Sport | 00:10 / 02.01.2018
34501
5 daqiqa o‘qiladi

2018 yilning sportga oid eng asosiy voqealari

KUN.UZ kirib kelgan yangi yilda jahon hamda qit'amiz miqyosida bo‘lib o‘tadigan va eng kutilayotgan sport tadbirlari ro‘yxatini taqdim etadi.

Futbol bo‘yicha yoshlar (U23) o‘rtasida Osiyo chempionati

Uchinchi bor tashkillashtirilayotgan ushbu turnir 9–23 yanvar kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonlik yosh futbolchilar saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tib, uchinchi bor final bosqichida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan. Qur'ada yoshlarimiz mezbonlar joy olgan «A» guruhiga tushgan. Unda Xitoydan tashqari, Qatar va Ummon terma jamoalari bizga raqiblik qilishadi. Futbolchilarimiz 9 yanvar kuni Qatarga, 12 yanvar kuni Xitoyga va 15 yanvar kuni Ummonga qarshi maydonga chiqishadi.

Qishki Olimpiada

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Yil boshi sport musobaqalariga juda boy o‘tadi. 9 fevraldan 25 fevralgacha Janubiy Koreyaning Pyongchang shahrida XXIII qishki olimpiya o‘yinlari o‘tkaziladi! Butun jahondan millionlab insonlar televizor qarshisiga yig‘ilib, o‘z mamlakatlariga muxlislik qilishadi.

Qishki paralimpiya o‘yinlari

Foto: RIA Novosti / Ramil Sitdikov

Olimpiadadan so‘ng odatga ko‘ra, Pyongchangda XII qishki paralimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. U 9–18 mart kunlari tashkillashtiriladi.

Futzal bo‘yicha Osiyo chempionati

Fevral oyining 1-sanasidan 11-sanasiga qadar Xitoy Taypeyida futzal bo‘yicha XV Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Qit'a turnirining barchasida qatnashib kelayotgan O‘zbekiston futzal terma jamoasi «V» guruhida musobaqa mezbonlari — 3 karra chempion Yaponiya, bir bor finalchi bo‘lgan Janubiy Koreya va final bosqichida ikkinchi bor ishtirok etayotgan Tojikiston terma jamoalariga qarshi kurash olib boradi. Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik futzalchilar 4 bora finalgacha yetib borishgan.

Figurali uchish bo‘yicha jahon chempionati

Foto: RIA Novosti / Vladimir Pesnya

Sportning nafis turlaridan biri — figurali uchish bo‘yicha jahon chempionati Italiyaning Milan shahrida 19–25 mart kunlari tashkillashtiriladi. Muz ustiga jahonning eng kuchli sportchilari chiqib kelishadi. Bu juda tomashabop va chiroyli kurash bo‘ladi.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati

Foto: RIA Novosti / Vladimir Pesnya

Yil davomida kutilayotgan eng mashhur sport turniri shu bo‘lsa kerak. Mundial ilk bora Rossiyada tashkillashtiriladi. Rossiyaning 11 shahri — Moskva (2 ta stadion), Sankt-Peterburg, Sochi, Qozon, Saransk, Volgograd, Nijniy Novgorod, Rostov-Don, Kaliningrad, Samara va Yekaterinburg musobqalarni qabul qiladi.

Futbol bayrami 14 iyundan 15 iyulgacha bo‘lib o‘tadi. Afsuski, O‘zbekiston terma jamoasi ushbu nufuzli turnirga yo‘llanma ololmadi. Lekin siz suyukli terma jamoangizni Rossiyaga borib qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga egasiz.

Osiyo o‘yinlari

18 avgustdan 2 sentabrga qadar Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Osiyo qit'asining 45 davlatidan tashrif buyuruvchi 10 mingdan ziyod atletlar uchun sportning 40 turi bo‘yicha 462 ta musobaqa tashkillashtiriladi. O‘zbekistonliklar uchun ushbu turnir shunisi bilan ham esda qoladiki, ilk marta o‘zbek milliy sport turi — kurash bo‘yicha musobaqalar yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilmoqda.

Paraosiyo o‘yinlari

Indoneziyaning jakarta shahrida 6–13 oktabr kunlaritashkillashtiriluvchi Paraosiyo o‘yinlarida 42 mamlakatdan kelgan sportchilar 17 xil sport musobaqasida bellashadilar.

Shaxmat bo‘yicha jahon chempionati

Foto: RIA Novosti / Mixail Makrushin

Eng aqlli sport turi ixlosmandlariga shaxmat bo‘yicha jahon chempioni unvoni uchun kechadigan o‘yinlarni o‘tkazib yubormaslikni maslahat beramiz. U 9–28 noyabr kunlari London shahrida bo‘lib o‘tadi.

Jahonning amaldagi chempioni Magnus Karlsen ushbu unvon uchun nomzodga qarshi dona suradi. 8 kishidan iborat nomzodlar turniri g‘olibi yangi chempion deb e'lon qilinadi.

Yuqoridagilardan tashqari, bizni o‘zbekistonlik sportchilar qatnashadigan, 20 sentabr–7 oktabrda Ozarboyjon poytaxti Bokuda o‘tadigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionati, 23 sentabrdan 6 oktabrgacha Tbilisida bo‘lib o‘tadigan xalqaro 43-shaxmat olimpiadasi, 6–18 oktabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayresda tashkillashtiriladigan Yoshlar o‘rtasida III yozgi olimpiada, garchi o‘zbekistonlik yoshlar chiqa olishmagan bo‘lsa-da, 20 sentabrdan 7 oktabrga qadar Malayziyada bo‘lib o‘tadigan o‘smirlar (U16) o‘rtasida Osiyo chempionati, 18 oktabr–4 noyabrga qadar Indoneziyada bo‘lib o‘tuvchi futbol bo‘yicha yoshlar (U19) o‘rtasida Osiyo chempionati kabi jahon va qit'a ahamiyatiga molik yirik sport musobaqalari kutmoqda.