Sport | 11:00 / 18.11.2017
46960
8 daqiqa o‘qiladi

Hakamlar nega «Paxtakor»ga yordam berishmoqda?

O‘zbekistonda muxlisi eng ko‘p bo‘lgan klub qaysi? Albatta, «Paxtakor». Yaqin yaqingacha bunday savol bizga ritorik tuyular va ikkilanishsiz shunday javob berardik. Axir butun xalq jamoasi bo‘lgan «Paxtakor»dan ham qadrli jamoa bo‘lishi mumkinmi o‘zbek muxlisi uchun? 1979 yilgi halokatni ko‘rgan, o‘z qahramonlarini alamli tarzda yo‘qotgan muxlis boshqa jamoaga muxlislik qilishi mumkinmi? Mumkin ekan. Qanday holatda deysizmi? O‘sha jamoaning hozirgi holati hech bir xislati bilan o‘sha qahramonlarni eslatmasa…

BIRINChI QISM. MARKAZLAShISh

Mustaqillikning ilk yillaridayoq O‘zbekistonda futbol bo‘yicha mamlakat chempionati yo‘lga qo‘yildi. Chunki bizda futbol allaqachon ommalashib bo‘lgandi. Boshqa sohalar va boshqa sport turlari endi oyoqqa tura boshlayotgan vaqtda futbolchilarimiz Osiyoda tengsiz bo‘lishdi. Chunki bizning futbol o‘tgan asrning boshidayoq shakllana boshlagandi. Dunyoning barcha nuqtalarida ham futbolni birinchi raqamli sport sifatida ardoqlashmaydi. Hatto o‘sha futbol vatani Angliyada ham regbini futboldan ustun qo‘yishadi ba'zilar. Mana shunday futbolni sevadigan xalqning eng suyukli jamoasi «Paxtakor» edi. Ha, aynan EDI. Bu jamoaning xalqaro o‘yinlariga butun respublikadan muxlislar oqib borardi. Hozir esa bitta futbol yulduzi oldida uyalib qolmaslik uchun oliygoh talabalari stadionga majburlab olib kirilmoqda. Biroq hozir bu haqda gaplashmoqchi emasmiz.

Xullas, millatning bosh jamoasi hurmati nolinchi yillar avvalida pasaya boshladi. Ajoyib kunlarning birida futbolimiz rasmiylari terma jamoani bir klub asosida tashkil etishni taklif qilishdi. Bu klub sifatida «Paxtakor» tanlandi. Respublika klublaridagi eng yaxshi futbolchilar «Paxtakor»ga jamlandi. Oqibatda chempionatda hech qanday raqobat qolmadi. Farg‘onaning «Neftchi» klubi uzoq qarshilik qilolmadi. «Paxtakor» futbolimizdagi monopolik jamoaga aylandi va oqibatda uni yomon ko‘rib qolishdi. Biroq bu hali boshlanishi edi.

IKKINChI QISM. BABAYaN DAVRI

«Paxtakor»ning «shonli davrlari» o‘tayotgan bir vaqtda futbolimizga Samvel Babayan degan shaxs kirib keldi. Uni futbolning ichidan biroz xabari bo‘lganlar O‘zbekiston chempioni bo‘lgan «Navbahor»ning menejyeri sifatida bilishardi. «Paxtakor»da ham uni menejyer sifatida tanishtirishardi. Biroq u zaxira o‘rindig‘ida o‘tirar va futbolchilarga ko‘rsatma berardi. U nimagadir bosh murabbiy bo‘lishni istamas va bu ishni qog‘ozda Ravshan Haydarov, Viktor Jalilov kabi yordamchilariga topshirardi. Biroq barcha narsani u hal qilardi. Babayan hakamlarga xohlaganicha baqirar, o‘zi istagan istalgan nomaqulchilikni hech ikkilanmay amalga oshirardi. Asta-sekin futbol federatsiyasining ishonchiga kirdi va u yerda ishlay boshladi. Bir taniqli jurnalist o‘z maqolasida shunday yozgandi: «Babayan ertalab federatsiyaga borib, o‘yinlarga hakamlarni tayinlab keladi, keyin esa «Paxtakor»ga borib, keyingi o‘yinga tayyorlanadi».

