Isroilda Netanyahuning ikki safdoshi hibsga olindi
Isroil politsiyasi mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ikki safdoshini korrupsiyaga qarshi surishtiruv ishlari doirasida hibsga oldi. Bu haqda Associated Press ma'lum qilgan.
Xususan, Isroil Aloqa vazirligi sobiq bosh direktori Shlomo Filber va B.Netanyahuning sobiq matbuot kotibi Nir Hefetts nomi zikr etilgan.
Ular maqsadi OAVda Isroil bosh vaziri faoliyatini ijobiy yoritish bo‘lgan korruptsion sxemada ishtirok etganlikda gumonlanmoqda, deb xabar beradi «Interfaks».
13 fevral kuni Isroil politsiyasi Netanyahuga qarshi korrupsiya bo‘yicha ayblov qo‘yishni tavsiya etmoqchi ekani ma'lum bo‘lgandi.
Netanyahuni biznes-hamjamiyatlar vakillaridan qimmatbaho sovg‘alar olish va hukumat faoliyatini yaxshi jihatdan yoritish maqsadida nashriyot uyi egasi bilan til biriktirishda gumonlashmoqda.