O‘zbekiston | 21:50 / 08.11.2017
83478
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda internet ishlamay qolganiga kim aybdor?

7 noyabr kuni O‘zbekistonda bir muddat internet uzilishi yuz berdi. «O‘zbektelekom»​ AK ushbu hodisa yuzasidan batafsil bayonot bermadi. Ammo foydalanuvchilarni bir hodisa cho‘chitib qo‘ydi, ya'ni telekomunikatsion monopolist -  «O‘zbektelekom»​ har qanday damda ulkan ziyonga sababchi bo‘lishi mumkin.

Kompaniya mobil aloqa operatorlari hamda provayderlariga kanallarni ijaraga berish, ovozli aloqa va ma'lumotlar uzatish barcha xizmat turlarini taqdim etishdan tashqari, internetga ulanish xizmatini ham taqdim etadi. Bunday xizmat O‘zbekiston bo‘ylab faqat «O‘zbektelekom»​ AK tomonidan taqdim etiladi. 

Internet tarmog‘i va «O‘zbektelekom»​ AK ma'lumotlar uzatish tarmog‘iga ulanish kompaniyaning filiallari tomonidan xDSL va ​RadioEthernet​ texnologiyalari hamda kommutatsiyali ulanishdan foydalanib, ajratilgan liniyalar bo‘yicha amalga oshiriladi. Mahalliy bozorda kompaniyaning xizmatlari uchta —  UZTELESOM™, UZMOBILE™ va​ UZONLINE™​ subbrendlari (savdo belgilar) ostida ko‘rsatiladi.

Yuqorida zikr etilgan omillar aynan 7 noyabr kuni internet uzilishi, jumladan, internet tezligining bir necha yillardan buyon past ekanligini qisman tushuntirib bera oladi. Masalaning mohiyati shundaki, yuqori va sifatli internet tezligi optik tolali tarmoqning yaratilishiga bog‘liq. Bugungi kunda OTTda 1 km masofada liniya o‘tkazish 20 ming AQSh dollardan qimmat turadi. O‘zbekistonga yetkazib berilayotgan internet aloqasi rus kompaniyalari tomonidan taqdim etilgan «Kazaxtelekom» AJ stiklaridan o‘tadi. Shuningdek, ushbu nuqtadan Qirg‘iziston ham foydalanadi. Shuning uchun ushbu vazifani bajarish yirik mablag‘ni talab qilishi tabiiy, ammo xorijiy sarmoyani jalb etish yo‘li bilan hatto sun'iy yo‘ldoshga ega bo‘lgan davlatlar mavjud. Biz nari borsa, o‘zimizning tarmoq yo‘limizga ega bo‘lsak, kifoya!

1995 yil O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarorida «​Aloqa vazirligi va «O‘zeltexsanoat» uyushmasining «Simens» aksionerlik jamiyati, DAYeWOO​ kompaniyasi va boshqalar ishtirokida yuqori texnologik aloqa asbob-uskunalari va tolali-optik kabel ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik»​ berilishi belgilangandi. Shuningdek, o‘sha qarorda «davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish, sotib olish va ijaraga berish mumkin bo‘lmagan aloqa korxonalari turlari hamda guruhlari bo‘yicha cheklashlarni bekor qilishga oid takliflar» kiritilishi so‘ralgan.

Qariyb yigirma yildan ortiq davr o‘tibdiki, mas'ul vazirlik AKT sohasida foydalanuvchilarga yaxshi sharoitni yaratib bera olmaydi, yo‘qsa, xizmat haqi jahon mamlakatlari bilan solishtirganda unchalik arzon emas. Yana bir bor 7 noyabrdagi voqeani eslab, xulosa qilinsa, telekommunikatsion monopoliya mutasaddi organlarning kutilmagan avariya holatlariga tayyor emasligini isbotlab berdi. Qolaversa, sifat va narx siyosatini ham o‘ylab, yangi islohotga qo‘l urish kerakmikan?!

Mavzuga oid