Zimbabveni xarob qilgan kim? «Odamxo‘r» laqabli diktator tarixi
15 noyabr kuni Zimbabveda harbiylar poytaxtga tanklar bilan kirdi va mamlakatni 37 yildan buyon boshqarib kelgan 93 yoshli prezident Robert Mugabeni hokimiyatdan chetlatib, uy qamog‘iga tashladi.
Bu davlat to‘ntarishiga sabab bo‘lgan mojaro shu oy boshida boshlangandi. O‘shanda prezident 52 yoshli rafiqasi Greysi Mugabening qutqusiga uchib, vitse-prezident Emmerson Mnangagvani jodu yo‘li bilan hokimiyatni egallab olishga urinishda ayblab iste'foga chiqargandi.
Mugabe 1980 yildan beri Zimbabveni boshqarib keldi, u dunyodagi eng keksa davlat rahbari, jahondagi eng taniqli diktatorlardan biri edi. To‘ntarishdan so‘ng Mugabe lavozimdan ketishdan bosh tortib, mamlakatni keyingi — 2018 yili bo‘ladigan prezident sayloviga qadar boshqarish istagini bildirgani aytilmoqda. Ammo uni endi qo‘llovchi kuchning o‘zi yo‘q. Quyida oddiy o‘qituvchilikdan diktatorga aylangan Mugabe tarixi hikoya qilinadi.
O‘qituvchi Robert Mugabe qanday qilib siyosatchiga aylangan?
Robert Mugabe 1924 yilning 21 fevralida o‘sha paytlardagi Britaniya mustamlakasi — Janubiy Rodeziyadagi duradgor va o‘qituvchi xonadonida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta'limni u katolik maktabida, oliy ta'limni esa JARdagi qora tanlilar universitetida oladi. Maktabdoshlari uni shunday ta'rif bilan eslashadi: «Biz uni botanik deb chaqirardik».
Bakalavr unvonini olgach, Mugabe bir muddat Ganaga ishlashga ketadi, qaytganida qarasa — yurtida irqiy tenglik uchun ozodlik harakati boshlangan.
O‘sha vaqtlarda Zimbabve Buyuk Britaniyaning o‘z-o‘zini boshqaruvchi mustamlakasi edi va segregatsiya (qora tanlilarni ajratib qo‘yish) siyosatini yurgizuvchi oq tanli ozchilik hukumati tomonidan boshqarilardi.
Mugabe darhol o‘qituvchilik kasbini chekkaga surib, siyosiy kurashga boshi bilan sho‘ng‘ib ketdi va Joshua Nkomo boshchilik qilayotgan Zimbabve Afrika xalqi ittifoqi (ZAPU) partiyasiga a'zo bo‘ladi. 1963 yilda Nkomo bilan urishib qolgan Mugabe o‘z partiyasi — Milliy ittifoqqa (ZANU) asos soldi.
Shundan so‘ng Mugabe ko‘p o‘tmay hibsga olinadi va 11 yil o‘tirib chiqadi. Bu uning hayotidagi o‘ta og‘ir yillar bo‘lgan, uni qiynoq va mazaxlarga duchor qilishgan. Masalan, ensefalitdan nobud bo‘lgan 3 yoshli o‘g‘lining dafn marosimiga qo‘yib yuborishmagan.
Biroq cheklovlar Mugabeni sindira olmaydi. G‘alabaga bo‘lgan irodasini saqlab qolishda unga xarakterining tabiiy qat'iyligi va bilimlarga chanqoqligi yordam bergan. Robert kameradoshlari uchun haqiqiy maktabni tashkil etgan: ularga xat-savod, matematika va ingliz tilidan saboq bergan. Uning o‘zi ham o‘qib-o‘rganishda davom etgan: London universitetiga sirtdan o‘qishga kirgan. O‘zining qamoq muddati yakunlangan sana — 1974 yilga kelib, u 4 diplomga ega edi: ikkita yuridik, iqtisodiyot magistri va boshqaruv bakalavri. Ya'ni, Mugabe hozir Afrikadagi rahbarlar ichida eng o‘qimishlisi hisoblanadi.
Ozodlikka chiqqach, Mugabe Mozambikka ketib, u yer ham ozodlik uchun harakatlarga qo‘shiladi. Sobiq ittifoqqa taassub qilib, proletariatni sinfiy kurashga chorlashga bel bog‘lagan Joshua Nkomoning ZAPU’sidan farqli o‘laroq, Mugabe o‘rtoq Maoning mehnatlariga qarab dehqonlar inqilobini mo‘ljallayotgan edi.
