O‘zbekiston | 00:46 / 15.12.2017
51350
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Issiq-ko‘ldagi qaysi pansionatlar qaytib berildi?

2016 yil aprelda O‘zbekistonning Issiq-ko‘ldagi 4 ta pansionati – “Oltin qumlar”, “Rohat NBU”, “Dilorom” va “Bo‘ston” Qirg‘iziston ixtiyoriga o‘tgandi. Bunday qarorni Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Temir Sariyev qabul qilgan.
     
O‘zbekiston ushbu pansionatlarning qaytarilishi bo‘yicha xalqaro arbitraj sudiga ariza topshirgan. Aniqlanishicha, Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyev O‘zbekistonga kelganda yangi kelishuvni tuzishni taklif qilib kelishmovchilikni hal qilishga harakat qilgan.

Kelishuvga ko‘ra, pansionat yerlari Qirg‘iziston mulki bo‘lib qoladi, pansionatlar esa O‘zbekistonga qaytariladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston pansionatlarga huquqlar rasmiylashtirilgandan keyin ularni yil bo‘yi ishlash imkoniyati bilan 3-4 yulduzli darajaga yetkazishi kerak bo‘ladi.    

Quyida O‘zbekistonga qaytarilayotgan pansionatlar haqida ma'lumotlar keltirilgan.

“Oltin qumlar”

Adliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, pansionat “Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi” davlat aksiyadorlik jamiyatining filiali hisoblanadi. Boshqa ma'lumotga ko‘ra, u “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga topshirilgan. 

Pansionat balansida 28,35 gektar yer maydoni bor. Majmua 68 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 39 ta kottej va 4 ta korpusdan iborat.

“Dilorom”

Pansionat 1985 yilda Kara-Oy qishlog‘ida qurilgan. Ayni vaqtda uning egasi “Asaka Bank” tijorat banki hisoblanadi. Pansionatning yer maydoni 21,77 gektardan iborat. 

Majmua 75 ta ko‘chmas mulk obekti, jumladan 45 ta kottej, 4 ta korpus, suv havzasi, oshxona, tibbiy punkt, garaj, suv bosimi minorasidan iborat.

“Rohat-NBU”

Pansionat muassisi O‘zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki hisoblanadi. Pansionat Kara-Oy qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, 19,05 gektar yerdan iborat va mahalliy qishloq mahkamasidan 2,7 gektar plyaj-bog‘ maydonini ijaraga oladi.   

Pansionatda 49 ta inshoot, jumladan, 7 ta kottej bor. 9 ta obekt kafe sifatida qo‘llanadi, 3 ta ma'muriy korpus mavjud. Qolgan 30 ta inshoot xizmat maqsadlari uchun omborlar va ofislar sifatida jihozlangan.  

«Bo‘ston»

Pansionatga O‘zbekiston sanoat-qurilish banki egalik qiladi. U Issiq-ko‘l viloyatining Ton tumanida joylashgan. 10,65 gektar maydonni egallaydi.

Pansionatda 23 ta qurib bitkazilmagan obekt mavjud. 

Manba: 24.kg