«Shoh inqilobdan 100 yil o‘tib tug‘ildi»: The Economist muqovasida Putinning noodatiy surati paydo bo‘ldi
The Economist jurnali yangi soni muqovasiga Vladimir Putinning shoh obrazidagi kollajni joylashtirdi. Muqovadagi yozuvda esa shunday deyiladi: «Shoh inqilobdan 100 yil o‘tib tug‘ildi».
«Moskvadagi ham liberal islohotchilar, ham an'anaviy konvervativ qarashlarga ega shaxslar Putinni XXI asrdagi shoh sifatida tilga olishmoqda», - deyiladi Britaniya jurnali tahririyati maqolasida. «Jahon Oktyabr inqilobining 100 yilligini nishonlayotgan bir paytda, Rossiya yana shoh qo‘li ostida qoldi», - deyiladi nashrning Twitter’dagi sahifasida.
Tahririyat maqolasi mualliflarining ta'kidlashicha, Putin bu unvonni mamlakatni, ko‘plab ruslarning fikricha «1990-yillardagi alg‘ov-dalg‘ovlikdan» qutqarib, shuningdek, «butun dunyoni Rossiya bilan hisob-kitob qilishga majburlash» orqali «ishlab olgan». Shu bilan birga, uning «boshqaruviga» eng katta tahdid Putin xavfsirayotgan «rangli inqiloblar» emas, balki «bolsheviklarning qayta tirilishi» bo‘ladi, deyiladi maqolada.
Putin «shoh sifatida» rus hukmdorlarini «Pyotr vaqtlaridan beri» ta'qib qilib kelgan masalani - Nikolay II inqilob arafasida o‘ylagan masalani hal qilishi lozim bo‘ladi, deb yozadi The Economist.
«Rossiya fuqarolik huquqlari hamda vakillar orqali boshqaruvga g‘arb yo‘lidan borib modernizatsiya qilinishi kerakmi, yoki ularni joriy etishga qarshi chiqib, barqarorlikni saqlab qolishga urinishi lozimmi? Putinning javobi «iqtisodiyotni liberal-texnokratlarga», siyosatni – KGBning sobiq xodimlariga ishonib topshirishdan iborat bo‘lgan», - deyiladi maqolada.
Bundan tashqari, nashrning fikricha, «Putin o‘z hokimiyatini repressiyalar va harbiy mojarolar bilan mustahkamlamoqda».
Shuningdek, The Economist tahririyat maqolasi mualliflarining tashvishicha, Putin Rossiyada «haqiqiy demokratiya» mexanizmisiz hokimiyatni boshqa kimgadir qonunan topshirishi mushkul bo‘ladi. «Putindan so‘ng» hokimiyat uchun kurashga olib keladigan ziddiyat Rossiyani «qismlarga» yemirib yuboradi.
«Yadro quroliga egalik qiluvchi davlatda bu xavotirga sabab bo‘lishi aniq», - deya ta'kidlanadi The Economist tahririyati maqolasida.
Mavzuga oid
22:30
Putin Rossiyada YouTube faoliyati sekinlashgani bilan «shug‘ullanishga» va’da berdi
20:43 / 13.11.2024
«Mosfilm» kinostudiyasi o‘z omboridagi tanklarni Rossiya armiyasiga topshirdi
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024