Mugabe sarkarda emasdi: barcha amaliyotlarni uning dala qo‘mondonlari boshqarardi, uning o‘zi esa strategiya ishlab chiqib, Janubiy Rodeziyaga chegaradan otryad ketidan otryad jo‘natib, rejalar amalga oshirilishini ta'minlar edi. ZANU’ning harbiy qanoti ZANLA hammani surishtirib o‘tirmasdan o‘ldirardi — xoh u askar bo‘lsin, xoh tinch aholi vakili bo‘lsin. Jangarilar, ayniqsa, oq tanli fermerlarni o‘ldirish yo quvg‘in qilishga alohida e'tibor qaratilardi, chunki ish beruvchisiz qolgan qora tanlilar ommaviy ravishda ZANLA tashkilotiga a'zo bo‘lardi. G‘alaba qozonilgan taqdirda Mugabe o‘zining jangarilariga oqlardan tortib olingan yerlarni va'da qila boshlaydi. Uning rejalariga qarshilarni bo‘g‘izlangan holda topishardi. Qo‘zg‘olonchilarning ilmli va ko‘rkam yetakchisi xorijda — Xitoy, Britaniya va Sobiq ittifoqda ham mashhur bo‘lib ketadi.
Nihoyat, 1980 yilda Janubiy Rodeziya dosh bera olmaydi. Butun dunyo tarafidan o‘n yillab sanksiyalarga duchor qilingan va qonli partizanlar urushidan holdan toygan mamlakat nihoyat qora tanlilar boshqaruviga o‘tishiga rozi bo‘ladi. Bosh vazir Yan Smit hokimiyatni mo‘'tadil nomzod, yepiskop Muzorevega bermoqchi bo‘lgandi, biroq Nkomo va Mugabe uni tan olishmaydi. Umummilliy saylovlar o‘tkaziladi va unda Mugabe kutilmaganda ta'sir doirasi kattaroq bo‘lgan Joshua Nkomo ustidan g‘alaba qozonadi. Mugabening g‘alaba qozonishiga sabab — u mamlakat aholisining kattaroq qismini tashkil etuvchi shon qabilasidan, Nkomo esa etnik ozchilik — matabele vakili edi.
Zimbabve mustaqillikka erishganidan so‘ng, Mugabe boshchiligidagi ZANU parlament saylovlarida g‘olib chiqqan, Mugabe esa bosh vazir lavozimini egallagan.
Oradan 7 yil o‘tib, 1987 yilda u mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartiradi. U bosh vazir lavozimini bekor qilib, o‘zi prezident bo‘lib oldi. Shundan beri u 5 marta prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqdi (1990, 1996, 2002, 2008 va 2013 yillarda).
U o‘z qo‘lida jamiki hokimiyatning jilovini mahkam ushlab turardi: hukumat, qurolli kuchlar, parlamentni tarqatib yuborish va istaganicha saylovlarda qatnashish...
U o‘z raqiblariga shafqat qilmaydi, ular isyonchilar deb e'lon qilinadi. Siyosiy kurash qabilalardan birini genotsid qilishga aylanib ketadi. Bu kurash tufayli tinch aholi vakili bo‘lgan yigirma mingga yaqn kishi qirilib ketadi.
Mugabe yaxshi prezident bo‘lganmi?
1980 yilda, Mugabe hokimiyat tepasiga kelgan vaqtda Zimbabve iqtisodiyoti jihatidan Afrikadagi eng qudratli davlatlar qatorida edi. Hozirga kelib esa bu davlat jahonning eng qashshoq 30 mamlakatidan biriga aylanib qoldi. Biroq mustaqillikning ilk yillarida zimbabveliklar Mugabedan norozi emasdi.
Mugabe legitim parlament saylovlari natijasida bosh vazir bo‘lgan. U inqilob ramzlaridan biri edi va jahonda inqilobchi sifatida nufuz qozongandi. Bundan tashqari, barqaror iqtisodiyotga ega mamlakat rahbariga aylangach, u ijtimoiy sohaga katta e'tibor qaratgan: uning boshqaruvining dastlabki 10 yilida ta'lim va sog‘liqni saqlashga ajratilgan xarajatlar uch barobar oshgan.
Mugabe so‘lchi edi: u eng kam ish haqi miqdorini o‘rnatgan, yangi ish o‘rinlari tashkil etilishini rag‘batlantirgan va kreditlar bo‘yicha stavkalarni cheklagan.
Ammo yangi asr boshida Zimbabveda inqirozga yuz tutadi.
