Jamiyat | 00:58 / 31.12.2017
16279
2 daqiqa o‘qiladi

Zimbabvelik oila 3 oydan beri Bangkok aeroportida yashamoqda

Foto: EPA

Zimbabvelik oila Bangkokning Suvarnabxumi aeroportida kuzdan beri yashab kelmoqda. Ular Tailandga sayyohlik vizalari bilan kelishgan, sentabrda Bangkokdan Yevropaga uchib ketishmoqchi bo‘lishgan, biroq buning uddasidan chiqisha olmagan. Zimbabveliklar aeroportdan tashqariga chiqa olishmaydi, chunki ularning Tailanddagi vizalari muddati tugab bo‘lgan.  

4 nafar katta yoshli zimbabvelik va 4 nafar bola Zimbabvega siyosiy sabablarga ko‘ra qaytishni istashmayapti. Ular hukumat tomondan ta'qib qilinishlari mumkinligidan qo‘rqishmoqda. Zimbabvening yangi prezidenti Emmerson Mnangagva mamlakatning qochoqlikda yurgan fuqarolarini qaytishga chaqirgan, biroq hamma ham unga ishonmayapti.

To‘ng‘ich farzandi 11 yoshda bo‘lgan oila Tailandni bir necha marta tark etishga uringan. Avval ular Ispaniyaga uchib ketishmoqchi bo‘lishgan, biroq ulardan birortasida Shengen vizasi bo‘lmagan. So‘ngra ular Dubayga uchib keta olishgan, biroq Dubayda ular yana Bangkokga qaytarilganlar.

Oila haqida aeroport xodimlari tufayli ma'lum bo‘ldi. Suvarnabxumi aeroportida joylashgan  Dior do‘koni xodimi oila haqida feysbukda so‘zlab bergan. U gaplarining tasdig‘i sifatida Mashia ismli qizchaga sovg‘a berayotgani tasvirlangan suratni ilova qilgan. “Mashia, Milan, Iden va Tanakani Rojdestvo bilan tabriklayman. Umid qilamanki, siz yaqin orada uyga qayta olasiz”, deb yozgan do‘kon xodimi. Shundan keyin bu oila haqida yetakchi OAV yoza boshlagan.

Aeroportning immigratsiya byurosi vakilining ma'lum qilishicha, oila BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha komissiyasiga siyosiy boshpana berilishini so‘rab murojaat qilgan, biroq hozircha bu masala bo‘yicha javob yo‘q. Aeroport xodimining aytishicha, oilaning voqeasi uncha fojiali emas, ularda ko‘plab variantlar bor. Hozircha aeroport xodimlari oila haqida g‘amxo‘rlik qilmoqdalar.

Mavzuga oid