Jahon | 16:40 / 03.01.2018
42933
5 daqiqa o‘qiladi

«Tuxum inqilobi»​. Erondagi xalq namoyishi ortida kim turibdi?

Foto: AP

2009 yilgi nizoli prezidentlik saylovidan so‘ng, ayni paytda Eron diyorini eng yirik xalq namoyishi qamrab olgan. Dastlabki harakatlar Eronning ikkinchi katta shahri Mashhadda kuzatildi. Biroz fursat o‘tishi bilan, bir nechta shaharlarda minglab kishilar ko‘cha namoyishlariga chiqishga qaror qildi.

31 dekabr kuni hukumat Eron hududida xizmat ko‘rsatuvchi xalqaro ijtimoiy tarmoqlarni bloklab qo‘ydi, sayohatlarni cheklash hamda ayrim aholi yashash manzillarida favqulodda holat e'lon qildi. Fars News yarim davlat axborot agentligi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, shu paytgacha 20dan ortiq kishi namoyishlar chog‘ida halok bo‘ldi.

Norozilik namoyishi qay tarzda boshlandi? Birinchi talqin

Mashhad shahrida istiqomat qiluvchi aholi orasida 2017 yil o‘tkazilgan prezidentlik saylovida amaldagi davlat rahbariga mag‘lub bo‘lgan nomzod Ibrohim Raisiy tarafdorlari ko‘plab topiladi. Nisbatan konservativ qarashga ega bo‘lgan mashhadliklar teokratik hokimiyatni egallab turgan amaldorlarning faoliyatidan norozi bo‘lib, namoyishlarga chiqa boshlagan. Erondagi ikkinchi eng yirik shahardagi harakatlarning changi tez orada qo‘shni tuman va viloyatlarga ham yoyildi.

Foto: AP

Tuxum mojarosi yoki Ikkinchi talqin

AQSh sobiq prezidenti Barak Obama bilan 2015 yil erishilgan yadro dasturi bo‘yicha bitim Eron iqtisodiyotiga yengil shabbodani olib kirishi kutilgandi. Neftni erkin sotish imkoniyati paydo bo‘lganiga qaramasdan, mamlakatda milliy valyuta qadri keskin tushib ketdi. Iqtisodiy tushkunlik eng avvalo qishloq xo‘jaligi mahsulotlarida aks etdi. Masalan, parranda tuxumi qariyb ikki baravar qimmatlashib ketgan. Bunday vaziyatda namoyishchilar xorijiy mamlakatlardagi harbiy harakatlarni dastaklab turgan hukumat rahbari, AQSh bilan munosabati sovuqlashib qolgan prezidentni qoralashni boshladi.

Foto: AFP

Namoyish kimning rejasi asosida boshlandi?

Shu paytga qadar xalq harakatining alohida yetakchisi ajralib chiqmadi. Shunga qaramasdan, stixiyali olib borilayotgan namoyishlarning boshida bir qancha yetakchilar turganini taxmin qilish mumkin. Ular kim? Avvalo, Telegram messenjeri orqali targ‘ibotni kuchaytirib, xalq qo‘zg‘alishiga sababchi bo‘lgan quvg‘indagi jurnalist Ruhulloh Zamni alohida e'tirof etish kerak.

Jurnalist Eron Islom Respublikasi beshinchi Oliy qozisi Sodiq Ardasher Larijoniyni katta poraxo‘rlikda ayblab, mualliflik maqolasini e'lon qilgandi. Shunday so‘ng, Ruhulloh Zamning Telegram kanali ommalashib ketdi. Bu imkoniyat targ‘ibotni yanada kuchaytirishga sharoit yaratib bergandi.

Bundan tashqari, xorijdagi muxolifat yetakchisi Maryam Rajaviy namoyish harakatini boshqarib turgani iddao qilinadi. Gap shundaki, 22 yoshli Maryamning opasi Nargiz Eron shohiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysunuvchi maxfiy politsiya tomonidan qatl etilgach, Rajavi shoh rejimiga qarshi kurashni boshlaydi. 1979 yildan so‘ng, Eron mujohidlari guruhiga qo‘shilgan Maryam Rajaviy Inqilob korpusiga ham qarshi kurashni davom ettirdi. Ayni paytda Yevropadan turib, mamlakatdagi vaziyatni tizgindan chiqarishga intilayotgan kuch sifatida ko‘rilayotgan Maryam Rajaviyning amalda hech qanday maqomi yo‘q.

Hukumat xalq namoyishiga qanday munosabat bildirmoqda?

Eron hukumati «tinchlikni saqlash»​ uchun Telegram, Instagram kabi xabar almashish hamda vaziyatni tezkor tarqatishga xizmat qiluvchi ijtimoiy tarmoq, messenjerlarga kirishini taqiqlab qo‘ydi. Ayni paytda Feysbuk bilan Tvitter ham taqiqlangan. Inqilob korputsi zobitlari namoyish qatnashchilariga xalaqit qilmayotgan bo‘lsa ham, politsiya va Basij a'zolari hamma ko‘chada hozir bo‘lmoqda. Prezident Ruhoniy mamlakatda norozilik namoyishlariga ruxsat berilishini, hokimiyat idoralari jamoat xavfsizligiga raxna solmaydigan namoyishlar va ish tashlashlarga toqat qilishini aytdi. Biroq u ham, boshqa hukumat vakillari ham qonunbuzar, deb biladigan kishilar jazosiz qolmasligini ta'kidlamoqda.​

Mavzuga oid