Jamiyat | 13:20 / 20.12.2017
66553
6 daqiqa o‘qiladi

Tsirk

O‘qituvchilar va ularning muammolari haqida ko‘p va xo‘p gapirildi. Bu mavzu haqida chunonam gapirildiki, endi bu gaplar qalbimizni ortiq larzaga solmaydigan, hayratimizni oshirmaydigan odatiy turmush manzaralariga aylandi. Ammo biz gapiraveramiz. Bunga sabablar ko‘p, ammo ular ichida eng haqiqiysi bu gaplar zamirida INSON manfaati, uning qadr-qimmati yotibdi. Xullas, biz gapirishda davom etamiz...

Tahririyatimizga Namangan shahrida joylashgan kasb hunar kollejlaridan birida uzoq yillardan buyon dars berib kelayotgan o‘qituvchi ayol qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Tabiiyki, aynan qaysi kollej va aynan kimligini maqolada keltirishimizni istamadi. Uning so‘zlariga quloq solar ekanmiz, dunyoning mana-man degan davlatlari-yu, milliarderlari robotlar ishlab chiqarishga qanchadan qancha mablag‘ ajratishyapti, bizda esa tug‘ma robotlar serob ekanligiga amin bo‘ldik.

“Tekshiruvchilar kelarmish...”

Foto: 123RF

“Ketma-ket ikki kun - 13-14 dekabrda ochiq dars o‘tdim. Ikkinchi kun o‘tayotganimda kollejimiz direktori kelib, tekshiruvchilar kelarmish, sizning xonangizga olib kiramiz-da, deb qoldi. Bir payt salom yo‘q, alik yo‘q 30 nafarga yaqin kishidan iborat jamoa xonaga tapir-tupur kirib kelishib, darrov qog‘ozga yopishib ketishdi. Yana hujjatbozlik. Buning o‘rniga o‘quvchilarning bilimi, ularning sharoiti va nimaga qiziqishlari, nimalar zarurligi haqida qiziqishmaydimi? Mantiqsizlikni qarang... Hujjat nimani hal etib bera oladi? 

Oddiy misol: qish mavsumi boshlandi. Kollejimizga yangi kotel o‘rnatib berishdi. U ham chiroq bo‘lsa ishlarmish, bo‘lmasa yo‘q. O‘quv xonalaridagi isitish trubalari muzlab yotibdi. Uyimdan elektr pech olib kelib o‘rnatdim. O‘quvchilar xonaga kirishgan zahoti o‘shaning yonida g‘ujg‘on bo‘lib o‘tirib olishadi. Azoiy badanidan sovuq o‘tib ketgan o‘quvchi dars tinglaydimi, yozadimi, o‘qiydimi? 

Tekshiruvchilar forma haqida so‘ragandi, o‘quvchilarimdan biri shart o‘rnidan turib “Avval xonani isitib qo‘ying, keyin forma so‘raysiz. Sovuqda forma kiyishga nima bor?”, dedi. Uning bu o‘rinli e'tirozi tekshiruvchiga erish tuyuldi shekilli “Bu bahona bo‘la olmaydi”, dedi.

Oylab paxta dalasida yurdik. Lekin birortasi kelib, davomat yoki forma va yoki biror narsa bilan qiziqib ko‘rmadi. Dekabr boshlanib, o‘quv ishlari jadal sur'atda davom etayotgan bir paytda (chunki uch oy davomida darslar qolib ketgan, ularga yetib olish talab etiladi) har ikki kunda yigirma-o‘ttiz kishidan iborat tekshiruvlar bo‘lib turibdi. Buncha odamning qiladigan boshqa ishi yo‘qmi?

Meni qiynaydigani bu sohadagi ayrim mantiqsizliklardir. Qog‘ozbozlik, fikr yuritmay, robotga o‘xshab harakat qilishlaridir...

Ikkinchi mantiqsizlik – davomat

Bizga o‘quvchilaringni davomatiga qaragin, deb topshiriq berishgan. O‘quvchini kollejga jo‘natish, maktabdan keyin uning darslari bilan shug‘ullanish, avvalo, ota-onaning vazifasi-ku. Bolasiga bee'tibor bo‘lgan ota-ona uddalay olmagan ishni o‘qituvchi qanday uddalaydi? Uning ham oilasi, bolalari bor. Bola tarbiyasi bir-ikki kunda hal bo‘ladigan narsa emas-ku. 

Foto: Fotolia

Tasavvur qiling: soat birda ishim tugaydi. Keyin uyma-uy yurib, darsga kelmaganlarnikiga boraman. Odamlar har-xil, turli xarakterli ota-onalar bilan suhbatlashgandan so‘ng, horib-charchab soat beshga yaqin uyga kirib kelaman. Endi, aytingchi: ham jismoniy, ham asabiy charchashdan so‘ng qo‘lingizga daftar olgingiz keladimi? Oilangiz bilan o‘tirib dildan suhbatlasha olasizmi? Shaxsiy hayotingizni o‘ylashga xafsala qilasizmi?

 

Davomatning past bo‘lib ketganiga o‘zlari sababchi-ku. O‘qituvchi paxta dalasida, tabiiyki dars bo‘lmaydi, o‘quvchi esa uyda. Oylab bu narsaga ko‘nikib bo‘lgan bolani o‘qishlarga jalb qilish qanday azobligini o‘qituvchidan boshqa hech kim bilmaydi. Ochig‘ini aytsam, bu ishdan ko‘nglim sovidi. Juda qattiq ranjidim...

Yakuniy xulosa – tahririyatniki emas...

Bu xulosani biz emas, o‘sha kollejda ishlayotgan yosh o‘qituvchilar chiqarib bo‘lishibdi. Bizga qo‘ng‘iroq qilgan ayolning fikricha, kollejda dars berayotgan yosh kadrlar uzoq yillik ish stajiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga va ularning ish faoliyatiga bo‘layotgan munosabatni ko‘rib, “bir kuni biz ham shu-da, kelajagi yo‘q ekan bu ishni”, degan xulosaga kelishgan. Ko‘plari ishdan bo‘shagan yoki boshqa ishga o‘tib ketishgan. Barchasi sirkka o‘xshaydi. Kimlar uchundir tomosha qo‘yish hamda qarsak va olqishlarga sazovor bo‘lish. Ammo real hayot sirkdagi tomoshalarga mutlaqo o‘xshamaydi...

Foto: Fotolia

Muhtaram o‘quvchi, yuqoridagi holatlar bo‘yicha balki sizda boshqa bir xulosa bordir? Unda fikrlaringizni kutib qolamiz.

Mavzuga oid