Jamiyat | 20:00 / 07.12.2017
21446
2 daqiqa o‘qiladi

Imom-xatib: Telefondan noto‘g‘ri foydalanish oilalar ajralishiga sabab bo‘lmoqda

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati

6 dekabr kuni Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov Oqqo‘rg‘on tumanida oila vakillari, mahalla faollari, ustoz-murabbiylar hamda o‘quvchi-talabalar bilan “Farovon oila – saodat qasri” mavzuidagi muloqotda ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qilmoqda

Tadbirda Xayrulloh domla Turmatov ota-ona va ayollarni ardoqlashning ahamiyati, oilada erkak kishining vazifalari, oila saodatida mehr-muruvvat va oqibatning o‘rni, so‘zlashish va kiyinish bobida hayoning dolzarbligi, jinoyatchilikning oldini olish, internet, xususan, telefondan noto‘g‘ri foydalanish oilaviy ajrim va qator axloqsizliklarga zamin yaratayotgani borasida ma'ruza qildi.

Qatnashchilarning chanqoq va iliq nigohlari, aytilgan so‘zlar ta'siridan yuzlarni nam aylagan ko‘z yoshlari hamda bildirilgan munosabatlardan aholi o‘rtasida bu kabi tadbirlarni tashkil etish nechog‘lik ahamiyatli ekani e'tirof etildi. Shuningdek, muqaddas Islom dinimizda yaxshilik va ezgulik sari chorlash, noto‘g‘ri yo‘llardan ogoh etishning farz ekani ham bejiz emasligi aniq va ravshan tushuntirildi.

Tadbir so‘ngida viloyat bosh imom-xatibi tomonidan keng jamoatchik foydalanishi uchun ilmiy va tarbiyaviy-axloqiy mazmundagi turfa adabiyotlar, xususan muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining “Oilada farzand tarbiyasi” kitobi ham sovg‘a qilindi. 

Mavzuga oid