O‘zbekiston | 08:04 / 13.12.2017
78914
19 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir farmonga imzo chekdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat va hukumat idoralarining aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish darajasini yanada oshirish maqsadida navbatdagi farmonga imzo chekdi. Quyida uning to‘liq matni keltirilmoqda. 

Mamlakatda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimi izchillik bilan takomillashtirilmoqda va modernizatsiya qilinmoqda, bu aholining hayot sifati, investitsiya iqlimi, ishchanlik muhitini yaxshilash va biznesni rivojlantirish imkonini beradi. 

2003 yildan buyon tadbirkorlik sub'yektlarini “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyalari (keyingi o‘rinlarda Inspektsiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirib kelingan. 

2016 yil 1 yanvardan boshlab Inspektsiyalar negizida Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari (keyingi o‘rinlarda Yagona markazlar deb yuritiladi) tashkil etildi. 

2017 yil 1 fevraldan Yagona markazlarning tumanlar (shaharlar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilishi mazkur sohani rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadam bo‘lib, vertikal boshqaruvni shakllantirish, ularning samarali faoliyatini tashkil etish imkonini berdi. Natijada Yagona markazlar tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 33 tagacha oshdi. 

2017 yil 1 apreldan boshlab ro‘yxatga olish tartib-taomillarini 30 daqiqagacha qisqartirish imkonini beruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilganligi “Doing Business 2018” global reytingidagi “Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning mavqeini 24-o‘rindan 11-o‘ringa yaxshilashga xizmat qildi. 

Shu bilan birga, davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining aholi va tadbirkorlik sub'yektlari ehtiyojlarini to‘liq qanoatlantiradigan sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishiga ayrim tizimli muammolar to‘sqinlik qilmoqda. Xususan: 

birinchidan, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyatidan faqat tadbirkorlik sub'yektlari foydalanishi mumkin. Bunda fuqarolar hanuzgacha turli davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha murakkab tartib-taomillardan o‘zlari o‘tishga majbur bo‘lmoqda; 

ikkinchidan, qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarining mavjud emasligi, ular idoralararo integratsiya qilinishining past darajada ekanligi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan barcha davlat xizmatlari majmuasidan qulay va o‘z vaqtida foydalanishni ta'minlamayapti; 

uchinchidan, ko‘pchilik davlat xizmatlarini ko‘rsatishning tartib-taomillari murakkab va foydalanish uchun qiyin bo‘lib qolmoqda, narxni shakllantirish mexanizmlari shaffof emas, alohida hollarda tor idoraviy manfaatlarda “monopol” xizmatlar ko‘rsatishga talablar belgilanmoqda; 

to‘rtinchidan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekanligi, qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgan andozalari asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolar ko‘p vaqt kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga hamda oqibatda, ayrim hollarda korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda; 

beshinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatishni, shu jumladan real vaqt rejimida masofadan monitoring qilish va jamoatchilik fikrini o‘rganish orqali nazorat qilish va sifatini baholashning ta'sirchan tizimi mavjud emas. 

Yuqorida qayd etilgan omillar aholining davlat xizmatlaridan keng foydalanishini ta'minlash, ularni ko‘rsatish bilan bog‘liq vaqt va moliyaviy xarajatlarni kamaytirish, aholining davlat organlari faoliyatidan qanoatlanganlik darajasini oshirish imkonini bermaydi. 

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimining sifat jihatidan yangi darajaga o‘tishini ta'minlash maqsadida: 

1. Quyidagilar davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini tubdan isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin: 

birinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida ularning sifati, tezkorligi, shaffofligi va foydalanish imkoniyatini tubdan oshirish orqali “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyani so‘zsiz amalga oshirish; 

ikkinchidan, Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlarini ham yuridik, ham jismoniy shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha xizmatlarni taqdim qiluvchi Davlat xizmatlari markazlariga o‘zgartirish; 

uchinchidan, davlat xizmatlarining har bir turi bo‘yicha “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko‘ra davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmini, eng avvalo, ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish, vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtirishni nazarda tutuvchi ma'muriy reglamentlarni tasdiqlash; 

to‘rtinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasiga innovatsion yechimlar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ma'lumotlar bazalarini idoralararo elektron hamkorlik yagona tizimiga integratsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish; 

beshinchidan, davlat xizmatlarini, shu jumladan olis joylarga chiqish orqali (“mobil davlat xizmatlari”) ko‘rsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan, mazkur sohada byurokratiya va korrupsiya yuzaga kelishini bartaraf etishga qaratilgan navbatni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi va ishlarning uzaytirilgan grafigidan foydalanish; 

oltinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati va tezkorligini monitoring qilish va baholashning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish, aholi bilan qayta aloqaning samarali tizimini, shu jumladan tezkor aloqalarni, rasmiy saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalarda onlayn so‘rovlarni tashkil qilish; 

yettinchidan, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida malakali kadrlarni tizimli tayyorlash va qayta tayyorlashni, ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan muassasalarida stajirovka o‘tash orqali tizimli ravishda oshirishni tashkil etish.

2. Quyidagilar negizida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik deb yuritiladi) tashkil etilsin: 

38 ta shtat birligi soniga ega O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari; 

Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari. 

Quyidagi mablag‘lar hisobiga moliyalashtirishning amaldagi tartibini saqlagan holda: 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmatining 24 ta shtat birligi; 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, mahalliy byudjyetlar – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalarining 157 ta mutaxassis lavozimi shtat birligi Agentlikka o‘tkazilsin. 

3. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin: 

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish; 

ortiqcha ma'muriy tartib-taomillarni bartaraf etish, shuningdek, idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish hisobiga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini takomillashtirish; 

Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish, mazkur sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish; 

davlat xizmatlari ko‘rsatishda foydalaniladigan axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarini loyihalashtirish, tayyorlash, joriy etish va integratsiya qilishga yagona yondashuvlarni ishlab chiqishda ishtirok etish; 

davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida, shu jumladan tegishli axborot tizimlari, resurslari va ma'lumotlar bazalarini joriy etish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish va samaradorligini baholash; 

davlat xizmatlari ko‘rsatishning innovatsion shakllari va uslublarini joriy etishni tashkil qilish, mazkur sohada qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. 

4. 2018 yil 1 yanvardan Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzurida faoliyat yurituvchi Davlat xizmatlari markazlariga aylantirilsin, quyidagilar ularning asosiy vazifalari sifatida belgilansin: 

jismoniy va yuridik shaxslarga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha, shu jumladan olis joylarga chiqqan holda davlat xizmatlari ko‘rsatish; 

davlat xizmatlari servisining yuqori sifati, tezkorligi, shaffofligi, qulayligi va foydalanish imkoniyatini ta'minlash, mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma'muriy to‘siqlarga yo‘l qo‘ymaslik; 

idoralararo hamkorlikni, eng avvalo, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjat va axborotlarni tezkorlik bilan olishni ta'minlovchi elektron hamkorlikni amalga oshirish; 

davlat xizmatlari ko‘rsatishda jismoniy va yuridik shaxslarga malakali axborot va maslahat yordamlarini taqdim etish; 

vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatishda qonun hujjatlari va ma'muriy reglamentlar talablariga rioya etilishini ta'minlash. 

5. Belgilab qo‘yilsinki: 

Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan; 

Agentlikning hududiy boshqarmalari faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Xalq qabulxonalari tomonidan; 

Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari tomonidan amalga oshiriladi. 

Agentlik va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sxemasi 1-ilovaga muvofiq ma'qullansin. 

6. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga Agentlik faoliyati ustidan umumiy rahbarlik va nazoratni amalga oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish yuklatilsin. 

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 fevraldagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2750-son qarori bilan tashkil etilgan Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tugatilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tuzilmasida umumiy shtat soni doirasida 4 ta shtat birligi bilan Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish shu'basi tashkil etilsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarining ularda Davlat xizmatlari markazlarini joylashtirishni ham nazarda tutgan holda namunaviy loyihalarini ishlab chiqsin va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari zamonaviy binolarini tasdiqlangan loyihalarga muvofiq, eng avvalo, davlat-xususiy sheriklik shartlarida qurish choralarini ko‘rsin; 

yangi binolar foydalanishga topshirilgunga qadar Davlat xizmatlari markazlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari binolarida, zarur hollarda esa – jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini sifatli ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni yaratgan holda boshqa binolarda joylashtirishni ta'minlasin. 

9. Quyidagilar: 

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq; 

2018-2020 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati (keyingi o‘rinlarda Ro‘yxat deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlar va Ro‘yxatning amalga oshirilib borilishini har oyda ko‘rib chiqsin. 

Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 28 sentabrdagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–2412-son va 2017 yil 1 fevraldagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2750-son qarorlariga muvofiq Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshirilishi ma'lumot uchun qabul qilinsin. 

10. Ro‘yxatda ko‘rsatilgan mas'ul davlat organlari va boshqa tashkilotlar belgilangan muddatlarda: 

Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjat va boshqa aktlarning namunaviy shakllari, blankalarini ishlab chiqsin hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlasin; 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat xizmatlarining tegishli turlarini ko‘rsatish bo‘yicha, shu jumladan boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali olinadigan hujjatlar va ma'lumotlarni fuqarolardan talab etish bekor qilinishini nazarda tutgan holda ma'muriy reglamentlar loyihalarini ishlab chiqsin. 

11. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 fevralga qadar muddatda Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirishni ta'minlasin. 

Belgilansinki, 2018 yil 1 fevraldan boshlab davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar ularning Davlat xizmatlari yagona reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta'minlaydi, 2018 yil 1 iyundan boshlab esa mazkur reyestrga kiritilmagan davlat xizmatlarini ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Adliya vazirligiga xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish uchun texnik ko‘maklashish mablag‘lari va grantlarni jalb qilish masalalarini ishlab chiqishda, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashsin.

13. Agentlik, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator, “O‘zinjiniring” Respublika loyiha instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018 yil 1 martga qadar muddatda Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun zarur axborot tizimlari, resurslari, ma'lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, joriy etish va integratsiya qilish va apparat-dasturiy komplekslarni o‘rnatishning konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy hisob-kitobi va texnik topshirig‘i tayyorlanishini hamda tasdiqlash uchun o‘rnatilgan tartibda kiritilishini ta'minlasin. 

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda: 

tasdiqlangan konsepsiya, texnik-iqtisodiy hisob-kitob va texnik topshiriq asosida Agentlik, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari uchun axborot tizimlari, resurslari, ma'lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqilishini, shuningdek, apparat-dasturiy komplekslar o‘rnatilishini ta'minlasin; 

Ro‘yxatda ko‘rsatilgan davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ularning axborot va telekommunikatsiya tizimlari, ma'lumotlar bazalari, serverlari va boshqa uskunalarini inventarizatsiyadan o‘tkazib, keyinchalik ularni Agentlikning axborot tizimlari bilan integratsiya qilsin va idoralararo elektron hamkorlikni joriy etsin; 

Agentlik bilan birgalikda uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlarini zarur video, audio va boshqa uskunalar bilan jihozlashni ta'minlasin hamda real vaqt rejimida davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonini masofadan kuzatishni tashkil qilsin. 

14. Vakolatli davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi uchun shaxsan javobgar ekanligi haqida qat'iy ogohlantirilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishi ustidan qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan aybdor shaxslarga nisbatan ta'sirchan choralarni ko‘rgan holda tizimli nazorat o‘rnatsin. 

15. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A.Xudaybergenov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin. 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.MIRZIYoYeV 

Toshkent shahri, 2017 yil 12 dekabr

Mavzuga oid