O‘zbekiston | 00:06 / 20.02.2018
87128
7 daqiqa o‘qiladi

Mol-mulk solig‘i bo‘yicha belgilangan stavkalar, soliqni hisoblab chiqish tartibidan xabardormisiz?

O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 29 dekabrdagi «Soliq va byudjyet siyosatining 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yunalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-454-sonli Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2018 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjyeti parametrlari to‘g‘risida»gi PQ-3454-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur Qonun bilan Soliq kodeksining 274- va 277-moddalariga o‘zgartirishlar kiritilib, unga ko‘ra ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan belgilanadigan soliq solish obektlarining kadastr qiymati to‘lovchilar uchun soliq solish bazasi hamda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i summasi mol-mulkning 1 yanvarga bo‘lgan holatiga ko‘ra kadastr qiymatidan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilishi belgilab qo‘yildi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi PQ-3454-sonli qarorining 18-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi va 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab soliq stavkalari mol-mulkning kadastr qiymatidan belgilanadi (2017 yilda mol-mulkning inventarizatsiya qiymatidan edi).

Shunga ko‘ra, turar joylar, kvartiralar, dala hovli qurilmalari (umumiy maydoni 200 kv. metrdan oshiq bo‘lganlari bundan mustasno), boshqa imoratlar, xonalar va inshootlar uchun 0,2 foiz miqdorida (2017 yilda 1,7 foiz), shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv. metrdan 500 kv. metrgacha bo‘lgan turar joy va kvartiralarga 0,25 foiz miqdorida (2017 yilda 2,1 foiz), maydoni 500 kv. metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 0,35 foiz miqdorida (2017 yilda 2,9 foiz) soliq stavkalari belgilandi.

Boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq bo‘lgan turar joy va kvartiralar, dala hovli qurilmalari uchun 0,25 foiz miqdorida (2017 yilda 2,1 foiz) soliq stavkalari belgilandi.

Jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini kadastr qiymatidan hisoblash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 dekabrdagi 1043-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan amalga oshiriladi.

Mazkur Nizomga muvofiq hisoblab chiqilgan ko‘chmas mulk obektining kadastr qiymati faqat jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblash uchun qo‘llaniladi.

Bunda, ko‘p kvartirali uy-joylar va yakka tartibdagi uy-joy (dala-hovli) mulk obektlarining kadastr qiymatini hisoblash ushbu Nizomning 1-ilovasiga asosan amalga oshirilib, uy-joyning toifasi, qavati va binoning turi, uy qurilishida ishlatilgan materiallar sifatiga qarab har bir kv.metri uchun tegishliligi bo‘yicha kadastr qiymati hisoblanadi.

Shuningdek, Toshkent shahar va boshqa hududlardagi uy-joylarning kadastr qiymatini aniqlash Nizomning 2-ilovasiga asosan amalga oshirilib, hududiy tuzatish koeffitsiyentlarini qo‘llash orqali farqlanadi.

Masalan: Toshkent shahri uchun 1-zonadan 5-zonagacha 1,20 dan 1,00 gacha hududiy tuzatish koeffitsiyenti qo‘llanilsa, boshqa hududlarda ushbu ko‘rsatkich 
0,95 dan 0,50 gacha belgilangan.

Toshkent shahridan tashqari boshqa hududlarda esa, ya'ni Nukus shahri, viloyat markazlarida — 1,00, shaharlar va shahar bo‘lmagan tuman markazlarida — 0,85 va boshqa aholi punktlarida — 0,75 koeffitsiyentlar qo‘llanilib, mulkning kadastr qiymati yanada kamayadi.

Joriy yilda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida mol-mulkning kadastr qiymati kadastr hujjatlaridan kelib chiqib, biroq 42 mln so‘mdan kam bo‘lmagan miqdordan kelib chiqib hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo‘yicha organlar belgilagan kadastr qiymati bo‘lmasa, soliq undirish uchun Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek viloyat markazlarida 210 mln so‘m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 90 mln so‘m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati belgilangan.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yxatga oluvchi organlarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo‘yicha jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i mol-mulkning shartli qiymatidan kelib chiqib ikki baravar miqdorida undiriladi.

Eslatib qo‘yish joizki, 2018 yilda mol-mulkka kadastr qiymatidan kelib chiqib soliq solishga o‘tgandan keyin soliq yukining keskin o‘sishi oldini olish maqsadida, kadastr qiymati asosida hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i summasi 2017 yil uchun hisoblangan soliq summasidan 1,2 baravardan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib, joriy yil uchun jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini hisoblashni misolda ko‘rib chiqamiz.

Masalan: Toshkent shahri markazi (1-zona)da joylashgan va qurilib bitkazilganiga 5 yil bo‘lgan 5 qavatli, pishgan g‘ishtli uyning 100 kv. metr maydonining har 1 kv.metriga 1 920 ming so‘mdan kadastr qiymati, jami 192,0 mln so‘mni tashkil etadi (mazkur xonadonning 2017 yildagi inventarizatsiya qiymati 12 mln 500 ming so‘mni tashkil qiladi).

Bu summaga nisbatan 7,25 foiz (5 yil*1,25=7,25 foiz) eskirish va Toshkent shahar 1-zonasi uchun belgilangan 1,2 koeffitsiyentlarini qo‘llagan holda, soliq solinadigan baza 213,7 mln. so‘mni tashkil etadi.

Bundan, 2018 yil uchun tasdiqlangan byudjyet parametrlari 18-ilovasida belgilangan 0,2 foiz stavkada 427,4 ming so‘m (213,7 mln.so‘m * 0,2 foiz) mol-mulk solig‘i hisoblanishi lozim.

Biroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 dekabrdagi 
PQ-3454-sonli qarorining 11-bandida soliq yuki 2018 yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan 2018 yil uchun hisoblanadigan soliq summasi 2017 yilda hisoblangan soliq summasi, ya'ni 212,5 ming so‘mga (12 500*1,7 foiz=212,5) nisbatan 1,2 baravardan ko‘p bo‘lmasligi belgilanganligidan kelib chiqib, 2018 yil uchun mol-mulk solig‘i summasi 255,0 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun 2018 yilda mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kv.m hajmida belgilab qo‘yildi.

A.Tillavoldiyev, 
DSQ Jismoniy shaxslar soliq ma'muriyatchiligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Mavzuga oid