Mugabe yakka o‘zi hukmron bo‘lib qolgach, barcha nufuzli amallarni o‘ziga sodiq kishilarga bo‘lib bera boshladi; oqlardan tortib olingan fermalar ramziy summaga sobiq qashshoq-partizanlarga emas, yuqori martabali amaldorlarga pullanar edi. Mamlakatda korrupsiya quloch yoydi. Robert Mugabe shunday tizim qurdiki, bunda u va uning qarindoshlari hamda ishonchli yaqinlari tuganmas boylikka ega bo‘lishdi, mamlaktaning 85 foiz aholisi esa yiliga 300 dollar daromadga kun ko‘rishga majbur edilar.
Norozilik tanqidiy nuqtaga yetgach, Mugabe aholining nafratini qolgan-qutgan oq tanlilarga yo‘naltirishga qaror qiladi: ular «davlat dushmani» deb e'lon qilinadi.
Aynan mana shu «tezkor yer islohoti» Zimbabvedagi inqirozning asosiy sababi hisoblanadi.
Zimbabve o‘z mustaqilligini e'lon qilgan 1980 yilda mamlakatdagi ekin maydonlarining 80 foizi umumiy aholining 5 foizini tashkil qilgan oq tanli aholi qo‘lida edi. Yerlarni qayta taqsimlash inqilobning asosiy shiorlaridan biri bo‘lgan, biroq Buyuk Britaniya imzolangan kelishuv bunday islohot o‘tkazilishini 10 yilga kechiktirgan edi. Davlatga majburiy tartibda sotilishi shart bo‘lgan fermalarning dastlabki ro‘yxati 1990 yillarning boshiga kelibgina tuzilgan.
2000 yili qora tanli aholi oqlarga tegishli bir necha fermalarni egallab oladi; sud bu harakatlarni noqonuniy deb topadi. Bunga javoban esa Mugabe oq tanlilarni «davlat dushmani» deb atab, «tezkor agrar islohot» o‘tkazilishini e'lon qiladi. Keyingi 3 yil ichida 4300ta ferma 127 mingdan ziyod qora tanli dehqonlar qo‘liga o‘tgan. Oq tanlilar mamlakatdan ommaviy ravishda qochishni boshlaydi, yerlarning yangi xo‘jayinlarida — sobiq partizanlarda esa fermerlik qilish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikma yo‘q edi. Oqibatda hosildorlik pasaygan, Zimbabve chet eldan oziq-ovqat sotib olishga majbur bo‘lgan.
Shunga qaramay, Mugabe yer islohotidan voz kechmadi. 2017 yilga kelib oq tanli aholi ixtiyorida bor-yo‘g‘i 73 ta ferma qolgan.
U oq tanlilarni yegani haqida afsonalar paydo bo‘lgan va u «odamxo‘r prezident» laqabini orttirgan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari Mugabe u qadar rivojlanish tarafdori emasligini anglab, yana mamlakatga qarshi sanksiyalar qo‘llashdi. Shundan so‘ng Zimbabve iqtisodiyoti qulaydi. Giperinflyatsiya boshlanadi, narxlar bir necha soat ichida ikki barobar o‘sib ketadi, do‘konlardan bo‘shab qoladi, poliklinika va shifoxonalar ishlamay qoladi — dori-darmon yo‘q edi. Inflyatsiya 230 million foizga yetganidan so‘ng mamlakat Markaziy banki mahalliy valyuta - Zimbabve dollarini shunchaki bekor qilib qo‘ya qoladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 70 foizga pasayadi, yerlarning uchdan ikki qismi tashlandiq holatga keladi, sobiq partizanlar murakkab agrotizimlarni ishlatishni eplay olishmaydi. Mamlakat halokat yoqasiga kelib qoladi. Mamlakatning hamma ko‘rgiliklarida Mugabe neoimperialistlarni ayblab, namoyishkorona tarzda Britaniya hamdo‘stligini tark etadi.
Inqiroz ayniqsa 2008 yilda chuqurlashadi. O‘shanda Zimbabve tashqi qarzi yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 131 foizini tashkil etdi, YaIMning o‘zi esa 18 foizga qisqardi. 2008 yil oxiriga borib inflyatsiya darajasi oyiga 79 milliard foizga yetdi; narxlar har 24 soatda ikki barobarga oshardi.
O‘shanda u bilan bir vaqtlar do‘st bo‘lgan Nelson Mandela uni qattiq qoralab chiqadi. U mamlakatdagi vaziyatni «Mugabe rahbariyatining noto‘g‘ri siyosati oqibati» deb ataydi.
