Maxsus reportaj: Biz bilmagan ulkan qalb sohiblari
1 dekabr kuni UNICEF tomonidan “Aktivatsiya” tadbiri tashkil etildi. Unda nogiron farzandni tarbiya qilayotgan insonlar, hayoti bevosita nogironlar bilan ishlashga bog‘liq bo‘lgan taniqli shaxslar va imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan insonlar o‘z hikoyalari bilan so‘zga chiqishdi.
Shahnoza Ikromova, Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv rivojlanish markazlari asoschisi
“Tug‘uruqxonalarda farzandli bo‘lgan ayollarga shifokorlar aytuvchi birinchi so‘z juda muhim sanaladi. Men birinchi farzandimni dunyoga keltirganimda, o‘g‘lim daun sindromi bilan tug‘ilganini aytishgan. Men bu kasallik qanday bo‘lishini, nima qilishimni bilmagan edim. Xayriyatki, baxtimga madaniyatli shifokorlar uchradi va ular menga barchasi yaxshi bo‘lishini ta'kidlashdi. Shundan boshlab, men farzandimga o‘zim g‘amxo‘rlik qila boshladim.
Biroq shunday insonlar borki, ular tug‘uruqdan so‘ng darhol yosh onaning qaynonasi yoki turmush o‘rtog‘iga bu kasallik bilan tug‘ilgan bolalarni kelajagidan umid yo‘qligini aytishadi. Aytingchi, shifokorlar tahlil natijalarini o‘tkazmay turib, tashxis qo‘yishi mumkinmi? Tug‘uruqxonalardan to‘g‘ri mehribonlik uylariga kelib qoluvchi bolalarning taqdiriga kim javobgar? Qalbi o‘ksik bo‘lib, oilasidan ayriluvchi yolg‘iz ayollarning hayoti qanday kechadi? Mening fikrimcha, shifokorlarning tashxis e'lon qilishi bo‘yicha etika kodeksini ishlab chiqish vaqti keldi”.
Asosiy faoliyati biznes bo‘lishiga qaramay, Shahnoza Ikromova daun sindromiga chalingan bolalarning ota-onalarini qo‘llab-quvvatlovchi guruh raisi, ijtimoiy loyihalar, xalqaro anjumanlarning faol ishtirokchisidir.
Nodira Tillayeva, hisobchi, “Mehribonlik” nogironlar jamiyati qoshidagi yoshlar markazining faol a'zosi
“Nogironlar boshqalarning yordamiga muhtoj bo‘lmasligi uchun ham ishlashi kerak. Men Nogironlar jamiyatida ishlayman. Oyligim va nafaqam kam bo‘lgani uchun qo‘shimcha ish qidirishga harakat qildim. Chunki, maoshimning asosiy qismi yo‘l kira xarajatlariga ketib qolardi. O‘ylab-o‘ylab, o‘quv markazlarining birida hisobchilikni o‘rganishga qaror qildim.
O‘qishni tamomlagach, ish qidira boshladim. Biroq meni ishga olishga ikki narsa xalaqit berardi: birinchisi - I guruh nogironi bo‘lganim, ikkinchisi yetarlicha tajribam yo‘qligi. Ish izlab, qiynalganimni ko‘rib, dadam meni o‘z firmasiga ishga oldi. Mana hozir bosh hisobchiga aylandim. Inson agarda astoydil harakat qilsa, albatta, niyati ijobat bo‘lar ekan. Insonlrga doim yordamim tegsa, xursand bo‘laman”.
Nodiraning so‘zlariga ko‘ra, agarda nogironlar uchun jamoat joylari, transport vositalari va ko‘chalarda barcha shart-sharoitlar yaratilganida edi, ular mamlakat rivoji uchun o‘z hissalarini qo‘shishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi va aholi orasida xotirjam yashashga imkoni bo‘lar edi.
Navbatdagi qahramonimiz Sevara Mirsidiqova Ko‘zi ojiz bolalar maktabida tahsil olganiga qaramay, bu uning mahoratli musiqachi bo‘lib yetishishiga to‘sqinlik qilmadi. Kelajakdagi katta orzusi - nafaqat go‘zal musiqalarni ijro etish, balki o‘zi ham mustaqil asarlarini yaratishdir. Hozirda u Toshkent Davlat Konservatoriyasining birinchi bosqich talabasi va ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘olibidir.
