Jahon | 20:30 / 12.11.2017
6250
3 daqiqa o‘qiladi

Londonning amaldagi meri sobiq merni lavozimidan ketishga chaqirdi

Foto: Aleks Maknoton / RIA Novosti

Britaniyaning Leyboristlar partiyasi yetakchisi Jyeremi Korbin va London meri Sodiq Xon Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Boris Jonsonni lavozimidan ketishga chaqirishdi.

“Biz Jonson mamlakatni sharmanda qilayotganiga va o‘zining nokompetentligi va mustamlachilik davriga xos qarashlari hisobiga mamlakat mavqeiga putur yetkazayotgani hamda uzoq vaqtdan beri fuqarolarimizni xavf ostiga qo‘yayotganiga chidashdan to‘ydik”, deb Korbinning aytgan so‘zlarini keltirib o‘tdi The Observer nashri.

Nashrning ta'kidlashicha, Korbin tomondan bunday ayblovlarning qo‘yilishiga kelib chiqishi eronlik bo‘lgan britaniyalik Nozanin Zagari-Retkliffning voqeasi sabab bo‘ldi. Ayol Eronning amaldagi rahbariyatini ag‘darish maqsadida siyosiy fitnada ishtirok etishda ayblanib, Tehron tomondan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jonson 1 noyabrda tashqi ishlar bo‘yicha parlament qo‘mitasi oldidagi nutqida Nozanin Eronda bo‘lganda odamlarni jurnalistikaga o‘qitganini aytgan. Jonsonning bu so‘zlaridan keyin qamoq jazosini o‘tayotgan ayol Eron sudiga chaqirilib, unga hukumatga qarshi tashviqotni tarqatish aybi qo‘yilgan.

Bu orada ayolning eri Richard Retkliff va uning ish beruvchisi Fond Tomson-Reyter Jonsonning bu gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va Nozanin Eronda xususiy safar bilan bo‘lgani va qizini bobosi va buvisi bilan tanishtirmoqchi bo‘lganini aytishgan. Natijada Britaniya jamoatchiligi Jonsonning aytgan so‘zlari Nozaninning qamoq jazosini uzaytirishga sabab bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildira boshlagan.

O‘z navbatida London meri Sodiq Xon Jonson o‘z lavozimini tark etishi kerakligini va u o‘z lavozimida turli vaqtlarda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yganini, bu xatolar liviyaliklar, amerikaliklar, ispanlar va boshqa davlatlar vakillarini ranjitganini aytgan.

“Fikrimcha, u ketishi kerak. U tashqi ishlar vaziri, uning ishi mamlakatimiz manfaatlariga javob beruvchi diplomatiyani yurgazish hisoblanadi. Agar Tereza Mey kuchli bosh vazir bo‘lganda, unda Jonsonni allaqachon bo‘shatib yuborgan bo‘lardi”, deb aytgan Xon.

Jonson tashqi ishlar vaziri bo‘lishdan avval London meri lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid