Imom Buxoriy ustozining ilmidagi xatolikni tuzatgani haqida eshitganmisiz?
Imom Buxoriyning muborak ismi Islom olamida katta hurmat bilan tilga olinishi bejiz emas. Boisi bu ulug‘ bobomiz hadis ilmining bilimdonigina bo‘lib qolmay, ularning sahih (ishonarli) va sahih emasligini ham ajrata bilgan va bugungi kunda Qur'oni karimdan keyingi muborak kitob deya tan olingan “Sahihi Buxoriy”ni tuzgan. Mana shu ajdodimiz o‘n bir yoshida ustozi ad-Doxiliyning ilmidagi xatolikni tuzatgan ekan.
O‘zbekiston ma'rifatparvarlar jamiyatining raisi Ubaydulla Uvatovning ma'lumot berishicha, voqea quyidagicha bo‘lgan: kunlardan bir kuni o‘z davrida taniqli muhaddislardan sanalgan ad-Doxiliy toliblarga saboq berayotib, bir hadisni sharhlagan va buni “Sufyon Abu Zubayrdan, u Ibrohimdan rivoyat qilgan” deya ma'lumot bergan. Shunda shogirdi Imom Buxoriy “Abu Zubayr hech vaqt Ibrohimdan rivoyat qilmagan” deya e'tiroz bildirgan. O‘z shogirdidan bu so‘zni eshitgan ustoz dag‘allik bilan uning so‘zini bo‘ladi. Shunda shogird xotirjamlik bilan “Agar ishonmasangiz asl manbaga qarang” deydi. Ustoz manbaga qarab o‘n bir yoshli bolaning gapi to‘g‘riligiga tan beradi. Ular tashqariga chiqishgach, ad-Doxiliy shogirdidan “Ey bola, bu yog‘i endi qandoq bo‘ladi?” deya so‘raydi. Shunda al-Buxoriy hozirjavoblik bilan “Zubayr ibn Adiy Ibrohimdan rivoyat qilgan” deya javob beradi. Shundan keyin ustoz qalam olib, yozganlarini tuzatib qo‘yadi.
Shuning uchun aytishsa kerak-da: bo‘ladigan bola bolaligidan bilinadi. Imom Buxoriydek buyuk ajdodimiz bolaligida ham o‘ta zehnli va ilmli bo‘lgan ekan.
Mavzuga oid
18:45 / 26.09.2024
Imom Buxoriyning yana bir asari o‘zbek tiliga o‘girildi
19:04 / 20.03.2024
Imom Buxoriyning «At-tarixus-sag‘ir» asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi
08:32 / 18.12.2022
«Sahihi Buxoriy» kitobining o‘zbekcha sharhi Misrning biryo‘la uchta nashrida e’tirof etildi
14:42 / 24.08.2022