Fan-texnika | 20:00 / 07.02.2018
11769
2 daqiqa o‘qiladi

Tesla Model X avtomobili Sahroi Kabirni kesib o‘tgan ilk elektrokar bo‘ldi 

Tesla Model X krossoveri Sahroi Kabir cho‘lini kesib o‘tgan birinchi elektromobil bo‘ldi. Model buni Vengriya poytaxtida boshlanib, Mali poytaxtida yakunlanadigan “Budapesht-Bamako” poygasi doirasida amalga oshirdi. 

Ikki xorvatiyalik Sasha Tsvetoyevich va Oleg Mashtruko boshqargan elektromobil umumiy hisobda 8600 kmdan ko‘proq yo‘l bosgan. Bunga ekipajga 16 kun talab etildi. 

Poyga vaqtida mashina akkumulyatorlari benzinda ishlovchi generator hisobiga quvvatlanib turdi. Generator texnik xizmat ko‘rsatish mashinasi sifatida qo‘llangan Dacia avtomobilida olib yurilgan. 

Jamoa shuningdek imkoniyat paydo bo‘lganda mahalliy elektr tarmoqlardan quvvatlanishga harakat qildi, biroq infratuzilma har doim ham bunga imkon bermagan. Ekipaj Marokashda Tesla fanatlari tomondan o‘rnatilgan elektromobillar uchun quvvatlash vositasini topib, akkumulyatorlarini undan quvvatlab olgan.

Ekipaj Model X’ning qaysi versiyasida harakatlangani ma'lum qilinmagan. AQShda model P75, P100 va P100D modifikatsiyalarda taklif qilinadi. Ularning bir quvvatlanishda bosib o‘tadigan yo‘li mos ravishda 380, 470 va 460 km ni tashkil qiladi.

 

Mavzuga oid