Jahon | 09:46 / 25.12.2017
6396
2 daqiqa o‘qiladi

Peruning sobiq prezidenti sog‘lig‘i sababli afv etildi

Foto: AF/ Ernesto Benavides

Peruning sobiq prezidenti, korrupsiya va boshqa jinoyatlar uchun 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Alberto Fuximori 24 dekabrda mamlakatning amaldagi prezidenti Pedro Kuchinski tomondan afv etildi.

Prezident ma'muriyatining ma'lum qilishicha, Fuximori davolab bo‘lmas va avj olib borayotgan kasallik tufayli insonparvarlik nuqtai nazaridan afv etildi.

Fuximori 23 dekabrdan beri gospitallardan birining jadal davolash bo‘limida qolmoqda. U bu yerga qon bosimi keskin tushib ketgandan keyin qamoqdan olib kelingan. 

Fuximori 1990 yildan 2000 yilgacha Peru prezidenti bo‘lgan. U bu davr ichida mamlakatni ko‘plab yillar davomida qo‘rquvda ushlab turgan “Sendero Luminoso” (Yorug‘ yo‘l) so‘l maoistik guruhini deyarli to‘liq yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. Guruh yetakchisi Abimael Gusman umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan. 

Biroq sud xulosasiga ko‘ra, Fuximori prezidentligi vaqtida kamida 200 mln dollarni o‘zlashtirib olgan. Shuningdek, unga “senderistlar” bilan kurash vaqtida qotilliklar sodir etish, pora olish, telefon suhbatlarini noqonuniy tinglash va jurnalist, siyosatchi va biznesmenlarni sotib olish ayblovlari qo‘yilgan.

Fuximori onkologik kasallikdan aziyat chekib keladi. Avvalroq unga afv etish va uy qamog‘iga o‘tkazish rad etilgandi. Fuximori afv etilishi haqida o‘zi 11 dekabrda so‘ragan. Natijada afv etish bo‘yicha prezident komissiyasi Fuximorining salomatligi bo‘yicha chiqarilgan tibbiy xulosa bilan tanishib, Kuchinskiga sobiq prezidentni afv etishni tavsiya qilgan.

Mavzuga oid