Oliy Liga jamoalari soni 12taga tushirildi
O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining qaroriga ko‘ra, futbol bo‘yicha 2018 yilgi Oliy liga musobaqalarida 12ta jamoa ishtirok etadi. Chempionat o‘yinlari esa 3 davra tizimida o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmatiga asoslangan holda «Tribuna» xabar berdi.
Yangi formatga ko‘ra, 12ta jamoa 3 davrada aylanma tizimda o‘ynaydi. Bunda har bir jamoa mavsum davomida 33ta o‘yin o‘tkazadi. Dastlabki ikki davraga mavsum boshida qur'a tashlanadi va jamoalar «uyda-safarda» tizimida bahs olib boradi. Musobaqaning uchinchi davrasiga esa reglament asosida qur'a tashlash yo‘li bilan mezbon-mehmon aniqlanadi. Natijada klublar o‘rtasida chempionlik va ligada qolish uchun raqobat kuchayib, musobaqa saviyasi oshadi.
2018 yilgi 12ta jamoadan iborat 3 davrali tizim ishtirokchilarini aniqlashda 2017 yilgi futbol mavsumi hamda 2018 yilgi mavsumga futbol klublarini litsenziyalash yakunlari asos bo‘lib xizmat qiladigan bo‘ldi. Natijada, 2018 yilgi musobaqada 2017 yilda 1–11 o‘rinlarni egallagan 11 jamoaga Birinchi liga musobaqalarida g‘olibi bo‘lgan futbol klubi qo‘shiladigan bo‘ldi.
Ushbu qarorni qabul qilish asnosida O‘FF va PFL rahbariyati murabbiylar, klublar rahbarlari, ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillarining har bir taklifini chuqur o‘rganib chiqdi.
«Men bugungi qabul qilingan qarordan qoniqish hosil qildim», – dedi O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov. «Chunki, u bir tomonlama qabul qilinmadi. Biz hamma kiritilgan taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqdik. Keyin esa yangi formatning bizning sharoitga qanday to‘g‘ri kelishini o‘rgandik. Yakunda esa 12ta klub qatnashadigan musobaqa variantida to‘xtadik. Men ushbu qarorning qabul qilinishida ishtirok etgan har bir ekspert va ommaviy axborot vositalari vakillariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman».
Umid Ahmadjonov chaqirgan O‘FF Ijroqo‘mining Byurosi, shuningdek, Birinchi ligada o‘ynaydigan jamoalar sonini 16taga kamaytirish to‘g‘risida ham qaror qabul qildi. Birinchi liga asosan yoshlar o‘ynaydigan musobaqa bo‘lib, Oliy liga klublari hamda terma jamoalar uchun nomzod tayyorlaydigan o‘ziga xos fabrika bo‘lib xizmat qilishi kerakligi alohida urg‘ulandi. Bundan tashqari, futbolni butun Respublika bo‘ylab bir tekisda rivojlanishiga erishish maqsadida Birinchi ligada har bir viloyatdan bitta jamoaning ishtirok etishi asosiy talablardan biri etib qo‘yiladi. Shu orqali O‘FF va PFL musobaqalarida ishtirok etadigan futbolchilarning yosharib borishiga erishiladi va yakunda murabbiylarni aynan yoshlarga ko‘proq imkoniyat berishga undaydi.
«Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va uni o‘tkazish tizimi islohga muhtoj ekanligi, milliy chempionatida raqobatbardosh jamoalar sonini ko‘paytirish orqali sog‘lom raqobatni kuchaytirish va bir so‘z bilan aytganda oliy liga o‘yinlarini tomoshabop musobaqa darajasiga olib chiqish uchun islohotlarni amalga oshirish juda muhim edi» – deydi Umid Ahmadjonov O‘FF matbuot xizmatiga.
«Bu borada biz eng avvalo ichki imkoniyatlar va sharoitlarni o‘rganib chiqib, keyin xalqaro tajribaga tayandik. Ekspertlar bilan maslahatlashgan holda 12ta jamoadan iborat liga tanlovida to‘xtadik. Xuddi shu maqsad bilan birinchi liga jamoalari sonini ham 16taga qisqartirdik. Umid qilamanki, bu islohotlar o‘zining ijobiy samarasini beradi», – deydi O‘FF Prezidenti.
Ushbu haftada Oliy va Birinchi liga futbol klublariga 2018 yilgi musobaqalarda ishtirok etish uchun OFK va O‘FF hujjatlari asosida belgilangan talablar aks ettirilgan yangi me'yoriy hujjat yuboriladi. Hujjatdagi talablarga javob bermagan yoki buni bajarishda muddatidan kechikkan futbol klublari musobaqalarga qo‘yilmasligi ma'lumot sifatida taqdim etildi.
O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi direktori Omon G‘ofurov O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Ijroiya Qo‘mitasi Byurosining Chempionat va Birinchi liga formatini o‘zgartirish haqidagi qarori bo‘yicha Oliy va Birinchi liga futbol klublari, shuningdek, hududiy federatsiyalarga xabar berib, zarur chora-tadbirlarni ko‘rish kerakligi haqida ogohlantirdi.
Ma'lumot uchun, ayni vaqtda Oliy liganing joriy mavsumi yakuniga 4 tur qolganida 12-16 o‘rinlarni «Dinamo» (29), «So‘g‘diyona» (28), «Sho‘rtan» (26), «Neftchi» (23) va «Obod» (9) jamoalari egallab turibdi. «Obod» chempionatdan chetlatib bo‘lingan.
Mavzuga oid
21:59 / 09.11.2020
Umid Ahmadjonov BAA futbol assotsiatsiyasiga tashrif buyurdi
20:22 / 13.06.2019
«Qilganlarimiz va qila olmaganlarimiz uchun muxlislar bizdan rozi bo‘lishsin». O‘FAdan ketgan Umid Ahmadjonov bilan intervyu
15:20 / 13.06.2019
Tribuna.uz: Umid Ahmadjonovning o‘rnini Ravshan Ermatov egallashi kutilmoqda
13:58 / 13.06.2019