2009 yili mamlakatda giperinflyatsiya ro‘y berdi, milliy valyuta — Zimbabve dollari bekor qilindi va hisob-kitoblar uchun xorij valyutasi — AQSh dollari hamda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) rendidan foydalanishga o‘tiladi. Ishsizlik darajasi 80 foizga yetdi.
Shundan beri mamlakat YaIM hajmi — 2016 yilda salkam 0 darajagacha tushgan bo‘lsa-da — manfiy ko‘rsatkichlargacha pasaygani yo‘q. Hozir esa Zimbabveda yana yangi inqiroz yuz berishi ehtimoli borligi aytilmoqda.
2005 yilda boshlangan turarjoylar islohoti yakunlariga ko‘ra 2,5 milliondan ortiq kishi boshpanasiz qoldi. Bu kampaniya davrida kulbalar buzib tashlangan, lekin ularning o‘rniga yangi uylar qurilmagan. Ekspertlar fikricha, Mugabe shu tariqa muxolifatni qo‘llagan fuqarolardan o‘ch olgandi. BMTning qattiq talabidan keyingina bu boshboshdoqlik to‘xtatilgandi.
Greys Mugabe kim?
Robert Mugabe ikki marta uylangan. Ikkinchi rafiqasi 52 yoshli Greys Mugabe. Shu yilning oktabrida vitse-prezident Emmerson Mnangagva Mugabening rafiqasini ochiq-oshkora o‘ziga suiqasd uyushtirishda aybladi. Mugabe esa uning o‘zini jodugarlar yordamida hokimiyatni egallashda ayblab, iste'foga chiqardi hamda uning partiyadagi yuzlab tarafdorlariga ayblov qo‘yildi. Ammo mamlakatdagi asosiy kuch - armiya partizanlar urushi faxriysi, 75 yoshli Mnangagvaning yonini olib chiqdi. Qurolli kuchlar qo‘mondoni Chivenga tanklar bilan poytaxt Xararega kirdi.
Zimbabveda «joduli davlat to‘ntarishi». Diktatordan voz kechishdi
Aynan Greys Mugabening siyosiy xohish-istagi ortidan diktator ag‘darib tashlandi. Bungacha u asosan o‘zining isrofgarchiligi (bu «fazilati» sharofati bilan u Gucci Greys laqabini orttirgan) va o‘zini munosib tuta bilmasligi bilan tanilgandi. 2017 yilning avgustida Greys Mugabe janubiy afrikalik model Gabriella Enjyelsni urgan edi. Bu hodisa Yohannesburgdagi mehmonxona nomerida yuz bergan — model bu yerda Greysning o‘g‘illari bilan birga bo‘lgan. Enjyelsning so‘zlariga ko‘ra, Zimbabve prezidentining xotini xonaga bostirib kirib, u yerda kim bo‘lsa hammani savalay ketgan; modelning peshonasi yorilgan. Model Mugabe xonimni tajovuzkorlikda ayblaydi, biroq Zimbabvening birinchi xonimi sudga kelmaydi — u JAR tomonidan taqdim etilgan diplomatik daxlsizlikdan foydalanib, vataniga qaytib ketadi.
Mugabe qanday qilib buncha uzoq vaqt davomida hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab turdi?
Mugabe muxolifatni shafqatsizlik bilan jazolash va saylov natijalarini soxtalashtirish orqali uzoq vaqt prezident bo‘lib qoldi. Bosh vazirga aylangach, Mugabe «Beshinchi brigada» nomli maxsus bo‘linma tuzgan, uning a'zolari 1987 yilga qadar muxolifatdagi «Zimbabvening Afrika xalq ittifoqi» (ZAXI) partiyasining 20 mingga yaqin a'zolari va tarafdorlarini hibsga olib, yo‘q qilgan. Ish ikki partiyaning birlashuvi va Zimbabvening bir partiyali mamlakatga aylanishi bilan yakuniga yetgan.
Muxolifat Mugabedan besh battar edi. Sobiq kasaba uyushmalari yetakchisi Morgan Tsvangiraining «Demokratik o‘zgarishlar uchun» harakati Mugabe uchun yagona jiddiy muxolifat bo‘ldi.
