Sport | 09:14 / 26.12.2017
18444
2 daqiqa o‘qiladi

«Real» muxlisi jamoasi mag‘lubiyatidan keyin o‘zini yoqib yubormoqchi bo‘ldi

“Real Madrid” klubining ruminiyalik muxlisi o‘zi sevgan jamoa “Barselona”ga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyatga uchragandan keyin uyiga o‘t qo‘yishga qaror qildi. Bu haqda Digi24 telekanali xabar bermoqda. 

Voqea Arad shaharchasida yuz bergan. Bu yerda yashovchi 70 yoshli erkak “Real”ning mag‘lubiyatidan dili xufton bo‘lib, uyiga qamalib olib, alangalanuvchi suyuqlikli ballonchani olovga tashlagan. Erkakka qarab yurgan ayol uy ichidan chiqayotgan qora tutunni ko‘rib, yordamga oshiqqan, biroq uy ichiga kira olmagan. 

Ayol oila a'zolariga murojaat qilgan va ko‘pchilik bo‘lib uy eshigini buzib, ichkaridan “alamzada” muxlisni olib chiqishga muvaffaq bo‘lingan. Keyinroq o‘t o‘chiruvchilar kelib, yong‘inni bartaraf etishgan. 

Erkak sevimli jamoasining boshqa bunday “itoatkorligini” ko‘rishni istamay, olovda o‘lishni istaganini tan olgan. U qilmishidan pushaymon emasligini aytgan. 

Muxlisga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va u psixiatrik tekshiruvga yuborilishi mumkin.

23 dekabrda Madridda o‘tgan navbatdagi “el-klasiko” 0:3 hisobida kataloniyaliklar foydasiga yakunlandi. Ushbu g‘alaba evaziga “Barsa” musobaqa jadvalida “Real”dan 14 ochko ildamlab ketdi. Endi katalon klubi hisobida 45 ochko, Madrid klubi hisobida esa 31 ochko va bitta zaxira o‘yini bor.

Mavzuga oid