O‘zbekiston | 17:13 / 21.12.2017
66290
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga o‘tish bosqichlari e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

​21 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining XIII yalpi majlisi o‘z ishini ikkinchi kunda davom ettirdi. Unda 77 nafar senator, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, sud va prokuratura xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. «2018 yilda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha dastur»​ to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Zoyir Mirzayev nutq so‘zladi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar beradi. 

«Tasdiqlangan dasturga ko‘ra, o‘tib borayotgan 2017 yilning o‘zida 23800ta fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli xo‘jalik turiga o‘tdi. Faoliyat yuritayotgan ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari asosan go‘sht, sut mahsulotlarini qayta ishlash, sovitgich, omborxona va issiqxonalarni tashkil etish, shuningdek aholiga xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. 

Yangi dasturga ko‘ra, 2018 yilda 21634ta fermer xo‘jaligi jami 22ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘p tarmoqli faoliyatini boshlaydi. Shuningdek, 22986ta loyiha, jumladan fermer xo‘jaliklari tomonidan 4,7 ming gektar maydonda intensiv bog‘, 4,300 gektar yerda yangi tokzorlar, 844 gektar issiqxona barpo etish singari loyihalar bajarilishi kutilmoqda»​, deb ma'lumot berdi vazir. 

Ma'lum qilinishicha, Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tilga olingan barcha loyihalarni bajarish uchun 1,6 trillion so‘m qiymatidagi mablag‘ talab etiladi. Mazkur mablag‘larning 609 milliard so‘mi tijorat banklari kreditlari hisobiga qoplanishi nazarda tutilgan. Zoyir Mirzayevning ta'kidlashicha, ushbu dastur amaliyotga joriy etilishi bilan tuman va qishloq joylarda 84 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni 96 mingga, ya'ni jami fermer xo‘jaliklarining 60 foiziga yetishi kutilmoqda.

«Loyihalarni amalga oshirish hududida infratuzilma obektlarining mavjud yoki yo‘qligi, tijorat banklarning loyiha bo‘yicha yakuniy xulosasi umumlashtirilgan. Barchangizga ma'lumki, keyingi paytda fermerlar paxta va g‘alla yetishtirishda ziyon ko‘rmoqda. Prezident tashabbusi va maxsus qarori bilan joriy yilda qariyb 1 million gektar maydonga takroriy ekin ekilishi belgilandi. Ushbu islohot samarasi o‘laroq, 4,2 trillion so‘m qiymatidagi yoki 5,6 million tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi»​, deb ta'kidlagan vazir.

Mavzuga oid: XPKda «ilg‘or» fermerlar ertagi

Mavzuga oid