Anchelotti «Bavariya»ga kelgach, Sansheshni asosiy tarkibdan chiqardi. Yigitcha tajriba orttirish uchun APLga, «Suonsi»ga ketdi. Renatu u yerda doimiy o‘yin amaliyotiga ega bo‘layapti, biroq jamoasi muvaffaqiyatsiz o‘ynamoqda. 9 turdan so‘ng «Oqqushlar» 15-o‘rinni egallab turibdi.
2015 yil - Antoni Marsial
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
«Monako» tarkibida bir mavsumda urilgan 12ta goli va yosh bo‘lishiga qaramay, ajoyib o‘yini bilan katta klublar e'tiboriga tushdi. Ammo hech kim bu yigitcha uchun 60 mln yevro berilishini kutmagan edi. Marsial «MYu» tarkibidagi dastlabki o‘yinida chiroyli gol urgach, hamma «Old Trafford»da Terri Anrining merosxo‘ri paydo bo‘lgani haqida gapira boshladi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Angliyada o‘tkazgan ikki mavsumi davomida Marsial «MYu» yetakchisiga aylanmadi. Bundan tashqari, «yangi Anri» laqabini Mbappega boy berdi.
Antoni asosiy tarkibda kamdan-kam ko‘rinish bermoqda, ba'zan to‘pni nazorat qilish texnikasi bilan o‘ziga rom qilib qo‘ymoqda. Ammo unga barqarorlik yetishmayapti.
Hozirgi ahvoli
Asosiy tarkib uchun kurashyapti, Joze Mourino e'tiborini qozonish uchun harakat qilmoqda. APL 8 o‘yinida «gol+pas» tizimida 5 ochko yomon emas. Biroq, undan ortig‘i ham emas.
2014 yil - Rahim Sterling
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
«Liverpul» klubining so‘nggi 10 yildagi eng yorqin mavsumida Luis Suares, Koutino va Starrij bilan ajoyib bog‘lamni tashkil qila oldi. 19 yoshli Rahim jamoaning eng muhim futbolchisi edi. «Manchester Siti»ga qarshi o‘yindagi qahramonligidan so‘ng, sovrin undan qochib ketolmasdi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Mavsum oxirida «Liverpul» bilan yangi shartnoma bo‘yicha kelisholmadi va «Manchester Siti»ga o‘tib, u bilan Liga kubogida g‘alaba qozondi. Biroq, hujum yetakchisi bo‘lolmadi.
Hozirgi ahvoli
Gvardiola kelgach, Sterling yangi ilhom to‘lqiniga ega bo‘ldi va David Silva, De Bryoyne, Aguero, Jyezus va boshqalar bilan hamnafas bo‘lib o‘ynamoqda.
2013 yil - Pol Pogba
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
2012 yilda Pogba «Manchester Yunayted»dan «Yuventus»ga arzimagan pul evaziga o‘tgan edi.
Yangi jamoaga kelgan zahotiyoq, Andrea Pirlo va Arturo Vidal bilan maydon markazi egasiga aylandi. Bir mavsum davomida futbolchining narxi 3,5 mlndan 25 mln yevroga ko‘tarildi. Juda katta o‘sish Polni reklama posterlari qahramoniga aylantirdi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
«Yuve» bilan 4 yilda 9ta sovrinni qo‘lga kiritdi. «MYu» klubiga dunyoning eng qimmat futbolchisi maqomida qaytdi. Fransiya bilan Yevro-2016 finalchisi bo‘ldi. Dunyoning eng kuchli yarimhimoyachilaridan biri bo‘lib yetishdi.
Hozirgi ahvoli
Ayni paytda Pol jarohatini davolash bilan mashg‘ul, ammo jismoniy holatini tiklab olgach, «MYu»ning asosiy tarkibiga qaytishiga shubha yo‘q.
U APLning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga da'vogar emas, umuman olganda «qizil iblislar» tarkibida unga barqarorlik yetishmayapti. Biroq, Pol 24 yoshga kirdi, uning uchun hali hammasi oldinda.
2012 yil - Isko
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Isko haqida «Zenit»ga qarshi o‘yindan so‘ng ma'lum bo‘ldi. «Malaga» yarimhimoyachisining bu sovrinni qo‘lga kiritishda umuman raqobatchisi yo‘q edi. U maydonda hamma narsaga qodir edi, texnikasi esa kishini hayratga solardi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Mavsum oxirida u «Real»ga o‘tdi. Beyl va Xames bilan asosiy tarkib uchun uzoq vaqt kurash olib bordi. Yakunda asosiy tarkibda o‘z o‘rnini topdi va Chempionlar ligasining uch karra sohibiga aylandi.
Hozirgi ahvoli
Hozir Isko «Real»ning yorqin futbolchilaridan biridir. U asta-sekin yetakchiga aylanib bormoqda. U maydonga tushib, afsungarlik qilmoqda.
