Jamiyat | 15:17 / 09.02.2018
85269
8 daqiqa o‘qiladi

Sudga noma'lum haqiqat aslida qanaqa?​

Atrofimizda uchrab turgan ayrim vaziyatlar shunchalar qiziqki, unda fuqaroning shaxsiy mol-mulki tortib olinsa ham hech qaysi tashkilot «​pinagini ham buzmaydi»​. Kun.uz tahririyatiga kelib tushgan murojaat muallifi qonuniy yo‘l bilan sotib olgan uyini o‘zgalar egallab olgani haqida yozadi.

Gap shundaki, Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi Akmal Milikov 2010 yil 10 noyabrda Shahrisabz tumani «Yangiqishloq» massivida qurilayotgan namunaviy uy-joylardan birini xarid qilish uchun «Qishloq qurilishi invest» IK Qashqadaryo filialiga murojaat qilgan. Akmal kompaniya mutasaddi vakillari bilan dastlabki shartnomani tuzib, massivda qurilishi nazarda tutilgan 6 dona 5 xonali uylardan birini sotib olishni niyat qilgandi. O‘rnatilgan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirgan Milikov uy-joyni ipoteka krediti asosida sotib olish maqsadida dastlabki badal to‘lovini bajarish uchun «Qishloqqurilishbank» Qashqadaryo viloyati filialida 23 million 250 ming so‘m mablag‘ni shakllantirgan.

Oradan biroz muddat o‘tib, Lobar Norboyeva ham xuddi shu massivda uy olishni istab, kompaniya bilan shartnoma tuzadi. Dastlabki shartnomadan tortib to kadastr hujjatlari tayyorlangunga qadar Lobar 4 xonali uy-joyni xarid qilish uchun imzo chekdi. Akmal Milikov shartnomada ko‘rsatilgan talabga ko‘ra, 5 xonali uy-joyning umumiy bahosidan kelib chiqib, 25 foiz mablag‘ni, ya'ni 2010 yil 19 noyabrda 23,2 million so‘m mablag‘ni bankka to‘lagan. Oradan qariyb bir oy o‘tib, Lobar ham dastlabki to‘lov badalini shakllantiradi.

Barcha muammo ana endi boshlandi: uy-joy qurib bitkazilishi bilan Lobar Norboyeva Akmalning 5 xonali uyiga ega chiqdi. Mantiqqa zid bo‘lsada, qayta takrorlaymiz: 4 xonali uy-joyni sotib olishga shartnoma qilgan Lobar biroz muddat o‘tib Akmalning nomiga qonuniy rasmiylashtirilgan 5 xonali uyning baxtli sohibasiga aylandi-qoldi.

Garchi «Qishloq qurilish invest» IK vakillari barcha hujjatlar asosida 5 xonali uy Milikovga tegishli ekanini, u o‘z vaqtida kredit summasini so‘ndirib kelishi, kadastr hujjatlari ham uning nomiga rasmiylashtirilganini ta'kidlasada, Lobar Norboyeva boshqa «yechim» bilan sudda ​yutib chiqdi​.

Emishki, «Qishloq qurilish invest» IK vakili B.Hasanov bo‘sh shartnoma blankalarining ostiga Akmal va Lobarga imzo qo‘ydirgan, keyinchalik ularning roziligisiz shartnomani to‘ldirib, bilmasdan adashgan holda Akmalga 5 xonali uy, Lobarga 4 xonali uyni yozib qo‘ygan. B.Hasanovning tergovda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, aslida teskarisi, ya'ni Lobarga 5 xonali, Akmalga 4 xonali bo‘lishi kerak bo‘lgan ekan. B.Hasanovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 2016 yil 31 mayda Kitob tuman IIB qarori bilan javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli JPKning 84-moddasi 1-qismi 1-bandiga ko‘ra, harakatdan tugatilgan. Soddaroq qilib aytganda, «shartnoma to‘ldirishda adashgan» mutasaddi vakil jazoga tortilmay qolavergan.

Endi vaziyatga real qaraymiz.

1) 2010 yili fuqarolar namunaviy uy-joy olish uchun ariza berishgan. Akmalning arizasida 5 xona, Lobarning arizasida 4 xona yozilgan.

2) Arizalarga muvofiq fuqarolar bilan shartnoma imzolangan. Akmalning shartnomasida 5 xona, Lobarnikida 4 xona yozilgan. Fuqarolar shartnomaga o‘z imzosini qo‘yishgan.