2008 yilgi prezidentlik saylovlari siyosiy inqiroz bilan yakun topdi: Ko‘plab soxtalashtirishlar va ma'muriy bosimlarga qaramasdan Tsvangirai birinchi turda Mugabedan o‘zdi, biroq uning tarafdorlariga nisbatan uyushtirilgan qatag‘on tufayli u ikkinchi turda ishtirok etishdan bosh tortdi. Ikkinchi turda yagona nomzod bo‘lib qolgan Mugabe 85,5 foiz ovoz to‘plab saylanadi, biroq xorijda bu saylov haqiqiy, deb topilmaydi. Faqatgina JARning aralashuvi bilan o‘rtadagi taranglik yumshatiladi: muxolifat Mugabening saylanganiga rozi bo‘ladi, Tsvangirai esa ataylab shu vaziyat uchun qayta tiklangan bosh vazir lavozimini egallaydi.
Bu o‘sha vaqtda mamlakatda aqlbovar qilmas dahshatli giperinflyatsiya yuz berayotgan vaqtda sodir bo‘lgan voqealar.
Keyingi yillarda muxolifat o‘zining bor obro‘sini ham tushirib bo‘ldi. Tsvangirai qo‘sh o‘yin olib borardi, ommaviy chiqishlarida sanksiyalarga qarshi gapirib, o‘zaro suhbatlarda esa g‘arblik diplomatlarni ularni yanada cho‘zishga ko‘ndiradi. Aniqlanishicha, muxolifat vakillari hokimiyat tepasidagilardan hech narsasi bilan farq qilmas ekan: yog‘li joylarga o‘zlarining tanish-bilishlarini o‘tkazar, porani ham xuddi Mugabening odamlari kabi olishar ekan. Natijada keyingi saylovlarda Mugabe birorta soxtakorlikka yo‘l qo‘ymasdan bemalol g‘alaba qozondi. Uning partiyasi hattoki ilgari muxolifatniki deb hisoblangan hududlarda ham ishonchli g‘alabaga erishadi.
Mugabeni hammayoqda mana shunday yomon odam deb hisoblashadimi?
Afrikada Robert Mugabeni hali ham ozodlik uchun kurash timsoli sifatida qadrlaydiganlar bor. U aksariyati o‘zi kabi o‘tmishda mustaqillik uchun kurashgan prezidentlar bilan yaqin munosabatda.
Zimbabve prezidentining G‘arb bilan munosabatlari yaxshi emasligi tushunarli hol. 1990 yillar oxiri — nolinchi yillar boshida AQSh va Yevropa Ittifoqi Mugabe tuzumiga qarshi sanksiyalar joriy etgan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki va G‘arbdagi boshqa donor davlatlar Mugabeni iqtisodiyotni qulatishda ayblab, moliyaviy yordamni to‘xtatgan. Bunga javoban, u AQSh va Buyuk Britaniyaning fikri bilan hisoblashish niyati yo‘qligini bildirgan. «Meni bu lavozimga tayinlagan Parvardigorgina undan meni olishi mumkin! MDK (Zimbabvedagi muxolifatchi partiya) ham, britaniyaliklar ham meni bu lavozimdan ololmaydi», — degandi u 2008 yilgi saylovlar arafasida.
Endi nima bo‘ladi?
Harbiylar hozircha «miyasi aynigan chol»ga nisbatan keskin harakatlar qilishmayapti. Mugabening o‘zi esa oyoq tirab olib, ixtiyoriy ravishda hokimiyatni topshirishdan bosh tortmoqda. Lekin u davlatni boshqarish layoqatini yo‘qotgan, oxirgi yillarda tez-tez sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar uni bezovta qilib keladi.
Ko‘p ehtimol bilan uning o‘rnini «Timsoh» laqabli Emmerson Mnangagva egallaydi. Shu bilan bir vaqtda mamlakatga JARdan Morgan Tsvangirai ham qaytib kelgan.
Xalq diktatorning ag‘darilishidan xursand. Bugun bir necha ming kishi respublika bayroqlarini ko‘targan holda poytaxt ko‘chalaridan marsh qilib o‘tgan. Namoyish tinch ruhda o‘tgan, kishilar raqsga tushib, qo‘shiqlar kuylashgan.
«Nihoyat bu kun keldi!». Zimbabveda minglab kishilar Mugabening ag‘darilishini nishonlashmoqda
Mavzuga oid
00:19 / 06.11.2024
Zimbabve politsiyasiga xizmat vaqtida mobil telefondan foydalanish taqiqlandi
20:55 / 14.09.2024
Zimbabve qurg‘oqchilik tufayli 200 ta filni o‘ldiradi
23:18 / 27.07.2023
Putin Zimbabve prezidentiga vertolyot sovg‘a qildi
22:36 / 23.04.2021