O‘zbekiston | 16:54 / 16.01.2018
11653
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklarning mamlakat bo‘ylab ko‘proq sayohat qilishi uchun qator qulayliklar yaratilmoqda

Foto: KUN.UZ

"Navro‘z" bayrami va Mustaqillik kuniga besh kunlik ta'til berish rejalashtirilmoqda. Ramazon va Qurbon Hayitlarida esa uch kunlik ta'tillar berilishi ko‘zda tutilgan. Bu normalar o‘zbekistonliklarning sayohat qilishi uchun vaqt ajratishiga yo‘naltirilgan. KUN.UZ muxbiri Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi taqdim etgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Shuningdek yuqorida qayd etilgan bayram kunlari avia va temir yo‘l chiptalari, shuningdek mehmonxonalar, kafe va restoranlarda maxsus chegirmalar yo‘lga qo‘yiladi. 

Ichki turizmni rivojlantirishga doir "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!" dasturini amalga oshirish ishlari boshlab yuborilgan. Dastur barcha yosh toifasidagi kishilarga mo‘ljallangan. 

Yirik tashkilotlar qoshida ekskursiyalar va turlarni tashkil qilish bo‘yicha tuzilmaviy bo‘limlar ishga tushadi. Masalan, Yoshlar ittifoqi "Yoshlar turizm agentligi" turagentligini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqdi, Kasaba uyushmalar Federatsiyasi Kengashi qoshida "Kasaba sayr" turkompaniyasi faoliyat yuritadi, Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida "Nafis sayohat" turagentligi ishga tushadi, "Nuroniy" jamg‘armasi qoshida - "Sayohat Nuroniy" va "Mahalla" fondi qoshida "Mahalla sayr" turkompaniyalari va h.k.

Ichki turizmni rivojlantirishga xalaqit beruvchi muammolardan biri - turistik obektlar haqidagi ma'lumotlarning yo‘qligi. Samarqand, Buxoro va Xivadan tashqari ziyorat qilish mumkin bo‘lgan bir necha joylar aytilmoqda. Shu bois barcha sayyohlik obektlarining pasportlari ishlab chiqiladi hamda "O‘zbekistonning sayyohlik resurslari" internet-portali ishga tushiriladi. 

Dasturning ahamiyatga molik jihatlaridan biri sayohatni amalga oshirayotgan fuqarolar uchun soliq imtiyozlari kompleksi joriy qilinishi bo‘lib, bundan tashqari, o‘z xodimlarining sayohatga chiqishini tashkillashtirgan ish beruvchilarni rag‘batlantirish rejalashtirilmoqda. 

Mavzuga oid