Jamiyat | 17:24 / 24.01.2018
15309
3 daqiqa o‘qiladi

Rahbarning talabi

Rahbar lavozimida ishlagan insondan doimo halollik va fidoyilik talab qilinadi. Bu bejiz emas. Bu borada noto‘g‘ri qilingan ish davlat va fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, rahbar nafaqat halol, balki mas'uliyatli ham bo‘lishi kerak. “Quyichirchiqtumangaz” filiali boshlig‘i vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi lavozimida ishlagan Farrux Zaripov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ana shu tartib-qoidalarni yaxshi bilardi. Lekin u mansab vakolatidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanib qolmoqchi bo‘ldi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Fuqaro Javohir Bo‘tayev yaxshi niyat bilan tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tib, “Private Fire Service” MChJni tashkil qiladi. Jamiyat asosiy fuqarolar xonadonlarining isitish tizimini ta'mirlab, kuz-qish mavsumiga tayyorlash bilan shug‘ullanardi. Ya'ni J.Bo‘tayev rahbarligidagi jamiyat ishchilari uylarning isitish tizimini davlat tomonidan joriy qilingan qonun-qoidalar asosida ishlatilishiga moslashtirar, uning sozligi, tabiiy gaz quvurlariga ulanishi mumkinligi haqida dalolatnoma tuzib, tumangaz idorasidan ro‘yxatdan o‘tkazardi.

Avvalgidek, bu safar ham bir necha xonadonda shu kabi ishlarni amalga oshirgan J.Bo‘tayev dalolatnomalar tuzib, tumangaz idorasiga olib keladi. Biroq boshliq vazifasini vaqtincha bajarayotgan F.Zaripov dalolatnomalarni qabul qilmaydi. Buning sababini so‘raganida 200 AQSh dollari bersa, bundan buyon kelishib ishlashi haqida javob oladi. Pulni keltirib bermasa, ishi bitmasligini tushungan Javohir bir necha kun ichida so‘ralgan pulni keltirib berishini aytib, xonadan chiqib ketadi.

Rahbarning talabi noqonuniy va jinoyat ekanligini tushungan J.Bo‘tayev bu haqda tegishli joyga ariza bilan murojaat qildi.

SVOJJDLQK departamentining Quyichirchiq tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda F.Zaripov jabrlanuvchidan talab qilingan pullarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tuman sudi tomonidan F.Zaripovga besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid