Fan-texnika | 00:32 / 10.02.2018
20308
7 daqiqa o‘qiladi

“VeloBOT” haqida eshitganmisiz? O‘zbek talabalaridan yana bir “smart” loyiha

Foto: Muhabbat Mamirova

Velosiped eng arzon va ekologik jihatdan qulay transport vositasi hisoblanadi. Qator imkoniyatlariga qaramasdan, unga onda-sonda shug‘ullanib turiladigan (asosan, dam olish kunlarida) ko‘ngilochar mashg‘ulot sifatida qaraymiz. U transportga bo‘lgan kundalik ehtiyojlarimizni qondirish bilan birga uzoq va baxtli hayot kafolati bo‘lishi mumkinligiga ishonasizmi?

Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari Miroqil Yoriqulov, Shohjahon Asatov va Abulqosim Muhiddinovlar  yaratgan VeloBOT  elektron dasturi ana shunday imkoniyatlarni taqdim eta oladi. Bu tizim Best Soft Challenge – 2017 tanlovining “Aqlli shahar IT loyihasi” nominatsiyasida birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi.  

Ilova yordamida siz kunning tig‘iz paytida masofadan turib istalgan paytda smartfon orqali sizga yaqin bo‘lgan veloparklardan velosipedni ijara olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz. Loyiha haqida dastur asoschilaridan biri Miroqil Yoriqulovdan to‘liq ma'lumot olishga harakat qildik.

- Dasturni yaratishga nima turtki berdi?

- Xitoy Xalq Respublikasiga safar qilganimda Pekin, Shinjon kabi megapolislarda velosipedlarga “elektron ijara” tizimi o‘rnatilgani guvohi bo‘ldim. Velosipedlarning har biri  GPS qurilmasi bilan jihozlangan. Bu oddiy aholi uchun qulay va tezkor harakatlanish vositasidir. Shu bilan birga ancha hamyonbop. O‘zim ham foydalanib ko‘rdim. Bu an'anaviy ijara berishdan ancha farq qiladi: foydalanuvchi elektron tarzda velosipedni oldindan band qilib qo‘yishi mumkin. Foydalanib bo‘lgach, istalgan joyga qo‘yib ketadi. Qulfga hojat yo‘q. Hammasi elektron nazorat ostida bo‘ladi.  Hammamizga ma'lumki, mamlakat demografiyasi jadallik bilan rivojlanayotgan bir paytda ekologik xavfsiz transportga talab kuchli. Shu kabi omillarni hisobga olgan holda yurtimizda ham bu tizimni yaratib, sinab ko‘rishga qaror qildik.

- Loyihani tayyorlash jarayoni qanday kechdi?

- Loyihamiz uchun ayrim kerakli moslamalarni Xitoydan olib keldim, chunki bizda butlovchi, ehtiyot qismlarni topish qiyin. Universitetimiz laboratoriyasida jamoamiz bilan velosipedga o‘rnatish uchun qulf prototipini yaratdik. 3D formatidagi ushbu qurilma modelini chizib, printerdan chiqarish uchun kamida o‘n soat sarflanadi. Printer ishlashida biror muammo bo‘lsa, model sifatiga o‘z-o‘zidan salbiy ta'sir o‘tkazadi.  Mana shu jihatida qiynaldik. Qolaversa, tizimni ishga tushiradigan bir qancha dasturlar ishlab chiqdik. Ilmiy rahbarimiz Jonibek Tojiyev yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etishga yordam berdi. Shunday qilib, startapimiz olti oy davomida yaratildi.

- VeloBOTni shahrimiz ko‘chalarida keng targ‘ib qilish uchun ishni nimadan boshlaysiz?

- Biz alohida reja ishlab chiqqanmiz: boshlanishiga bitta bekat yonida ixcham velopark quramiz. Ishni 5 dona velosipeddan boshlasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. U yerni qo‘shimcha uskunalar bilan jihozlash zarur. Bunga ko‘pi bilan 3 oy vaqt ketadi. 

Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, umumiy xarajat 5500-6000 AQSh dollarini tashkil etadi. Albatta, bir yildan so‘ng u o‘zini qo‘shimcha foydasi bilan oqlaydi.  Birinchi bosqichda, sinov tariqasida avtobus bekatlari yonida velosipedlar turar joyini tashkil qilamiz. Ularga aqlli moslama  o‘rnatiladi. Shu bilan birga bekatda Wi-Fi tizimi uzluksiz ishlab turadi. Aholi qo‘l telefonida VeloBOT mobil ilovasiga kirib xavfsiz  elektron ijarani amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. 

Ikkinchi bosqichda, aholi gavjum hududlarda tashkil qilamiz va velosipedlarning erkin harakatlanishi uchun alohida yo‘lkalar barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda talabdan kelib chiqib ko‘chaning odamlar serqatnov qismlariga tatbiq qilamiz. Shuningdek, sayyohlar uchun mehmonxonalar oldida velo-maydonchalarni tashkil qilish kerak. Bu yana bir sifatli xizmat turi sifatida ommalashishiga ishonamiz. O‘zbek turizmi rivojida yana bir muhim qadam tashlanadi. Eng katta maqsadimiz – odamlarning uzog‘ini yaqin qilib, shahar ekologiyasini yaxshilash orqali aholi salomatligiga o‘z hissamizni qo‘shish. 

- Tizimni yaratish uchun qancha mablag‘ sarfladingiz?

- 500-600 ming so‘m. Qolgan xarajatlar universitet hisobidan moliyalashtirildi.

- Best Soft Challenge – 2017 tanlovi haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

- 2017 yilning avgust oyida ro‘yxatdan o‘tdik. Noyabrda saralash bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bunda siz taqdim etgan loyiha nominatsiya uchun mosligi aniqlandi. 1 – 2-dekabr'da so‘nggi respublika bosqichi o‘tkazildi. Viloyatlardan qatnashgan yoshlar onlayn tarzda taqdimot qilib berishdi. Biz ham o‘z ishimizni havola etdik. Bizda tayyor model bo‘lgani uchun hakamlar yuqori ball qo‘yishdi.

- O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasida qanday to‘siqlar mavjud?

- Eng avvalo, malakali dasturchilar tayyorlashga katta e'tibor berish kerak. Bizda mahoratli kadrlar tanqisligi mavjud. Xorij tajribasidan namuna olishimiz kerak. Balki, chet elda tanilgan professor-o‘qituvchilarni mahalliy universitetlarda mahorat darslariga taklif qilish kerakdir. IT kompaniyalar bilan shartnoma qilib, u yerda kadrlar malakasini oshirish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq bo‘lardi. 

Shu bilan bir qatorda sohaga qiziqishi bo‘lgan iqtidorli dasturchilar uchun maxsus kurslarni tashkil qilib, har bitta yaratgan ixtirosi uchun ma'lum miqdorda moddiy rag‘bat ajratish kerak. Bir vaqtning o‘zida yangi loyihalar uchun sinov maydonchalari tashkil qilish mumkin. Mahalliy va xorij investorlarining yangi ixtirolardan doimiy ravishda boxabar bo‘lib borishi ta'minlansa yaxshi bo‘lardi. Yurtimizda axborot texnologiyalari jabhasini takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni aniqlab ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab tanlovlar o‘tkazilyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin faqat taqdirlash, e'tirof etishning o‘zi yetarli emas. Yangilikni hayotga tatbiq etish, uni mablag‘ bilan ta'minlash masalasi ochiqligicha qolmoqda

- Kelajakdagi rejalaringiz.

- Onlayn to‘lov tizimini yanada takomillashtirish. Shu kabi dasturlar yaratiladigan firma ochib u yerda malakali dasturchilar tayyorlash hamda doimiy ish o‘rinlarini yaratish niyatim bor.

Muhabbat Mamirova​ suhbatlashdi

Mavzuga oid