Jahon | 17:19 / 20.02.2018
10944
5 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts va Richard Brenson sun'iy go‘sht ishlab chiqarishga faol sarmoya kiritmoqda

Foto: Memphis Meats

Laborotoriya sharoitlarida go‘sht yetishtirish tobora jozibali sarmoya manbaiga aylanib bormoqda. O‘tgan hafta Tyson Foods korporatsiyasining investitsion bo‘limi Kaliforniyaning ancha tanilib ulgurgan Memphis Meats startapining minoritar aksiyalar paketini qo‘lga kiritdi (va sarmoyachiga aylandi). Memphis Meats laborotoriya sharoitlarida hayvon hujayralaridan mol go‘shti, tovuq go‘shti va o‘rdak go‘shtini yetishtirish bilan shug‘ullanadi, bunda tirik mol yoki parranda jarayonda umuman qatnashmaydi. Shartnoma natijasida Tyson kompaniyasi Bill Geyts va Richard Brenson kabi taniqli sarmoyachilarga qo‘shildi. 

Shartnoma shartlari oshkor qilinmadi. 2016 yilda Memphis Meats laborotoriyada yetishtirilgan teftellarni ommaga namoyish etdi, biroq startap hali o‘z mahsulotini daromadga olib chiqishi kerak. Hozir eng katta muammo bunday go‘shtni ishlab chiqarish bahosida - uning 1 kilogrammi 5300 dollar atrofida. 

Biroq Tyson kabi yirik go‘sht ishlab chiqaruvchi kompaniya mol, tovuq va o‘rdak go‘shtidan bir yilda 30 milliard dollar ishlab topadi va u Memphis Meats'ga qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam berishi mumkin. Startap bosh direktori va hammuassisi Uma Valeti Forbes'ga shunday deydi: "Biz  Tyson'ga tenglashmoqchimiz. Biz uchun asosiy maqsad ishlab chiqarish qiymatini pasaytirish. Oxir-oqibat bizning mahsulotimiz oddiy go‘shtdan arzonroq bo‘ladi". 2017 yilning avgustida Memphis Meats'ga dunyodagi ikkinchi eng yirik mol go‘shti ishlab chiqaruvchi Cargill qishloq xo‘jalik konglomerati ham sarmoya kiritdi. Shartnoma summasi e'lon qilinmagan. 

10 milliard kishi uchun steyk

Valeti optimizmga to‘la: "Shu vaqt ichida birinchi marta go‘sht o‘rnini go‘sht bilan qoplayapmiz, uning o‘rnini bosuvchi bilan emas. Bu bizning Tyson va Cargill'dagi hamkorlarimizni ilhomlantiradi, zero ularning biznesi aynan go‘sht mahsulotlari ustiga qurilgan. Biz bunda katta salohiyat ko‘ryapmiz: butun dunyoni mutlaqo boshqacha oziqlantiradigan kunlar kelishiga yaqin qoldi". Yangi kompaniya rahbarining o‘zi 2005 yilda aspiranturadan keyin Minnesotadagi Mayo klinikasida kardiologiya sohasida tajriba orttirgan kezlarida jonivor ishtirokisiz go‘sht yetishtirish haqida o‘ylagan. O‘shanda u bir klinik tadqiqot davomida ildiz hujayralar yordamida yurak to‘qimalarining muvaffaqiyatli tiklanishini kuzatgan. 

Tyson muvaffaqiyatli kelajakni ta'minlash maqsadida o‘zining 150 million dollarlik investitsion fondi yordamida uzoq muddatli investitsiyalarni amalga oshirmoqda. Memphis Meats, o‘z navbatida, 2050 yilga borib butun dunyo bo‘ylab 10 milliard kishining talabini qondirish uchun global miqyosda oqsil sintezi ko‘lamini oshirish yo‘lini topishga harakat qilmoqda. Valetining fikricha, yaqin 30 yilda go‘shtga bo‘lgan talab ikki baravarga oshadi. 

Tyson kompaniyasining investitsion bo‘limi rahbari Jastin Uitmor Forbes'ga shunday deydi: "Oziq-ovqat mahsuloti, xususan oqsilli mahsulotni ishlab chiqishda qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa, Tyson Foods bunga tayyor".

Tyson bilan shartnoma arafasida startap kamida 22 million dollar sarmoya jalb qilishning uddasidan chiqqani haqida ma'lum qildi. 

Memphis Meats korporatsiya uchun go‘shtli taom muqobilini ishlab chiqarish sohasida ikkinchi sarmoya kiritish manbai bo‘ldi. Tyson investitsion bo‘limiga 2016 yilda asos solingan, o‘shanda korporatsiya 13 million dollarga o‘simlik oqsili asosida burgerlar tayyorlovchi va supermarketlar orqali ularning sotuvini amalga oshiruvchi Beyond Meat startapining 5 foizi va restoranlardagi Sysco distribyutorini qo‘lga kiritgandi. Ayni damda moliyaviy holati 92 milliard dollarga baholanuvchi va Memphis Meats'ga sarmoya kirituvchi Bill Geyts Beyond Meat kompaniyasini ham o‘z tasarrufiga olgan. Kompaniya hozirda 300 million dollarga baholanmoqda. 

Forbes baholariga ko‘ra, bugungi kunda Tyson Foods direktorlar kengashi raisining moliyaviy holati 2,5 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Mavzuga oid