2011 yil - Mario Gyottse
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Yoaxim Lyov Gyottsening terma jamoaga ilk marta chaqirilishini shunday izohlagan: «Bundestim tarkibida o‘ynash uchun 15 o‘yin ham yetarli, ammo faqat Gyottse kabi o‘yin namoyish qilinsa».
Mario futbolga katta tezlik bilan kirib keldi va Klopp jamoasi tarkibida asosiy o‘yinchiga aylanib, «Borussiya» safida chempion bo‘ldi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Jahon chempionati finalida, zaxiradan maydonga tushirilishidan oldin, Lyov Gyottsega qarata: «Messidan ham yaxshiroq ekaningni namoyish qil» - dedi. U g‘alaba keltiruvchi golni urib, o‘zini ko‘rsatdi. Bu Marioning faoliyatidagi eng yorqin lahza bo‘ldi. So‘ngra, «Bavariya»da haqiqiy yulduzga aylanolmadi va Dortmundga qaytdi.
Hozirgi ahvoli
Gyottse ovqat hazm qilish tizimidagi muammolar tufayli, faoliyatini yakunlashi mumkin edi. Hozir u katta tanaffusdan so‘ng, jismoniy holatini tiklab olishga urinmoqda. Biroq, endi «Borussiya»da boshqa qahramonlar bor. 25 yoshli Marioning eng yaxshi damlari ortda qolgan ko‘rinadi.
2010 yil - Mario Balotelli
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Gyottsening Yevropadagi yuksalishidan bir yil oldin, boshqa Mario porlagandi. Yosh va qiziqqion Balotelli Mourino bilan janjallashdi, penaltini tepish uchun Eto’Odan to‘pni tortib oldi, mashinalarni pachoqlay boshladi. Ammo ko‘plab gollar urardi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
«Balo» hammani Messidan keyingi ikkinchi eng zo‘r futbolchi ekaniga ishontirmoqchi bo‘lardi. 2010 yilda «Manchester Siti» uning transferi uchun katta pul to‘lagan so‘nggi klub bo‘ldi. Shundan so‘ng, u boshqalarga faqat erkin agent sifatida kerak edi.
Hozirgi ahvoli
Balotelli Nitstsaning iliq qirg‘oqlarida o‘zligini topdi. U yerda asosiy yulduzga aylanib, tez-tez gol ura boshladi. Mario hozir ham zo‘r. Ammo, faqat Liga 1 o‘rtamiyonasi miqyosida.
2009 yil - Aleshandre Pato
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Bolakay chehrasiga ega futbolchi xuddi tajribali professional singari A Seriyaning eng yaxshi himoyachilarini dog‘da qoldirardi. Uning ajoyib o‘yini aqllarni rom qildi. «Milan» yana 10 yillar davomida yaltiraydigan braziliyalik javohirni qo‘lga kiritganiga ishonchi komil edi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
«Rossoneri» yanglishgani keyin ma'lum bo‘ldi. Jarohatlar ketma-ketligi va tungi klublardagi hayot Patoning faoliyatini sindirdi. «Korintians»dagi ijara, murabbiylar bilan uzoq suhbatlar unga yordam bermadi. Yuqori saviyada to‘p surish uchun so‘nggi imkoniyatlardan mahrum bo‘lgach, 27 yoshli Aleshandre Xitoyga yo‘l oldi.
Hozirgi ahvoli
Pato endi «Tyantszin Tsyuantszyan» klubida o‘zini namoyon qilmoqda. Aksel Vitsel yordamida 24 o‘yinda 15ta gol urdi. Biroq, uning jamoasi Osiyo Chempionlar ligasidan chetda qoldi. U ayni kuchga to‘lgan paytida Yevropada hech kimga kerak bo‘lmay qoldi.
2008 yil - Anderson
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
O‘z iqtidorini shamolga sovurgan braziliyaliklardan yana biri. Anderson 17 yoshida Braziliya futbolida porladi. «Portu» safida zo‘r mavsumni o‘tkazib, «MYu» tarkibida to‘p surish huquqini haqli ravishda qo‘lga kiritdi. Chempionlar ligasidagi g‘alaba Andersonni Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisiga aylantirdi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Anderson borgan sari futbolga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotdi va o‘rtamiyona o‘yinchiga aylanib qoldi. «Yunayted» uni 7 yil davomida asradi, so‘ngra javobini berib yubordi.
Hozirgi ahvoli
29 yoshli Anderson Braziliya chempionati autsayderi «Koritiba» zaxirasida o‘tiribdi. Uning terma jamoadagi o‘rnini tengdoshi Paulino egallagan. 2008 yilda u Polshaning «Lodz» klubi zaxirasida o‘tirgan edi.
