Light | 22:34 / 06.01.2018
24705
13 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda qaysi kompaniyalarning inqirozga yuz tutishi kutilmoqda?

Ars Technica har yili 2018 yilda inqirozga uchrash ehtimoli yuqori bo‘lgan kompaniya va brendlarning ro‘yxatini taqdim etadi. Unga turli (iqtisodiy, madaniy yoki texnologik) sabablarga ko‘ra faoliyati xavf ostida bo‘lgan loyihalar kiradi. Nashr kompaniyalarning joriy yilda yopilishi aniq deya ta'kidlayotgani yo‘q, chunki har qanday tashkilot inqirozi ko‘p yillarga cho‘zilishi mumkin.

Ro‘yxatga hech bo‘lmaganda quyidagi muammolardan biriga duch kelgan kompaniyalar kiritiladi:

  • kompaniya uzoq vaqt bozordagi ulushini yo‘qotadi;
  • moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazadi yoki daromadlarni yo‘qotadi;
  • boshqaruvda muammolarga duch keladi, ishonchli biznes-model yoki uzoq muddatli strategiyaga ega emas.

2017 yilda Ars Technica Deathwatch ro‘yxatiga Yahoo, Yik Yak anonim messenjeri, Twitter, Theranos tibbiyot kompaniyasi, HTC, Gearbox Software o‘yin studiyasi va Blackberry smartfonlari ishlab chiqaruvchisi kiritildi.

Yahoo kompaniyasi 2017 yilda o‘zining asosiy biznesini sotdi va deyarli o‘z faoliyatini to‘xtatdi, Altaba'ga aylandi, Yik Yak messenjeri yopilishi haqida e'lon qildi. Blackberry va Gearbox Software yilni "jimgina", ortiqcha yangiliklarsiz o‘tkazishdi, Twitter va HTC esa yana nashr ro‘yxatidan joy oldi. 2018 yilda nashr tahririyati unga olti kompaniyani kiritdi.

Uber

"Atigi bir yil avval Uber istiqbollari normal ko‘rinishda edi. Kompaniya AQShdagi tashuv bozorida yetakchilik qildi va butun dunyo bo‘ylab kuchli pozitsiyalarni egallaydi. U yaqindagina mustaqil boshqaruvli Otto  avtomobillarni ishlab chiqaruvchi startapni "yutib yuborgandi" va hatto uchar mashinalarni yaratish bilan ham shug‘ullangan", - deb yozadi Ars Technica.

2017 yilda kompaniyada barchasi o‘zgardi — u qator mojarolarga aloqador bo‘lib chiqdi: Alphabet'ga qarashli  Waymo kompaniyasi Uber'ni sudga berdi va servis rahbariyatini haydovchisiz transport texnologiyasini o‘g‘irlaganlikda aybladi. The New York Times nashri Uber'ga servis faoliyati rasman ta'qiqlangan shahar va mamlakatlardagi hukumat hamda politsiyani chalg‘itishda yordam beruvchi Greyball ichki jihozi haqida so‘zlab berdi.

Uber'ning sobiq xodimi Syuzan Fauler o‘z postlaridan birida kompaniyadagi salbiy muhitni ta'riflab, startapda ichki tergov yo‘lga qo‘yilishiga sabab bo‘lgan. Iyunda Trevis Kalanik Uber bosh direktori lavozimini tark etgan edi. Uning o‘rnini Expedia turistik servisi direktori Dara Xosrovshaxi egalladi.

Foto: Reuters

Shuningdek manbada ta'kidlanishicha, Uber yil sayin milliardlab kamomad ko‘rishda davom etmoqda — 2017 yilning uchinchi choragidayoq kompaniyaning sof daromadi Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, 1,46 milliard dollarni tashkil qildi. 2016 yilda Uber'ning kamomadi 2,8 milliard dollarni tashkil qildi, 2018 yilda esa, tahlilchilar taxminiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich faqat o‘sishi kutilmoqda. 2017 yilning o‘rtasida kompaniya hisobida 6,6 milliard dollarga yaqin mablag‘ qolgan — Ars Technica taxminiga ko‘ra, bu ko‘pga yetmaydi, hatto dekabrdagi Softbank investitsiyalari hisobga olinganda ham.

2018 yilda Uber'ning oldida ikki asosiy vazifa turibdi: yo‘qotishlarni kamaytirish usulini topish va daromadga chiqish — va imkon qadar tezroq sayohatlarni sezilarli darajada arzonlashtirish imkonini beruvchi haydovchisiz avtomobilni ishlab chiqarishni oxiriga yetkazish. "Kompaniyaning boshqaruv apparati deyarli barbod bo‘lgan, Waymo bilan bog‘liq sud ishi hali ham tugamagan — bu osongina bitadigan ish emas", - deb yoziladi nashrda.

