O‘zbekiston | 17:00 / 17.11.2017
110200
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston neft ishlab chiqaruvchi davlat bo‘laturib, benzin narxi nega oshdi?

Oradan 13 oy o‘tib O‘zbekistondagi barcha AYoQShlarda benzin narxi yana qimmatlashdi. 15 noyabr kunigacha AI-80 turidagi benzinning 1 litr bahosi 2800 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, ayni paytda shu narx yana 1000 so‘mga oshgan. Mos ravishda boshqa benzin turlari ham o‘z narxidan 35 foizgacha qimmatlashdi.

Holbuki, 14 noyabr kuni «O‘zneftmahsulot» vakili bunday o‘zgarish kutilayotganidan bexabarligi, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror qabul qilgani haqida qaror yetib kelmagani haqida aytgandi.

Shunga qaramay, bu o‘zgarish yuz berdi. Navbatdagi savol benzin narxi nega qimmatlashganiga oid bo‘lishi tabiiy.

2016 yilning 16 oktabr kuni «O‘zneftmahsulot» axborot xizmati aholi orasida «bolalagan» mish-mishlar asossiz ekani, tez orada joylarda benzin tanqisligi muammosini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar amaliyotga joriy etilishini ta'kidlagandi. Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas, «O‘zbekneftgaz» butun respublika bo‘ylab, benzin uchun yagona xarid qilish narxi o‘rnatilganini ma'lum qildi. Shu paytgacha AYoQShlarda mustaqil narx belgilash siyosati qaysidir ma'noda mavjud bo‘lib, undan keyin AI-80 turining 1 litri uchun 2800 so‘m qat'iy etib belgilandi.

E'tiborli jihati shundan iboratki, oradan 13 oy o‘tib, iste'moldagi benzin narxi yana oshirilishiga ikkita omil sabab bo‘lgan.

«Valyuta liberallashuvi oqibatida AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati ikki barobar oshdi. Tabiiyki, respublikaga import qilinayotgan neft xom ashyo mahsuloti, xususan uglevodorodning qiymati ham qimmatlashgan», deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan «O‘zneftmahsulot» vakili.

Uning aytishicha, valyuta liberallashuvi jarayonida shunday o‘zgarishni kutish tabiiy bo‘lgan. Ikkinchi omil sifatida - viloyatlar va poytaxtda benzin yetkazib berishda kuzatilgan keskin farq, xufyona yoqilg‘i bozorining yashab qolaverishida, deyish mumkin. Lekin, mantiqiy savollar paydo bo‘ladi: O‘zbekiston neft ishlab chiqaruvchi davlatlardan biriku? Nega neft mahsulotlarini import qilamiz? Nega o‘zimizda yetishmovchilik bor?

Jahonda neft eksportyorlar orasida Saudiya Arabistoni yillik 585 million tonna neft ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bilan yetakchilik qiladi. Rossiya esa har yili 554 million tonna, AQSh 543 million tonna neft ishlab chiqaradi. Albatta, bu ro‘yxat peshqadami ortidan qayd etilgan davlatlar transmilliy kompaniya xizmati evaziga o‘z ko‘rsatkichini yaxshilab bormoqda. Shu ro‘yxat bo‘yicha O‘zbekiston 2016 yili neft eksport qiluvchi davlatlar ichida 47-o‘rinni egallagan. Agar raqamlarga qaralsa, O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 2,6 million tonna neft ishlab chiqarilayotgani ma'lum bo‘ladi.

«Vaqt o‘tgan sari qayta ishlanadigan neft miqdori kamaymoqda, talab esa oshib boraveradi. Shuning evaziga iste'moldagi 30 foiz neft mahsulotlari uchun yetkazib berilayotgan uglevodorod import mahsulot ekanini aytish lozim», deydi vakil.

2010 yildan buyon 6 yil ichida neft ishlab chiqarish hisobiga ko‘ra, respublikada neft mahsulotlariga bo‘lgan talab 26 foizga ko‘paygan. «O‘zbekneftgaz» barcha quvvati bilan ichki talabni qondira olmasligi aniq.

«Bizning tasarrufimizda bo‘lgan Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Ulardan samarali foydalanish uchun import neft mahsuloti olib kelib, o‘zimizda qayta ishlashga majburmiz», deb qo‘shimcha qilgan vakil.

Shuningdek, vaziyatni o‘zgartirish maqsadida Jizzax viloyatida yangi neftni qayta ishlash zavodi qurilmoqda. Mutasaddilar bergan ma'lumotga ko‘ra, ushbu muassasa yiliga 5 million tonna neftni qayta ishlab chiqarishi mumkin. Yuqorida ko‘rsatilgan asoslarni tahlil qilsak, O‘zbekiston neft ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lsada, uni import qilishga majbur ekani oydinlashadi.

Oddiy iste'molchi va aholini bir savol o‘ylantiradi: narx shunday o‘zgarmay qoladimi? Shu bilan barcha muammolar ijobiy hal etilganini tasdiqlash mumkinmi?

«​Prezident qaroriga ko‘ra, 2018 yil 1 yanvardan boshlab, «O‘zbekneftgaz» kabi kompaniyalar (davlat monopoliyachilari - tahr.) tovarlarga mustaqil ravishda narx belgilamaydi. Bu nimani anglatadi?

Avvalo, o‘zgarishlar kompaniya mahsulotini birja savdosiga qo‘yishi, uning narxi bozor iqtisodiyoti qonunlari bo‘yicha belgilanishiga ishora qiladi»​, deydi vakil.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, kelasi yil boshidan yurtimizga yoqilg‘i import qiluvchi tashkilot va sub'yektlar soni ham oshishi mumkin. Qaror matniga yaxshilab e'tibor qilinsa, har qanday yuridik sub'yekt yoqilg‘i mahsulotlarini O‘zbekistonga olib kelishi va sotishi mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Katta ehtimol bilan bularning birinchisi Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘tayotgan haftada belgilangan yangi benzin narxi yo‘lga qo‘yilayotgan birja savdolarida eng minimal baho sifatida qabul qilinishi mumkin.

Mavzuga oid