3) Shundan so‘ng fuqarolar uy-joyga dastlabki badal uchun to‘lov qilishgan. 2010 yil 19 noyabr kuni Akmal 23,2 million to‘lagan. Lobar esa dekabr oyida avval 10 million, keyin 9 million 575 ming so‘m, ya'ni 19 million 575 ming so‘m to‘lagan. Shundan keyin yana 5 kun o‘tib 2 million 800 ming so‘m qo‘shib to‘lagan.

4) 2011 yili uylar kadastr qilingan. Akmalga 5 xonali uy kadastr qilib berildi. Lobarga esa 4 xonali uy.

5) Fuqarolar kredit to‘lovini so‘ndirib kelmoqdalar. Akmal 5 xonali uy uchun 8 yildan buyon kredit to‘lab keladi.

Mana shuncha fakt, shuncha rasmiy hujjatlar turgan bir paytda oradan 6 yil o‘tib  bir kishining og‘zaki ko‘rsatmasi bilan, ya'ni “men adashib ketgan ekanman, uzr” degan og‘zaki gap bilan Akmalning 5 xonali uyi tortib olinib, birovga berib yuborildi.

Ajoyib-a, to‘g‘rimi?!

Akmalning uyini tortib olinish voqeasida eng katta xatolik va sudni chalg‘itgan joyi «Qishloqqurilishbank»ning haligacha tushunarsiz va izoh bera olmayotgan ishi tufayli yuzaga kelgan.

Ya'ni Akmal dastlabki badalni shakllantirish uchun 2010 yil 19 noyabrda 23,2 million so‘m mablag‘ni bankka to‘lagan. Lekin bank shu pulning faqat 19,6 million so‘m mablag‘ni «Qishloq qurilish invest» IK hisobiga dastlabki to‘lov badali sifatida o‘tkazgan. Oradan taxminan besh oy o‘tib, qolgan mablag‘ni yakuniy badal to‘lovi sifatida injyenering kompaniyasiga taqdim qilgan. Aynan mana shu joyini “ushlab” olgan sud, Akmal 4 xonali uyga to‘lov qilgan, deya xulosa bermoqda, biroq aslida u bankka 23,2 million so‘m to‘laganini hech kim eshitishni istamayapti.

Xo‘sh, o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi, nima uchun bank Akmal uchun 19,6 million so‘m o‘tkazgan?

Bank mutasaddi vakili mablag‘larni «Qishloq qurilish invest» IK bilan tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgani kabi o‘tkazganmiz, bizga shunaqa ro‘yxat kelgan, deya ta'kidlab, barcha aybni narigi tashkilotga yukladi. «Qishloq qurilish invest» yuristi esa aksincha, amaldagi tartibga ko‘ra, hech qanday ro‘yxat degan tushuncha yo‘qligini, bank shartnoma bo‘yicha pul o‘tkazishga majbur bo‘lganini, Akmalning shartnomasi esa 5 xonaliga tuzilganini ta'kidlab, ayni paytda bankning aybi bilan 25%lik to‘lov noto‘g‘ri o‘tkazilganini bildirdi.

QQI yuristining gapida jon bor, chunki «Qishloqqurilishbank» nima uchun aynan kam pul o‘tkazganini isbotlovchi bironta hujjat taqdim eta olmadi. Buning natijasida esa bir fuqaro uyidan ayrilib qolmoqda.

Shunday qilib, sudyalar ikkita asosga ko‘ra Akmal Milikov bilan tuzilgan shartnoma haqiqiy emas, deb topmoqda. Ya'ni, QQI vakili og‘zaki ravishda «aybini tan oldi», bank o‘z vaqtida Akmal to‘liq to‘lagan dastlabki badalni kompaniyaga o‘tkazib bermagan.

Mana shu 2 tagina asos natijasida sud aslida fuqarolar o‘z roziligi bilan imzo qo‘ygan va hozirgacha yuridik kuchda bo‘lgan shartnomaning mazmunini o‘zgartirib, Akmalning shartnomasini 4 xonaga, Lobarnikini 5 xonaga tuzilgan, deya hisoblansin degan qarorni chiqardi.

G‘isht qolipdan allaqachon ko‘chgan, mahalladagi fuqarolarning aytishicha, Akmalning yon qo‘shnisi Lobarning otasi bo‘ladi. Tasodifni qarang, mojaroli ish natijasida Lobar ham 5 xonaliga uyga ega chiqdi, ham otasi bilan yonma-yon qo‘shniga aylandi qoldi. Mashhur multfilmdagi “tasodiflar tasodif emas” degan iborani beixtiyor yodga olasan kishi.

Multfilmni qo‘ya turaylik, buyoqda bir kishi o‘zining qonuniy uyidan ayrilib qolganini aytmaysizmi...

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Mavzuga oid