O‘zbekiston | 13:00 / 14.01.2018
22518
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisi «avvalgi» va «hozirgi» O‘zbekistonni solishtirdi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida O‘zbekiston hayotida keyingi bir yil davomida ro‘y bergan voqealarga munosabatini bildirib o‘tdi. Ushbu intervyu O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

Suhbat Vashingtonda, «Amerika ovozi» teleradiosi studiyasida bo‘lib o‘tgan.

Jurnalist elchidan bugungi O‘zbekiston haqida qanday fikrdaligi, hozirgi aloqalarni qanday ta'riflashi, AQSh va O‘zbekistonda rahbarlar o‘zgarishidan oldingi ahvol bilan hozirgi sharoit o‘rtasida qanday farqlar borligi haqida so‘raydi.

«Juda dolzarb savollar. O‘zbekistonda ish boshlaganimga bu oy uch yil bo‘ladi. 2015 yilning 27 yanvarida Prezident Karimovga ishonch yorlig‘i topshirganman. O‘sha davr bilan taqqoslasam, hozirgi vaziyat juda boshqacha. Eng katta farq — hozirgi O‘zbekiston g‘ayratga to‘la. O‘zgarish uchun xohish kuchli. O‘zbekistonning dunyodagi o‘rnini tiklash va uni qanday rivojlantirish haqida samimiy va ochiq muhokama ketmoqda. Juda hayajonli, quvonchli davr. O‘zbekistondan oldin Qirg‘izistonda elchilik qilganman, undan oldin Qozog‘istonda elchi o‘rinbosari bo‘lganman.

Prezident Mirziyoyev lider sifatida ko‘plab mintaqaviy masalalar yechimi tomon jonbozlik qilmoqda. Muvaqqat prezident sifatida 2016 yilning sentabrida qilgan nutqida yangicha qo‘shnichilik siyosati haqida gapirib, O‘zbekiston yonidagi davlatlar bilan aloqani mustahkamlaydi, degan.

Bu jarayon tezlikda avj olib, prezident Turkmanistonga bordi, keyin esa Qozog‘istonga va boshqa davlatlarga. Bosh vazir hozir Tojikistonga bormoqchi... (bu suhbat Abdulla Aripovning Dushanbega tashrifidan oldin bo‘lib o‘tgan. Bosh vazir 10-11 yanvar kunlarida Tojikistonda bo‘ldi - tahr.) Bu Markaziy Osiyo bilan ishlab kelayotgan tomonlar uchun juda quvonchli. Mintaqa katta potensialga ega deb kelganmiz va mana endi buni mintaqaning o‘zi isbotlashga harakat qilmoqda. Hamma umidga to‘la.

Markaziy Osiyo qo‘shni Afg‘oniston bilan ham hamkorlikni rivojlantirishni boshlagan. O‘zbekiston va Afg‘oniston aloqalarida o‘zgarishlar katta. Prezident G‘ani o‘tgan oy O‘zbekistonda juda yaxshi kutib olindi. Men o‘zim Prezidentlarning ziyofatida qatnashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ajoyib rishtalar. Prezident G‘ani Buxoroga ham borib, faxriy daraja oldi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri ayni damda afg‘on delegatsiyasi bilan muzokarada.

O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bo‘ylab, qolaversa Afg‘oniston bilan avj olayotgan jarayonlarga qarasangiz, 2015 yildagi vaziyatdan yer va osmoncha farqni ko‘rayapman», degan elchi.

Mavzuga oid