«Chiqindi». Tramp grin-karta bo‘yicha kelganlarga «tashlandi»
AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatga immigratsion viza lotereyasi orqali kelayotgan odamlarni o‘z jamiyatlarining “yomonlar ichidagi eng yomoni” deb atadi hamda bu mexanizmni bekor qilishga chaqirdi. U tegishli bayonot bilan juma kuni Virjiniya shtatidagi Federal tergov byurosining Milliy akademiyasida chiqish qilgan.
"Ma'lum bir lotereya bor. Siz odamlarni tanlaysiz. Sizlar o‘sha qaysidir davlat bizga eng yaxshi odamlarini beradi, deb o‘ylaysizlarmi? Yo‘q”, - deya ta'kidlab o‘tgan Tramp.
"Bu qanday tizim o‘zi? Ular lotereya yordamida kelishmoqda. Ular bizlarga eng yomon odamlarini berishmoqda, ularni chiqindi kabi tashlab yuborishmoqda", - deya ta'kidlab o‘tgan prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ma'muriyat Kongressni “zanjirli migratsiya”ga (ko‘chib ketgan insonning ortidan ma'lum bir joyga ko‘chib borish, oila bilan birlashish – tah.) yakun yasash, shuningdek, viza lotereyasi amaliyotini tugatishga chaqiradi, uni esa ma'lum bir xizmatlar asosiga qurilgan immigratsiya tizimi bilan almashtirish mumkin.
Tramp Nyu-Yorkdagi ikkita teraktni ham shu nuqtai nazardan eslatib o‘tgan – har ikki shaxs, uning so‘zlariga ko‘ra, AQShga hozirgi muhojirlik dasturi orqali kelgan. Ulardan biri “zanjirli migratsiya” mexanizmi tufayli Qo‘shma Shtatlarda istiqomat qilishni boshlagan bo‘lsa, boshqasi – viza lotereyasida yutgan.
Tramp 3 noyabr kuni oktabr oyi oxirida Manhettenda yuz bergan teraktdan so‘ng ham shunday bayonot bilan chiqqandi.
Seshanba kuni esa Tramp kongressdan mamlakatga to‘g‘ri kelmaydigan shaxslarning kirib olishiga imkon beruvchi migratsion teshiklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor harakatlarni talab qildi.
"Kongress bu jarayonga darhol kirishishi kerak hamda qonun chiqaruvchilar unga qo‘shilishi darkor. Men shuni aytishim mumkinki, biz juda katta muvaffaqiyatga erishdik", - deya aytib o‘tdi prezident.
31 oktabr kuni asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan Sayfullo Soipov Nyu-Yorkda yuk mashinasini piyodalar ustiga haydab bordi, natijada sakkiz kishi halok bo‘ldi, 10 dan ortiq inson jarohatlandi. Soipov grin-kartani lotereyada yutib olgandi.
Dushanba kuni esa asli kelib chiqishi bangladeshlik bo‘lgan va AQSh fuqarolari bo‘lgan qarindoshlari tufayli Amerika vizasini olgan shaxs Manhetten markazida qo‘lbola bombani portlatdi. Natijada bir necha kishi jarohat oldi.