2007 yil - Serxio Aguero
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Aguero 15 yoshida «Independente» asosiy tarkibida o‘ynab ketdi. 17 yoshida «Atletiko»ga o‘tdi. 19 yoshida Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Mavsum davomida urilgan 27ta gol Leo Messi ko‘rsatkichidan ham o‘zib ketish imkoniyatini berdi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Serxio jarohatlar girdobiga tushib qolmasa, nechta gol urishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin. U «Manchester Siti»ning tirik afsonasiga aylandi va o‘z nomini APL tarixiga yozdirdi. «KPR» darvozasiga qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan va «shaharliklar»ni chempion qilgan golni hali ko‘p vaqt eslab yurishsa kerak.
Hozirgi ahvoli
Aguero assoiy tarkib uchun yosh iqtidor Gabriel Jyezus bilan kurash olib bormoqda. Ba'zan, ikkalasi ham juftlik hosil qilishmoqda. Aguero hozir ham ko‘plab gollarni uryapti va dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biridir.
2006 yil - Sesk Fabregas
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Patrik Viyeyra «Arsenal»ni tark etgach, Arsen Venger yosh, ammo aqlli va yuqori texnikali ispaniyalikka ishonch bildirdi. Bu ishi to‘g‘ri edi. Fabregas dastlabki mavsumidayoq muxlislar mehrini qozonib, haqli ravishda Yevropaning eng yaxshi yosh futbolchisiga aylandi. «Barselona» o‘sha paytdayoq uni ko‘z ostiga olib qo‘ydi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
«Arsenal» klubi tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘ldi. «Barselona»ga qaytdi, biroq vatanida o‘ynab ketolmadi. Orada Yevropa va jahon chempionatida g‘alaba qozondi. Sovrinlar nuqtai nazaridan olib qaralsa, ajoyib kareraga erishdi. Ammo Sesk o‘zini yorqinroq namoyish etolmadi.
Hozirgi ahvoli
Fabregasning ishlari joyida, «Chelsi»ning asosiy tarkibida to‘p surmoqda, ba'zan daholik qiladi, biroq undan ortig‘i emas.
2005 yil - Lionel Messi
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Messiga o‘sha paytda o‘z davrining eng zo‘r iqtidori deb qaralmagan edi. Chunki «Barselona» asosiy tarkibiga endi kiritilgandi. Golden Boy sovriniga asosiy nomzod sifatida Ueyn Runi va Lukas Podolski ko‘rilgandi. Biroq, sovrinni argentinalikka topshirish haqidagi qaror juda to‘g‘ri bo‘ldi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Jahon chempionatidagi g‘alabadan boshqa, deyarli barcha sovrinlarni qo‘lga kiritdi.
Hozirgi ahvoli
Daho o‘z o‘yini bilan barchani xushnud etmoqda. Valverdening kelishi va Neymarning ketishi bilan Messi yana «Barselona»ning asosiy yetakchisiga aylandi.
2004 yil - Ueyn Runi
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
Runi o‘z davrida «Tilla bola» laqabiga munosib o‘yin namoyish etgan kamdan-kam iqtidorlardan biridir. «Everton» tarkibida «Arsenal»ga gol urgach, sharhlovchi uning ismini eslab qolinglar dedi. U haq bo‘lib chiqdi. 2 yildan so‘ng Runi 40 mln yevroga «MYu» klubiga o‘tdi va terma jamoasining asosiy umidi sifatida Yevro-2004 ga yo‘l oldi.
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Runi «Manchester Yunayted» tarixidagi eng yaxshi hujumchiga aylandi va Angliya futboli shuhrat muzeyiga kiritildi. Besh marta APL g‘olibi bo‘ldi va Chempionlar ligasida g‘alaba qozondi. Shu yil «Everton»ga qaytdi.
Hozirgi ahvoli
So‘nggi yillardan farq qilgan holda, Runi yana hujum chizig‘ida to‘p surmoqda va gol urmoqda. Biroq bu «Everton»ga yordam bermayapti, jamoa APLni tark etish hududida o‘ralashib yuribdi.
2003 yil - Rafael van der Vart
Sovrinni qo‘lga kiritish sababi
20 yoshli Rafa van der Vart «Ayaks»ning yetakchisi va Niderlandiya futboli yangi avlodining yorqin namoyondalaridan biri edi. U Robben, Sneyder va van Persidan aslo qolishmasdi. Mavsum davomida 30 o‘yinda 22ta gol urdi. Hujumkor yarimhimoyachiga e'tibor qratishlari uchun yana nima kerak?
Qo‘lga kiritgan yutuqlari
Biroq, van der Vart karerasi to‘g‘ri chiziq bo‘ylab yo‘nalmadi. «Hamburg» klubida ajoyib mavsumlarni o‘tkazgach, «Real»ga yo‘l oldi. Ammo «galaktikos» miqyosidagi yulduzga aylana olmadi.
Hozirgi ahvoli
Katta klublarda o‘zini topolmagach, Daniyaning kamtarona «Midtyulann» klubi bilan shartnoma imzoaldi. Hozir ham ushbu klub libosida maydon changitib yuribdi.