 

Twitter

2017 yilda Twitter mikrobloglari servisi ham Ars Technica ro‘yxatidan joy oldi. "Biz biladigan ijtimoiy tarmoq faoliyati sekin-asta yo‘qoladi va bu yerda gap interfeysning o‘zgarishi yoki yangi funksiyalarning paydo bo‘lishi haqida emas", - deyiladi manbada.

Foto: Reuters

2017 yil boshiga borib, Twitter investorlar mablag‘larini tezda yo‘qotdi, 2017 yilda uning faoliyat sur'ati biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, servisda hanuz kamomad kuzatilmoqda. Kompaniya bir yilda o‘z mablag‘larining uchdan birini yo‘q qiladi, daromadga chiqish haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi, deyiladi Ars Technica'da.

Ijtimoiy tarmoq toksik foydalanuvchilar va izohlar bilan faol kurasha boshladi, biroq bu yo‘nalishda kompaniya hech qachon ulgurmasligi mumkin. Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar ham shu kabi muammolarga qarshi kurashmoqda. Facebook bu ishni Twitter'dan yaxshiroq uddalamoqda.

 

Faraday Future

"Faraday Future kompaniyasining tarixi — takabburlik va isrofgarchilikning zarariga yaqqol misol", - deb yozadi Ars Technica. Loyihani "Tesla qotili" deb atashdi, u jamoaga BMW'ning dizayn bo‘limi rahbari va "Formula 1"dagi  Ferrari jamoasi rahbarini jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.

2016 yilning boshida Faraday Future CES ko‘rgazmasida birinchi marta o‘z avtomobili kontseptini namoyish etgan. "Agar siz "Tesla qotili"ni ko‘rsatishga va'da bersangiz — bu esa bizning emas, kompaniya rahbariyatining so‘zlari, — yaxshisi ishlaydigan avtomobilni ko‘rsating", - deb yozadi Ars Technica. Uning ketidan avtomobillarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan bir necha yangi anonaslar bo‘ldi: Nevada va San-Frantsiskodagi fabrika qurilishi, "Formula Ye" musobaqalarida ishtirok etuvchi poyga jamoasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma tuzilishi.

Foto: Reuters

CES 2017 ko‘rgazmasida kompaniya o‘zining ilk FF91 seriyali avtomobilini namoyish etdi va u ko‘p jurnalistlarning xafsalasini pir qildi. Shundan so‘ng OAVda kompaniyadagi mablag‘ yetishmasligi bilan bog‘liq murakkab vaziyat haqidagi yangiliklar paydo bo‘ldi.

"Yil oxiriga borib Faraday Future murakkab vaziyatda qoldi: fabrika qurishga doir rejalarni to‘xtatishga to‘g‘ri keldi, xodimlar kompaniyani tark eta boshlashdi, "Formula Ye" jamoasi bilan shartnoma esa bekor qilindi. Atigi bir necha kundan keyin CES ko‘rgazmasi boshlanadi, startap esa ommani nima bilan hayratga solishni bilmaydi. Shunday bo‘lsa-da, kompaniya sekingina yo‘q bo‘lib ketmaydi — dekabr o‘rtalarida kompaniya o‘z ishlanmalari uchun yana 1 milliard dollar topgani haqida e'lon qildi".

 

LeEco

LeEco va Faraday Future kompaniyalari rahbari — xitoylik ishbilarmon Tszya Yuetin. "LeEco — 2017 yilning yana bir katta tanazzuli. Elektronika ishlab chiqaruvchisi AQSh bozoriga chiqishga harakat qildi va turli va'dalar berdi, ularning aksariyati esa amalga oshmay qolib ketdi. Aftidan, bu qonunchilikka aylanib bormoqda", - deb yozadi Ars Technica.

LeEco qurilmasi ko‘p jihatdan Alphabet xoldingini yodga soladi, deya davom etadi tahririyat. Xoldingning asosiy biznesi bor — Xitoydagi eng yirik Le.com videostriming servisi — "Xitoy Netflix'i". Kompaniya guruhiga shuningdek LeTV videoservisi, Le Vision Pictures kinostudiyasi, LeMusic musiqiy kompaniyasi, LeRan Investment Management investitsion fondi, VR-texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi LeVR, LeMall internet-do‘koni va ko‘plab boshqa bo‘limlar kiradi.

Foto: Reuters

LeEco — xoldingning elektronika (smartfonlar, televizor va boshqa qurilmalar) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi.

2016 yilda LeEco AQSh bozoriga chiqishga harakat qildi. U Vizio televizorlar ishlab chiqaruvchisi bilan hamkorlik haqida e'lon qildi, Yahoo'dan 250 million dollarga shaxsiy shtab-kvartira uchun yer xarid qildi va unda 12 ming xodim uchun qandaydir EcoCity qurishni rejalashtirayotgani haqida ma'lum qildi. 2016 yilning oktabrida kompaniya San-Frantsiskoda anjuman o‘tkazib, unda bozorga chiqish haqida e'lon qildi va o‘zining yangi mahsulotlarini namoyish etdi.

Anjumandan bir necha kun o‘tib, kompaniyada muammolar borligi ma'lum bo‘ldi. Bosh direktor Tszya Yuetin o‘z xodimlariga yo‘llagan maktubida LeEco haddan tashqari yuqori marralar ko‘zlangani, resurslar esa cheklanganini qayd etdi. Vizio bilan hamkorlik shartnomasi bekor qilindi, LeEco'ning o‘zi esa undan voz chekkani uchun 100 million dollar to‘lashdan bosh tortdi va bu sudda ish ochilishiga sabab bo‘ldi.  Kompaniya shuningdek San-Frantsiskoda qo‘lga kiritgan yerini sotishiga va AQShdagi shtatini 85 foizga qisqartirishiga to‘g‘ri keldi.

Dekabr oyi oxirida Xitoy sudi Yuetinning bank hisob raqamlaridagi 1,3 million yuandan (200 ming dollar) ortiq mablag‘i va boshqa aktivlarini, jumladan ko‘chmas mulkni ham hibsga oldi. LeEco'ning Amerikadagi sayti ishlashdan to‘xtadi. Kompaniyaning Amerikadagi bo‘limida 60 nafargina kishi qoldi, deb yozadi Ars Technica. "Xoldingning taqdiri hozircha aniq bo‘lmasa-da, LeEco'ning AQSh bozoriga chiqishga doir rejalari bilan xayrlashishi aniq".

 

HTC

HTC kompaniyasi 2016 yilda ham, 2017 yilda ham Ars Technica ro‘yxatiga tushgandi. 2017 yilda kompaniya o‘z biznesining bir qismini Google'ga 1,1 milliard dollarga sotdi. Sotuvlardan tushgan pullar kompaniyaga taxminan 3,5 yilga yetadi, deb hisoblaydi  Ars Technica.

Biroq shartnoma HTC uchun nafaqat mablag‘ni qo‘lga kiritish, balki Google'ni mijoz sifatida yo‘qotishga ham olib keladi, deya davom etadi nashr. Kompaniya smartfonlarni ishlab chiqarishda davom etishini ta'kidlamoqda, biroq maqsadli auditoriyani yo‘qotish 2 ming kishini tashkil qilishi biznesga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi, deb hisoblaydi Ars Technica.

Foto: Reuters

Shu bilan birga, HTC'ning Valve o‘yin kompaniyasi bilan hamkorlikda Vive virtual reallik dubulg‘alarini ishlab chiqaruvchi VR-bo‘limlari bor. "Biroq aslida HTC kompaniyasi Vive texnologiyalariga ega emas. Valve ba'zi texnologiyalarga bepul kirishni taqdim etadi, dubulg‘a ichidagi displey va linzalar Valve va Samsung tomonidan yaratilgan.

Bundan tashqari, Valve  o‘zining SteamVR platformasini yaratish ustida ishlamoqda, u HTC'ga tobe'lik darajasini kamaytiradi. HTC raqiblari esa bu payt shaxsiy VR-qarorlarni ishlab chiqaradi — masalan, Facebook'ga tegishli Oculus loyihasi.

2017 yilning avgustida Bloomberg'da HTC kompaniyasi Vive bo‘limini sotishni rejalashtirayotgani ma'lum qilingandi. "Ehtimol, HTC'ning o‘z faoliyatini davom ettirish uchun mablag‘i bordir, biroq Google'ning mablag‘lariga biror ahamiyatli kompaniyani qurish mumkinmikan?", - deya yozadi Ars Technica.

 

SoundCloud

2017 yilning iyulida SoundCloud musiqiy servisi o‘z shtatining 40 foizga qisqargani haqida e'lon qiladi. Loyiha rahbariyati mablag‘ ishlashga yordam beruvchi biznes-modelni topa olmadi. Biroq avgust boshida kompaniya investitsiyalarning yangi raundining jalb qilinishi va bosh direktorning o‘zgarishi haqida ma'lum qildi — kompaniyaning yangi bosh direktori sobiq Vimeo direktori Kerri Treynor bo‘ldi.

Foto: Reuters

Treynor SoundCloud'ni striming modeldan uzoqlashtirish va ijrochilar uchun jihozlar yaratishga e'tibor qaratishni rejalashtirmoqda. Ars Technica fikricha, asosiy masala - kompaniyaning pul tugagunga qadar daromad ola boshlashga ulgurish yo ulgurmasligida.

Mavzuga oid