Jamiyat | 00:44 / 09.01.2018
58847
4 daqiqa o‘qiladi

«Do‘ppi​ kiyamiz». Ijtimoiy tarmoqlarda eng so‘nggi «​moda​»​

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida #doppikiyamiz harakati qizg‘in tus olmoqda. Gap shundaki, dunyoning turli davlatlarida istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar hamda O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi ijtimoiy tarmoq faollari milliy bosh kiyim bilan suratga tushib, fleshmobga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlamoqda.

Barchasi BBC O'zbek xizmati'da faoliyat olib boruvchi o‘zbekistonlik jurnalist Rustam Qobilning Facebook'dagi postidan keyin boshlandi. Jurnalist bunday 17 yil avval yo‘qotib qo‘ygan suratni bexosdan topib oladi hamda unda tasvirlangan uyg‘ur do‘ppilari to‘plamini ijtimoiy tarmoqqa joyladi. Surat izohiga esa quyidagicha yozilgandi: «Do‘ppi kiymay qo‘ydi odamlar, kaminayi kamtardan boshqa...»

Foto: Rustam Qobil

Aslida ma'naviyat va milliy qadriyatlar haqida bot-bot gapirilaverib siyqasi chiqqaniga qaramay, ijtimoiy tarmoqdagi oddiy chaqiruv barchani birdek faollashtirdi. Dastlab, jurnalistning do‘stlari, ijod ahli hamda faol bloggerlar do‘ppida tushgan suratini e'lon qildi. Ular orasida Ziyouz.uz portali asoschisi Davronbek Tojaliyev, o‘zbekistonlik Harvard talabasi Nilufar Ko‘chimova, Migrant.mobi axborot portali rahbari, yurist Botirjon Shermatov, hattoki fazogir Solijon Sharipov ham bor.

Davronbek Tojaliyev
Nilufar Ko‘chimova
Botirjon Shermatov
Solijon Sharipov

O‘ylab topilgan qahramonlardan biri, Rais buva ham fleshmobdan chetda qolmasligini yumor orqali ifodalab turibdi. 

Rais buva

Shundan so‘ng, qardosh turkiy xalq vakillari ham milliy bosh kiyimini barchaga «​ko‘z-ko‘z»​ qila boshladi. AQShning Alyaskasidan tortib Yaponiyagacha cho‘zilgan kenglikda istiqomat qilayotgan o‘zbeklar esa turli rakursdagi fotolar bilan «​raqobat»​ni kuchaytirdi.

Said Mehdi
Tanya Merchant
Nyu-Yorkdagi o‘zbekistonlik

Muslim To‘lanov

Fleshmob #doppikiyamiz, #dõppi, #do‘ppi, #doppi​ heshteglari orqali Facebook tarmog‘ida keng yoyilib, Instagramga ham kirib keldi. Bunda @teazeal akkauntida do‘ppi va piyolasini boshdan tushirmagan blogger Davronbek Alijonov, Mirzayor Erkinov, va jurnalist Feruz Muhammad jonbozlik ko‘rsatdi. Ijtimoiy harakatning ikkinchi bosqichida qizlar ham bo‘sh kelmadi: ayollar milliy ro‘mol va kiyimlarda suratga tushishni, iftixor suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashni boshladi.

Davronbek Alijonov
Mirzayor Erkinov
Javohir Shamsuddinov
Feruz Muhammad
Sadafbek Husanboyev

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muxlislarga ega Mubashshir Axmad, blogger Sanjar Said va Temur A'zam, O‘zbekiston hukumatidagi eng yosh vazir o‘rinbosari Alisher Sa'dullayev ham boshda do‘ppi kiyib, suratga tusha boshladi.

Kun.uz jamoasi a'zolari Xurshid Daliyev va Feruza Avazova ham fleshmobdan chetda qolmadi. 

Bu qandayin ko‘rgulik savdo, 
Do‘ppi kiymay qo‘ydi xaloyiq. 
Boshga loyiq do‘ppi yo‘qdir yo — 
Bosh qolmadi do‘ppiga loyiq, 
deb yozgandi atoqli shoir Muhammad Yusuf.

Ming shukrkim, do‘ppiga loyiq boshlar hali ko‘p ekan. Ayniqsa, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqida «qayga bormay boshda do‘ppim, g‘oz yurarman gerdayib» deya adabiyotdan iqtibos keltirishi, bexosdan ijtimoiy tarmoqdagi faollik kuch-quvvat berganday bo‘ldi. Fleshmob ana shunday kayfiyat bilan davom etadi.

Alisher Sa'dullayev va Sheroz Narzullayev
Mubashshir Axmad
Temur A'zam va Sanjar Said
Muslim Mirzajonov va Xurshid Daliyev
Feruza Avazova

Mavzuga oid