O‘zbekiston | 15:51 / 04.11.2017
88787
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qirolligi vaziri O‘zbekistonga nega keldi?

Foto: Kun.uz

4 noyabr kuni Toshkent shahrida MDH elektr energetika Kengashining 51-yig‘ilishi boshlangani haqida xabar berilgandi. Unda ishtirok etayotgan Saudiya Arabistoni qirolligining energetika, sanoat va mineral resurslar vaziri Holid al-Falih hamda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov, Rossiya va Qozog‘iston hukumati vakillari bilan birgalikda tor doirada suhbat tashkil etildi.

Yopiq tarzda o‘tkazilgan uchrashuvda to‘rt tomon neft siyosati va energetika sohasida intergratsiya masalalarini muhokama etgani taxmin qilinmoqda.

Alisher Sultonov va Holid al-Falih / Foto: Kun.uz

"Bu mening O‘zbekistonga ilk tashrifim bo‘ldi. Mazkur tashrif davomida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Alisher Sultonov bilan ikki mamlakat, ya'ni Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik shartlarini muhokama qilishga imkon tug‘ildi. Tarixan Saudiya Arabistonining Kaspiybo‘yi davlatlariga qiziqishi yuqori bo‘lgan, shuningdek O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama aloqalarimiz rivojlangan. Shuningdek, MDH elektr energetika Kengashining 51-yig‘ilishida biroz ishtirok etishga muvaffaq bo‘ldim. Butun dunyoda energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj oshib borarkan, Osiyoda aniqlangan manbalar birlamchi zaruriyatga aylanishi sir emas. Mintaqa nafaqat neft va gaz sohasida, balki o‘zaro integratsiyallashuvni rivojlantirish orqali energetika sohasida ham peshqadam bo‘la oladi.

Biz tor doirada O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Saudiya Arabistoni maslahatlashuvini o‘tkazdik. Unda neft bozorida yuz berayotgan global o‘zgarishlarga baho bergan holda, kelgusi strategiya yo‘llari muhokama etildi. O‘tgan yili noyabr oyida imzolangan shartnoma bandlarida ko‘rsatilgan talablarni bajarish yuzasidan monitoring amalga oshirildi. Saudiya Arabistoni va Rossiya Federatsiyasi energetika vazirlari o‘zlarining texnik xulosalarini keltirib o‘tdilar.

Saudiya Arabistoni qirolligining energetika, sanoat va mineral resurslar vaziri Holid al-Falih / Foto: Kun.uz

Biz oldimizga qo‘ygan marralarni hali oshib o‘tmadik, qilinishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Bunday fikrni Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Nursulton Nazarboyev ham, Tailandda o‘tgan Osiyo energetika vazirlari majlisida ishtirok etgan Malayziya bosh vaziri ham, Ekvador vaziri ham bildirdi. Men Nigeriya, Liviya va boshqa Afro-Osiyo mamlakat vakillari bilan muzokaralarni davom ettirmoqdaman”, - dedi saudiyalik vazir suhbatdan so‘ng.

Ayni paytda tor doiradagi uchrashuvda qanday masalalar ko‘rib chiqilgani, yangi kelishuvlar haqida ochiq ma'lumot tarqatilmadi. Shunga qaramay, jahon bozorida neft siyosati tez orada yangi davrga qadam qo‘yishini kutish mumkin.

Mavzuga oid