Aynan Babayan davridan «Paxtakor» va hakamlar so‘zlari yonma-yon tilga olinadigan bo‘ldi. Babayan shunchalik oshirib yubordiki, bir kuni «Paxtakor» muxlislari Samvelning iste'fosini so‘rab banner ko‘tarishdi. Endi «Paxtakor»ning hurmati nafaqat respublikada, balki poytaxtning o‘zida ham pasayib borayotgandi. Biroq hali bu ham hammasi emaskan…

UChINChI QISM. OChIQ HURMATSIZLIK

Terma jamoani sharmandali tarzda Jahon Chempionatiga olib chiqolmay, mard bo‘lib aybini ham tan olishni eplolmagan Babayan termadan ketishidan oldin «Paxtakor»dan quvildi. Aynan quvildi. Muxlislar xursand bo‘lishdiki, endi bu «Paxtakor» yangi rahbarlar bilan o‘z nomini tiklaydi deb. Biroq barchamiz adashgan ekanmiz. Klubning yangi rahbarlari hammaga biz oddiy klub emas, superklub tuzamiz deb so‘z berishdi. Hech kim tanimaydigan 3-4 legionerni olib kelib, mana shu superklub deb ishontirmoqchi bo‘lishdi. Lekin hozirgi muxlislar avvalgi kabi sodda emas. Shota Arveladze ismli Yevropada o‘rtamiyonadan ham pastroq darajada bo‘lgan murabbiy «Paxtakor» o‘yinini chempion bo‘lish yetarli darajada kuchaytira olmagach, klub endi natija qo‘lga kiritish uchun boshqa ishlar qilish kerak ekanini angladi: Hakamlar!!!

«Bunyodkor» bilan o‘yinda barchasi oshib tushdi. Kamoliddin Tojiyevning stadiondagi muxlislar ham ko‘rishi mumkin bo‘lgan holatdagi ofsayddan kiritgan goli «Paxtakor»ga sharmandali g‘alaba keltirdi. 

Buxoroda va Jizzaxda esa klub o‘ta shubhali penaltilardan gol urdi. Eng qizig‘i, «Paxtakor»ning o‘yinlariga Ravshan Ermatovni hakam qilib tayinlashmayapti. Oxirgi marta «Dinamo» – «Paxtakor» o‘yinida Ermatov ishlagan va o‘shanda 0:0 hisobi qayd etilgandi. Arveladze Ermatovni tanimagan chog‘i, unga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lgan, lekin Ravshan Ermatov Lui van Galning konspektlarini o‘qib yurgan murabbiyga hurmatini bilishini uqtirib qo‘ygandi. Shundan buyon Ermatov «Paxtakor» ishtirokidagi o‘yinlarda ishlamaydi.

«Paxtakor»ni qutqaring, Ermatov!»

19 noyabr kuni «Nasaf»ga qarshi kechadigan hal qiluvchi o‘yinga ham Ermatov tayinlanmadi. Bu esa federatsiya «Paxtakor»ga yordam berayotganini yana bir bor ko‘rsatib qo‘ydi.

Yuqoridagi Babayanga qarata aytilgan gapni endi janob Shodiyevga nisbatan ishlatsa bo‘ladi: ertalab uyg‘ongandan keyin federatsiyaga boradi va Ahmadjonov bilan qahva ustida keyingi ishlarini muhokama qiladi, keyin esa «Paxtakor»ga borib ishlaydi. Tasavvur qila olasizmi, Florentino Peres Ispaniya Futbol Federatsiyasi vitse-prezidenti bo‘lishini? Yoki Roman Abramovichning Angliya futbolidagi ikkinchi shaxs sifatida ishlashini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? 

Lekin bizda mumkin. Muxlislar oldida deyarli hurmati qolmagan O‘FFning 11 kishidan iborat ijroiya qo‘mitasida «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Lokomotiv» klublari prezidentlari bor. Qoyilmisiz? Ular orasida «Paxtakor»ning qilayotgan ishlari juda oshib tushmoqda. Axir hamma ko‘rib turibdiku «Paxtakor» ligadan tushib ketishi tayin bo‘lgan «So‘g‘diyona»ni ham o‘z kuchi bilan yenga olmayotganini?

«Buxoro» – «Dinamo» o‘yinida penalti bermay to‘g‘ri qilgan hakamlar butunlay futboldan chetlatiladi, lekin «Paxtakor» foydasiga qaror chiqargan hakamlarga hech kim indamadi. Kim indasin? Shodiyev bilan dunyo kezayotgan Ahmadjonovmi?

Bunga ishonish qiyin. PFL oxirgi turlarda hakamlarga qo‘yilayotgan baholarni ham e'lon qilmay qo‘ydi. Xullas, «Paxtakor»ning bunday ishlari klubning hurmatini pasaytirishda davom etmoqda. So‘zimiz boshidagi savolni yana qaytarmoqchiman: Nima deb o‘ylaysiz, bizda eng muxlisi ko‘p klub qaysi?...

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid