Jamiyat | 11:20 / 15.12.2017
19930
4 daqiqa o‘qiladi

Issiqqina choyga nima yetsin. Choyning yana bir shifobaxsh xususiyati aniqlandi

Foto: Fotolia

Kuniga juda bo‘lmasa bir piyola issiq choy ichish ko‘z ko‘rmay qolishining sabablaridan biri bo‘lgan – glaukoma kasalligining rivojlanishi ehtimolini sezilarli kamaytirishi aniqlandi. Bu haqda British Journal of Ophthalmology jurnalidagi maqolada aytilgan.

“Afsuski, biz respondentlarimizning qanday choy – ko‘k yoki qora choy ichganlarini, ular choyni qancha vaqt damlab qo‘yganlarini, choy bilan birga qand yoki shirin ta'm beruvchilar iste'mol qilgan-qilmaganlaridan bexabarmiz. Umuman olganda, bu ichimlikni xush ko‘ruvchilar glaukomadan issiq choyni yoqtirmaydiganlardan kamroq aziyat chekadilar”, deb yozgan Kaliforniya universiteti xodimi Anna Koleman. 

Koleman boshchiligidagi olimlar jamoasi 2005 yildan 2012 yilgacha davom etgan, ovqatlanish va salomatlikni kuzatish dasturida ishtirok etgan 10 mingga yaqin tibbiy xodimning hayotini kuzatib, shunday xulosaga kelishgan.

Loyiha ishtirokchilari nafaqat muntazam ravishda tahlillar topshirib, sog‘liqlarini to‘liq tekshirtirib turishgan, balki nima yeyish-ichishlari, qanchalik yaxshi uxlashlari va hayotlaridagi boshqa tafsilotlarni gapirib berishgan. Ulardan bir qismi kuzatuvlargacha va undan keyin ko‘z tubi va pardasi sinovlaridan o‘tganlar. 

Olimlar bu ma'lumotlarni o‘rganib, qahva, gazli yoki boshqa salqin ichimliklar iste'mol qiluvchilar emas, balki tez-tez issiq choy ichuvchilar hayotlarining keyingi yillarida glaukomadan kamroq aziyat chekkanlarini aniqlaganlar.

Umuman olganda, tadqiqotdan o‘tgan tibbiy xodimlarning 5 foizi hayotlarining keyingi yillarida glaukomaga uchraganlar va ular har kuni bir finjondan qora yoki ko‘k choy ichishganda, bu kasallikka uchrashlari ehtimoli deyarli 75 foizga kamaygan.

Tadqiqotchilarning fikricha, choyning ko‘zlar salomatligiga ijobiy ta'siri unda katta miqdorda antioksidantlar borligi bilan bog‘langan. Bu moddalar ko‘zda kimyoviy tajovuzkor molekulalarning to‘planishi oqibatida ko‘z hujayralarining ommaviy nobud bo‘lishi jarayonini sekinlashtiradi. Choydagi flavonoidlar esa ko‘zni kislorod va oziqa moddalari bilan ta'minlovchi qon tomirlarini kengaytiradi va bu ham ko‘z ravshanligining barvaqt susayishi oldini olishi mumkin.  

Qizig‘i shundaki, tibbiy xodimlarga faqatgina issiq choy shunday ijobiy ta'sir qilgan. Choy ichimliklari va salqin choylar hamda qahva hozircha noma'lum sabablarga ko‘ra glaukomaning avj olishiga hech qancha ta'sir qilmagan. Olimlarning umid qilishicha, ular kelgusida buning javobini topishga muvaffaq bo‘ladilar. 

Glaukoma – ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishiga olib keluvchi kasallik bo‘lib, unda ko‘z ichida bosimning ko‘tarilishi sababli ko‘z pardasi hujayralari yemirilishi yuz beradi, ko‘zning ko‘rish nervlari o‘z xususiyatini yo‘qotadi, ko‘rish signallari esa miyaga kelmay qoladi. Buning oqibatida inson yaxshi ko‘rmay qoladi.

Mavzuga oid