Jahon | 16:50 / 19.12.2017
11792
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlariga suv masalasida davlatlararo muloqot guruhini tuzishni taklif qildi

Foto: CAREC

Markaziy Osiyodagi transchegaraviy suv hamkorligi mintaqa barqarorligi va farovonligining asosidir. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining suvni tejash texnologiyalarini rivojlantirish va suvdan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Sharifjon Qo‘chqorov 19 dekabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Xalqaro suv xo‘jaligi huquqi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash jihozi sifatida" nomli seminarda shunday bayonot bilan chiqdi. 

"Davlat rahbari mintaqa suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalarini hal qilishni O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilab berdi. Shavkat Mirziyoyev "Mamlakatimiz tashqi siyosatining eng asosiy yo‘nalishlaridan biri yaqin qo‘shnilar bilan aloqalarni mustahkamlash", "o‘tkir masalalardan qochmaslik, oqilona yechimlar izlash" ekanini qayd etdi.

Biz shunday yechimlarni izlamoqdamiz va suv xo‘jaligidagi muammolarga bag‘ishlangan ikki tomonlama ishchi guruhlar o‘rtasidagi muntazam uchrashuvlarda ularni topishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.

BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi 2017 yilning martida Markaziy Osiyo uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiya loyihalarini yubordi. Loyihalar suv huquqi sohasidagi xalqaro tan olingan ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqildi. Konventsiyalar loyihalari shuningdek Jahon banki, Yevropa Ittifoqi, AQSh hukumati, Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasiga ham yo‘llangan. Konventsiyalarning maqsadi - Markaziy Osiyodagi transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish va ularni taqsimlash masalalarini tartibga solishga doir samarali mexanizmni ishlab chiqish. 

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona va kompleks foydalanish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash muhimligini e'tirof etgan holda, BMTning priventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining Amudaryo va Sirdaryo havzalarida suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi konvensiyalarini ishlab chiqishga doir tashabbusini minnatdorchilik bilan qabul qildi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasida shunday dedi: "Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashga doir muammolar haqida gapirar ekanmiz, mintaqaning umumiy suv resurslaridan birgalikda foydalanish kabi muhim masalani chetlab o‘tib bo‘lmaydi. Biz BMT Bosh kotibining "suv, tinchlik va xavfsizlik muammolari chambarchas bog‘liq" ekaniga doir pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchim komilki, suv muammosining mintaqa mamlakatlari va xalqlarining manfaatlarini teng hisobga oluvchi muqobili yo‘q. O‘zbekiston BMTning preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi tomonidan ishlab chiqilgan Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv resurslaridan foydalanishga doir konvensiyalar loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydi". 

O‘zbekiston o‘z tomonidan mintaqaning barcha mamlakatlari bilan davlatlararo suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv muloqot olib borishga tayyor va umume'tirof etilgan xalqaro huquq normalari asosida tegishli Konventsiyalarni ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chaqiradi.

Biz barchani muloqot qilishga va o‘zaro manfaatli yechimlarni izlashga chaqirib qolamiz, biz mintaqaviy konvensiyalarni birgalikda ishlab chiqishni nihoyasiga yetkazamiz va imzolaymiz.

    Shuningdek, biz Orolni qutqarish Xalqaro fondi va uning ikki komissiyasi shafeligi ostidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishimiz zarur. 
Aholining oshishi va shu tariqa suv hamda oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojning o‘sishi suv hajmining kamayishi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq yangi chaqiriqlar sharoitlarida bizning oldimizga mintaqa mamlakatlarining suv xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha katta vazifalarni qo‘yadi. 

Bunday murakkab sharoitlarda O‘zbekiston jamiyat, iqtisodiyot va ekologiya ehtiyojlarini qondirishda umumiy suv iste'molini kamaytirish yo‘lida katta ishlarni amalga oshirmoqda.

Xususan, o‘tgan yuz yillikning 90-yillari boshida O‘zbekistondagi umumiy suv iste'moli hajmi 64 milliard kub metr atrofida bo‘lgan, respublika aholisi soni esa 21 million kishini tashkil qilgan. 

Bugungi kunda esa O‘zbekistondagi yillik suv iste'moli - 52 milliard kub metrga yaqin, aholi soni esa - 32 milliondan ziyod. 

Shu munosabat bilan so‘nggi yillarda respublikada iqtisodiyotning barcha jabhalarida, shu jumladan qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarga alohida e'tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda 180 ming gektardan ortiq yerlarga suv tejovchi texnologiyalar tatbiq etildi, 30 ming gektar yerda tomchilab sug‘orish texnologiyalari joriy etildi va h.k.

Biroq, O‘zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, "mintaqaning barcha aholisini xavotirga solayotgan savollarni hech bir mamlakat alohida hal qila olmaydi. Markaziy Osiyo doim suv resurslariga tobe' bo‘lib kelgan, hozir esa global isish va suv iste'molining o‘sishi sharoitlarida bu muammo faqat chuqurlashmoqda.

Bugun agar har bir qatra suvni asramasak, bu kelgusi avlod oldida jinoyat bo‘ladi. Biror mamlakat hatto suvni tejovchi eng yaxshi texnologiyalarni tejab ham bu muammoni mustaqil hal qila olmaydi".

Biz ushbu ikki mintaqaviy konvensiya matnlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlash uchun davlatlararo muloqot guruhini tuzishni taklif qilamiz hamda mintaqaning barcha davlatlarini muloqot qilish va o‘zaro manfaatli yechimlarni izlashga chaqirib qolamiz", - dedi Qo‘chqorov. 

Mavzuga oid