Jamiyat | 00:52 / 11.02.2018
128624
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatida fuqarolarning tuman IIB boshlig‘i haydab ketgan 65 bosh qo‘ylari yo‘qolib qoldi

Foto: Illyustrativ surat. akamaized.net

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasining nashri — «Adolat» gazetasining rasmiy saytida Farg‘ona viloyati, Oltiariq tumani, «Qiziltepa» MFYda yashovchi Hasanboy Yunusovning xati e'lon qilindi.

Ro‘zg‘or tebratish uchun uyda qo‘y boqib, sotuvchi, biroq yigirma kundan buyon oilasining tinchi buzilganini bayon qilgan H.Yunusov bo‘lib o‘tgan voqea tafsilotlarini quyidagicha ifodalaydi:

«2018 yilning 20 yanvar kuni soat 16:00 da qo‘shnilarim Rahmatjon Abduqahhorov va Raim Qodirov bilan qo‘ylarimizni «Qiziltepa» MFY hududidagi «Shohimardonsoy» fermer xo‘jaligi yonidagi zovur yoqasida boqayotgan edik. Bir sovliq tug‘a boshladi. Biz shu bilan ovora bo‘lib qolibmiz. Qo‘ylarning bir qismi fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alla ekilgan maydonga kirib ketibdi.

Shu voqea ustiga tuman hokimi va IIB boshlig‘i kelib qoldi. Qo‘ylarga e'tiborsiz bo‘lganimiz uchun ming pushaymon ekanimizni bildirsak-da, IIB boshlig‘i va mahalla noziri qo‘ylarni haydab ketdi.

Joriy yilning 22 yanvar kuni Oltiariq tuman ma'muriy sudi ushbu ishni ko‘rib chiqib, aybimizga iqror ekanimizni hisobga olib, har birimizga jarima belgiladi. Uni vaqtida to‘ladik. Bundan tashqari, «Shohimardonsoy» fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar — 1.320.000 so‘mni ham o‘z ixtiyorimiz bilan qoplab berdik. Hech kimda bizga qarshi da'vo qolmaganidan so‘ng qo‘ylarni so‘rab, tuman hokimi X.Niyozovga uchrashdik. Hokim buva «qo‘ylaringizni bilmayman», dedi. IIB boshlig‘i I.Saydinov qabuliga bordik. U ham qo‘ylarning taqdiridan bexabar ekanini, bu ish bilan shug‘ullanmasligini bildirdi.

Ushbu masalada yordam so‘rab viloyat hokimi huzuriga borishga jazm etdik. Afsuski, hokimning qabuliga kiritish uyoqda tursin, dardimizni ham eshitishni istashmadi. Shundan buyon qo‘ylarni olish ilinjida qilgan murojaatlarimiz havoda qolib ketmoqda. Nahotki, mening aybim bilan oila a'zolarim, qo‘shnim Rahmatjon va Raimlarning farzandlari kam-ko‘stini but qilib kelgan 65 bosh qo‘y o‘z-o‘zidan «yo‘qolib» qolsa?

Hududimizda oila boqish uchun hech qanday ishlab chiqarish korxonasi va ish o‘rni yo‘q. Ko‘pchilik ishsiz. Yoshlar ish qidirib Rossiyaga borishadi. Borolmaganlar esa mol va qo‘y boqib, ro‘zg‘or tebratadi.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, men ham shu ish ortidan farzandlarimni voyaga yetkazayapman. Afsuski, shuni ham bizdan tortib olishdi. Sizlardan iltimos, menga va qo‘shnilarimga tegishli qo‘ylarni olishda yordam bering. Biz yo‘l qo‘ygan xatomizdan ming bora pushaymonmiz», — deb yozadi H.Yunusov yordam istab.

Tahririyatdan: Kun.uz ushbu masala bo‘yicha o‘z surishtiruvlarini boshladi va natijalarini muxlislarga taqdim etadi.

Mavzuga oid