“4 yoshimda musiqaga cheksiz muhabbat paydo bo‘lgan. Men o‘zimni ojiza deb hisoblamayman, men musiqani eshita olaman va kuy yarata olaman. Men uchun ranglar – bu notalar, jilo esa – uyg‘unlikdir. Musiqa qalbda yashaydi, uni ko‘zlar bilan ko‘rib bo‘lmaydi, aynan musiqa tufayli men o‘zimning boshqalardan ajralib turishimni his etmayman”.
Elvira Ligayning nutqi barchani o‘ziga maftun etdi. Sababi, bu til biz odatiy tinglaydigan zabondan farq qilsa-da, chiroyli imo-ishoralar bilan juda samimiy edi... Elvira Eshitish imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatida tahsil olgan. Hozirda u Zaif eshituvchi bolalar uchun mo‘ljallangan 101-maktabda jismoniy tarbiya fanidan dars beradi.
Katta muvaffaqiyati: Yaqindagina Elvira Janubiy Qozog‘iston Davlat universitetining jismoniy tarbiya-defektologiya fakultetiga o‘qishga qabul qilindi.
“Kar va soqov farzandlari bor ota-onalarning barchasiga murojaat qilaman: aslo qayg‘urmang! Bolalaringiz uchun kurashing. Qolgan bolalar kabi ularga ham barcha narsani o‘rgating. Ularning ta'lim olishi uchun barcha imkoniyatlardan foydalaning. Ular shunchaki eshita olishmaydi, ularning tili o‘zgacha. Boshqa barcha narsalarda ular eshitadigan bolalardan qolishmaydi”, deya qayd etadi Elvira.
Aziza Karimova daun sindromi bilan tug‘ilgan qizaloqning onasi. Robiya boshqa tengdoshlaridan farqli o‘laroq, o‘z fikrlarini erkin bildira oladi, turli mavzularda suhbatlashadi.
“Biz farzandimizni berkitmadik, unga boshqa farzandlarimiz kabi munosabatda bo‘lib, oilamizning teng huquqli a'zosi sifatida ko‘rdik. Ota-onalar uchun eng muhimi – o‘z farzandlarini qabul qilishi, axir aynan ularning munosabati jamiyatning qanday qabul qilishiga ham bevosita ta'sir ko‘rsatadi”, deydi Robiyaning onasi Aziza Karimova.
Global miqyosdagi hisobotga ko‘ra, 93 millionga yaqin bolalar qisman yoki og‘ir nogironlik kasalliklari bilan yashaydi. Ko‘plab mamlakatlarda nogiron bolalar og‘ir sharoitlarda kun kechirishadi. Masalan, qashshoqlikda yashaydigan bolalar na ta'lim olishga, na muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishga imkon topa olishadi.
“Nogiron bolalarning muammolarini ijtimoiy muhokamaga olib chiqish orqali biz tegishli shaxslarni imkoniyati cheklangan insonlarning shart-sharoitlaridan boxabar qilishimiz, ularning barcha imkoniyatlardan foydalanish uchun teng huquqi borligini bildirishimiz mumkin”.
Sasha Graumann, UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari
Tadbir yakunida hayotini imkoniyati cheklangan bolalar va insonlar huquqini targ‘ib qilishga bag‘ishlagan, BMTning nogironlar muammolari bo‘yicha birlashgan dasturi koordinatori Yana Chicherina so‘zga chiqdi va o‘z tajribasi, faoliyatida duch kelgan ayrim ibratli voqealar haqida hikoya qildi.
“Hayotda “Biz” va “Ular” degan tushunchalar yo‘q. Imkoniyati cheklangan va cheksiz imkoniyatga ega insonlar ham mavjud emas. Shuningdek, alohida ehtiyojlarga muhtoj insonlar ham yo‘q! Har bir kishiga yaqinlari va do‘stlari, ularning sevgisi kerak, birovlarning qistovi bilan majburiyat yuzasidan qilingan qaror emas, balki qiyinchilik bilan erishib bo‘lsa-da, o‘zi tanlagan qiziqarli o‘qishi va ishi kerak. Barchaga erkinlik va ijod, mustaqil harakatlanish muhiti kerak.
