Jamiyat | 23:00 / 11.12.2017
11387
4 daqiqa o‘qiladi

Isbotsiz haqiqat: “Har qanday kasbda malaka oshirish zarur”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarning bugungi kun talablariga javob bermasligi ta'kidlanib, buning noxush oqibatlari raqamlarda keltirildi. Masalan, o‘tgan 10 oyda sodir etilgan 8 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi natijasida 2 ming 31 nafar kishi halok bo‘ldi, 7 ming 622 nafari tan jarohati oldi.

Bu hodisalarning asosiy sababi fuqarolarimizda yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish madaniyatini oshirish, avtotransport vositalarining yo‘llarda harakatlanishi uchun xavfsizlik choralarini ko‘rishda jiddiy muammolar mavjudligidadir. 

Yo‘l harakati xavfsizligini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2017 yilning 4 sentabr kuni “Innovatsion o‘qitish uslublarini joriy etish yo‘li bilan haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 693-sonli Qarorni qabul qildi. Hujjatda 2018 yilning 1 yanvaridan yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalari haydovchilari malaka oshirish kurslarida o‘qishlari shartligi belgilab qo‘yildi. Mazkur qarorga ko‘ra, yuqorida qayd etilgan shaxslar tomonidan Avtotest o‘quv majmualari negizida har 2 yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tish tartibi o‘rnatildi.

Malaka oshirish kurslarida mashg‘ulotlar 6 kun davomida 2 soatu 40 daqiqa bo‘lib o‘tadi. 4 smena tinglovchilar uchun qulay vaqtni tanlash imkonini beradi: birinchi smena ertalab soat 8 da boshlanib, so‘nggisi kechki soat 18:30 da tugaydi. Guruhda tinglovchilar soni 30 kishigacha bo‘ladi. Kurslarning narxi EKIHning 2 barobari miqdorida. Kurslarda haydovchilarning ish tajribasi muhim emas. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga tegishli namunadagi sertifikatlar taqdim etiladi.  

Shuningdek, hozirda Avtotest kompaniyasi mutaxassislari avtomobillarning yoqilg‘i samaradorligi va ekspluatatsiyasi bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishmoqda. Kurs davomida haydovchi avtomobilning bort tizimlarini to‘g‘ri va samarali qo‘llashni hamda har qanday yo‘l sharoitida safarning har kilometrida yoqilg‘ini tejash imkonini beruvchi boshqaruv usullarini o‘rganishadi.

Yoqilg‘i va boshqa xarajatlarni kamaytirish borasida kompaniya tomonidan beriladigan bilimlar haydovchilarning malakasini oshirish samaradorligini yanada oshiradi.

Haydovchilik mahorati bu — bilim va ko‘nikmalar kompleksi bo‘lib, ularni doimiy ravishda takomillashtirish kerak bo‘ladi. Chunki favqulodda vaziyatlarda avtohalokatlarning oldini olishda kishi yuqori malakaga ega bo‘lishi zarur.

Bu muammo faqatgina O‘zbekiston aholisi uchun dolzarb emas. Yevropada haydovchilarning malakasini oshirish kurslari 2006 yilda faoliyat ko‘rsata boshlagan. Rossiya transport vazirligi o‘z qarori bilan haydovchilarga malaka talablarini qo‘ydi. Hozirda RF hukumatida haydovchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashni qonunan majburiy qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Shu nuqtai nazardan O‘zbekistonda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rish ko‘rinishidagi navbatdagi islohot mamlakatimiz xalqaro tendensiyalar sari qadam qo‘yayotganiga dalil bo‘lib xizmat qiladi.

Albatta, hammasini vaqt ko‘rsatadi, lekin shunday isbotsiz haqiqat borligini unutmaslik kerak: “Har qanday kasbda malaka oshirish zarur”. Ayniqsa, agar bu kasb odamlarning xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lsa.

Mavzuga oid