O‘zbekiston | 11:07 / 25.11.2017
34663
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonni ta'minlaydigan elektr energiyasini faqat shamolning o‘zidan olishga salohiyat bor - «O‘zbekenergo» mulozimi

Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyat matbuot markazida «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi tomonidan 2017–2018 yillarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov jurnalistlarning muqobil energiya manbalarini joriy etish va undan foydalanish haqidagi savollariga javob berdi.

«Prezidentimizning muqobil energetikani rivojlantirish uchun dastlabki choralari «O‘zbekenergo» AJ tarkibidan GESlarni alohida ajratib olgani bo‘ldi. Ular suv energetikasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Chunki suvdan olinadigan elektr energiyaning tarifi bitta, issiqlik va boshqa elektr stansiyalarida ishlab chiqariladiganlarniki boshqa. Agar bugun GESlardan 1000 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan bo‘lsak, modernizatsiya natijasida kelgusi 3 yilda yana 700 MVt qo‘shiladi. Hozirgacha gidroenergetikaning ulushi suvning ko‘p-kam bo‘lishiga qarab 6–10 foiz atrofida, xolos. Farg‘onada bu narsa juda yaxshi yo‘lga qo‘yilmoqda. Ular 500 taga yaqin kichik GES barpo etishmoqchi.

Samarqandda ham bu borada ishlar boshlangan. Xishrav GESda ham rekonstruksiya ishlari ketmoqda», — dedi R.Rayimov.

«Quyosh energetikasi haqida gapiradigan bo‘lsam, Prezidentimiz yaqin kunlarda bayonnoma imzolab berdi. Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida 500 MVtlik quyosh elektr stansiyasi barpo etishga kelishildi. Hozircha 100 MVtlik stansiya bor. Bunday stansiyani barpo etish katta pul turadi. Shuning uchun bu borada yetti emas, kerak bo‘lsa yuz o‘lchab bir kesish kerak. Prezident ushbu sohada kim yetakchi, kim eng yetuk mutaxassis bo‘lsa, ana o‘shanga qildiramiz dedi. Turkiyalik mutaxassislar kelib, 500 MVtlik stansiya barpo etib, elektr energiyani xalqqa sotmoqchi», — deya jurnalistning savoliga javob qaytardi «O‘zbekenergo» mulozimi.

«Ha, Yevropa davlatlarida shamol energetikasining ulushi tobora ortib boryapti, — dedi R.Rayimov KUN.UZ tomonidan berilgan savolga javob bera turib. — Chunki ularda yoqilg‘i yo‘q. Ekologlari ko‘mir yoqishga, atrof-muhitni ifloslantirishga qo‘yib bermaydi. Ayrimlarda shu qazilma boyliklar ham yo‘q. Chetdan xarid qilishadi. Masalan, o‘zimizda ham kuniga 20 ming tonna ko‘mir yoqamiz. Buni vagonlarga (50 tonnadan) bo‘lsangiz hajm qanchalik ekanligini bilib olasiz.

Ular izlanishga majbur. Xususan, Germaniyada atom elektr stansiyalari ham bor, ularni ham yaqin yillarda tugatishmoqchi.

Yurtimizda bu borada ham izlanishlar olib borilmoqda. Generatorlardan bittasini olib kelib Burchmullaga qo‘ydik. Hamma ko‘rdi. Shamol ko‘p bo‘ladi deyilgan Bekobodga ham o‘rnatdik. Navoiy kon-metallurgiya kombinati yaqinida ham barpo etdik. Birortasi risoladagidek ishlamayapti, to‘g‘risi. Shamolning kuchi yetmas ekan. So‘ngra tahlil qilib chiqdik. Shunday shamol stansiyalari o‘rnatishga izn beradigan hududlar bor ekan. Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Miskin yo‘nalishi bo‘ylab Uchquduq shahrigacha bo‘lgan hududda yetarli shamol yo‘li borligi aniqlandi. Agar shu yo‘nalish bo‘ylab shamol generatorlari o‘rnatiladigan bo‘lsa, kelajakda O‘zbekistonni ta'minlaydigan elektr energiyasini shamolning o‘zidan olib qo‘yamiz.

Shamol doimiy bo‘lsa, generatorlarni keltirib, o‘rnatib, sotaman deganlar ham ko‘p. Bu yo‘nalishda ham ishlar olib borilmoqda. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda shamol energetikasini rivojlantirish uchun mana shuncha investitsiya jalb qilindi, degan xushxabarlarni ham eshitib qolasiz».

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Mavzuga oid