Insoniyat – bu bir butun organizmdir. Oyog‘ingiz og‘rib turganda, qo‘lingizni hech narsa bo‘lmayotgandek his eta olmaysiz. Yonimizdagi odamlar kamsitilganda, bu bizga ham daxl qilmay qolmasligining hech qanday iloji yo‘q. Chunki barchamiz bir-birimizga bog‘liqmiz. Farovon va baxtiyor bo‘lishi uchun insoniyat barchani va har bir insonni hisobga olishi lozim”, deydi Yana Chicherina o‘z nutqida.
Bolaligim, yana senga qaytsam edi...
Shodiya Saidqosimova - imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, go‘zal she'rlar bitadi, ijtimoiy loyihalarda ko‘ngilli sifatida ishtirok etadi. U akademik litseyning filologiya yo‘nalishini tamomlagan. Yaponiya rivojlanish markazida ham o‘qigan. Hozirda u sevimli rafiqa va ona.
Shodiya 1 dekabr kuni UNICEF tomonidan o‘tkazilgan “Aktivatsiya” tadbirida faol ishtirok etib, barcha mehmonlarni o‘zining chiroyli she'ri bilan lol qoldirdi.
Qani endi, yopsam kuygan kulchalarim,
Chopib yurgan sariq tuproq ko‘chalarim,
Oymomani orzu qilgan kechalarim?
Kechalari yulduz sanab yotsam edi,
Bolaligim, yana senga qaytsam edi.
Buvim o‘sma qo‘ygan qoshim barno hamon,
Sochim tortib qochar edi darsda Omon.
Maktab chog‘im sog‘indimku seni yomon.
Dugonamni eshigida kutsam edi,
Bolaligim, yana senga qaytsam edi.
Alamlardan kipriklarim nam emasdi,
Dunyo topib, to‘ymas ko‘zim kam demasdi.
Yuzim kulib, ich-etimni g‘am yemasdi.
O‘yinlarim g‘alabasin totsam edi,
Bolaligim, yana senga qaytsam edi.
Sog‘inaman. Yuragimga tosh botadi,
Ortga yo‘l yo‘q. Qaytolmayman. Bosh qotadi.
Shodiyani ko‘zidagi yosh sotadi.
Qo‘g‘irchog‘im quchib alla aytsam edi,
Bolalikka yana bir bor qaytsam edi.
Shodiya juda ko‘p she'rlar bitganki, ularni yig‘ib, bir necha kitoblar nashr qilish mumkin. Uning maqsadlari, rejalari ko‘p, eng muhimi - sevimli oilasi hamisha yonida. Biz esa oramizda qalbi orzularga to‘la, samimiy shoira borligidan xursandmiz.
Darvoqe, yuqoridagi misra ham bugungi kunda o‘z qo‘shig‘i uchun mazmunli she'r topa olmayotgan ayrim xonandalarga juda yaxshi asqotishi mumkin.
Bugun sahna minbariga chiqib, o‘z hayot haqiqatini barchaga baralla ayta olgan insonlar chinakam tahsinga sazovor. Zero, ularning har biridan bugungi kunga bo‘lgan shukronalikni, hayot bo‘lgan muhabbatni va hech qachon ortga chekinmaslikni o‘rganish mumkin. Atrofimizdagi imkoniyati cheklangan, xasta insonlarga shafqat yoki achinish hissi bilan qarashni to‘xtataylik. Ularga qo‘limizni berib, birgalikda bir butun jamiyat qurishga yordam beraylik. Chunki ularda bugungi kunda odamlar orasida kamayib borayotgan bag‘rikenglik, samimiylik va sabr-toqat xislatlari bisyordir...
Feruza Avazova, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
15:14 / 28.02.2020
Dilorom Toshmuhammedova: «Nogironlik holatiga tushganlar nima uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishda muammolarga duch kelishi kerak?»
15:00 / 28.02.2020
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bor-yo‘g‘i 3 foiziga xizmat ko‘rsatilmoqda – Senat
22:35 / 27.02.2020
Nogironlikni belgilashda haligacha shifoxonaga yotish talab qilinyapti. Hukumatga parlament so‘rovi yuboriladi
21:32 / 12.11.2018