O‘zbekiston | 14:18 / 01.12.2017
69352
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Haj haqida fatvo qabul qildi

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Islom dinining 5 arkonidan biri bo‘lgan Haj ibodati xususida yangi fatvosini qabul qildi. Unda O‘zbekistondan Haj ibodatini ado etish uchun boruvchilarga yangi tavsiyalar qayd etilgan. Fatvoda jumladan shunday deyiladi:

“O‘tgan yillar davomida haj safariga borayotgan fuqarolarimizning holatini kuzatish asnosida shu narsaga ham guvoh bo‘lmoqdamizki, ayrim kishilar, o‘zlari hajga borishga na moddiy imkoniyati va na rag‘bati bo‘lgan holda yoki sog‘ligi yaxshi emasligi yoxud uzoq safarga borishga layoqatli emasligiga qaramasdan, ularning o‘g‘il-qizlari go‘yoki o‘z farzandlik burchlarini bajarish yoki el-yurt orasida soxta obro‘ topish maqsadida ota-onalarini haj safariga jo‘natayotganlari, oxir-oqibat haj amallaridagi mashaqqatlar ular uchun og‘ir tuyulib, ibodatlarni mukammal ado etishga bee'tibor bo‘layotgan holatlar ham uchrab turibdi. Holbuki, haj ibodatining maqbul bo‘lishi haj qilayotgan kishining odob-axloqining go‘zal bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘lib, birovlar bilan janjallashish, boshqalarga malol keltiradigan xatti-harakatlar qilish ham haj amaliga putur yetkazadi. 

Barchamizga ma'lumki, yurtimizdan minglab musulmonlar hajga borar ekan, ushbu o‘rinni, haqiqatan, haj ibodatini ixlos bilan ado etadigan, yuqorida zikr etilgan hajning shartlariga to‘liq javob beradigan mo‘min-musulmonlar bilan qoplansa, birinchidan, Alloh taoloning chaqirig‘iga “Labbaykallohumma labbayka”, deb talbiya aytishga haqli bo‘lgan kishilarni hajga yuborish sharafiga muyassar bo‘linadi. Qolaversa, barcha hojilarimiz tomonidan haj amallarining mukammal ado etilishiga, shuningdek, hukumatimiz tomonidan hojilar uchun yaratilayotgan sharoitlarning qadriga yetish va pirovard natijada haj mavsumidagi mashaqqatlarning ozayishiga erishiladi.

Hojilik ulug‘ maqom ekanidan kelib chiqib, har bir hajga borgan erkagu ayol anglamog‘i lozimdurkim, ular kelgusida, avvalo, o‘z farzandlariga qolaversa, el-yurt va mahalla ko‘yga ibodatda, halollik va poklikda, ma'naviyat va ma'rifatda eng yuksak darajadagi o‘rnak va namuna bo‘lmoqlari zarur. Zero, hojilik maqomini qo‘lga kiritishdan ko‘ra uning sha'nini saqlashning mas'uliyati og‘irroqdir. Chunki, hoji degan nom ortida Makkai mukarrama va Madinai munavvaradek shaharlar va u yerdagi muqaddas qadamjolarga ehtirom, umuman, Islom diniga hurmat yotadi. Shu nuqtai nazardan, har bir hoji o‘zining gap-so‘zi, xatti-harakati, xalq orasidagi muomala-munosabati bilan muqaddas Islom diniga nisbatan hurmat uyg‘otishi yoki uning nomiga dog‘ tushirishi ham mumkin ekanini hech qachon yodidan chiqarmasligi lozim bo‘ladi.

Qayd etilganlarni e'tiborga olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj haqida quyidagi Fatvoni e'lon qiladi:

Hajga borish uchun talabgorlarda hajning farz bo‘lishi uchun hur, bolig‘, oqil, sog‘lom bo‘lish hamda asliy hojatlaridan va qaytib kelgunicha oilasini ta'minlashga qoldiradigan nafaqadan tashqari hajga borib kelishiga yetadigan mablag‘ga qodir bo‘lish, shuningdek yo‘lning tinch va ochiq bo‘lishi kabi zarur shartlarning mavjudligiga e'tibor qaratilsin. Bunda joylardagi imom-xatiblar mahalla faollariga bevosita ko‘maklashsinlar.

Nafaqat moddiy imkoniyat balki, yurish-turish va muomalada o‘zgalarga ibrat hamda namuna ko‘rsatgan, ma'naviy yetuk, Islom dinining avvalgi to‘rtta arkonlarini ado etib kelayotgan fuqarolarning nomzodini hajga boruvchilar ro‘yxatiga kiritishga e'tibor qaratilsin.

Haj ibodati umr davomida bir marta farz ekanidan kelib chiqib, o‘tgan yillar davomida haj ibodatini ado etishga muyassar bo‘lgan fuqarolarning navbatini hajga bormaganlarga berish maqsadga muvofiqdir.

Hajga borish uchun talabgorlar sonining ko‘pligi nuqtai nazaridan, ro‘yxatda turganlar yosh jihatdan va mahalla ahli orasidagi hurmat-e'tiboriga ko‘ra o‘zaro bir-birlariga muruvvat qilishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Hajga borish uchun ro‘yxatga kiritilgan musulmonlar haj ibodati to‘g‘risida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishlariga e'tibor qaratsinlar. Ushbu ishda imom-xatiblar mo‘min-musulmonlarga amaliy yordam ko‘rsatsinlar.

Hajga borish uchun talabgorlar mahalladagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarda faollik ko‘rsatishi, yoshlar tarbiyasida, ularning turli jinoyatlarga qo‘l urmasliklarida jonkuyar bo‘lishi tavsiya qilinsin”. 
 

Usmonxon Alimov 

O‘zbekiston musulmonlari
idorasi raisi, muftiy

Mavzuga oid