Jahon | 00:44 / 27.10.2017
10616
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya vertolyoti 8 kishi bilan Shpitsbergen arxipelagida yo‘qolib qoldi

Foto: RIA Novosti / Nina Zotina

Rossiyaning bortida 8 kishi bo‘lgan Mi-8 vertolyoti Barentsburgdan (Shpitsbergen arxipelagi) bir necha kilometr uzoqlikda falokatga uchragan yoki dengizga avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgan. Voqea yuz bergan hududda norvegiyalik qutqaruvchilar ish olib bormoqda. Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi Il-76 samolyotini yuborishga tayyorlamoqda.

Vertolyotda 8 kishi: ekipajning 5 a'zosi va 3 yo‘lovchi bo‘lgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, vertolyotda Arktika va Antarktika ilmiy tadqiqot institutining xodimlari bo‘lgan.

FVV ma'lumotlariga ko‘ra, Mi-8 Piramida — Barentsburg yo‘nalishi bo‘yicha harakatlangan. U Barentsburgdan 10 km uzoqlikda Grenlandiya dengizi ustida radarlardan yo‘qolib qolgan.

Rossiya energetika vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, vertolyot ekipaji bilan oxirgi marta Barentsburg posyolkasigacha 20 km qolganda aloqaga chiqilgan.

Rossiyaning Barentsburgdagi bosh konsuli Vyacheslav Nikolayevning ma'lum qilishicha, voqea joyida Norvegiya sohilbo‘yi qo‘riqlash xizmatining 5 ta kemasi va 2 ta vertolyoti ish olib bormoqda. Uning aytishicha, vertolyot qayerga qulagani yoki avariyaviy qo‘nishni amalga oshirganini hech kim bilmaydi. Norvegiya qutqaruv xizmatining ma'lum qilishicha, vertolyot falokat signali bermagan.

Rossiyaning "Tsentrospas" otryadi va "Lider" markazi qutqaruvchilari, suv osti qurilmalari va dronlar bo‘lgan Il-76 samolyoti qidiruv-qutqaruv ishlarini o‘tkazish uchun Shpitsbergenga jo‘natishga tayyorlanmoqda. 

FVV ma'lumotlariga ko‘ra, qidiruv ishlarini murakkab ob-havo sharoitlari qiyinlashtirishi mumkin.

Vertolyotga egalik qilgan "Konvers Avia" kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Dmitriy Jyelyazkovning aytishicha, vertolyot ekipaji sardori eng tajribali xodimlardan biri bo‘lgan.

Uning aytishicha, kompaniya xodimlari qutqaruv ishlariga qo‘shilishgan.

Mavzuga oid