Jahon | 09:08 / 20.02.2018
13993
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQSh tarixidagi eng nomashhur prezident deb topildi 

Foto: aurn.com

AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp AQSh prezidentlarining har yilgi reytingida oxirgi o‘rinni egalladi. Ushbu reyting siyosatshunos olimlar fikrlari asosida tuziladi.  

Xyuston universiteti va Boys universiteti mutaxassislari Amerika siyosiy fanlar uyushmasining prezident seksiyasi a'zolari hisoblangan 170 nafar mutaxassis o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishdi. Ulardan AQShning barcha prezidentlarining tarixda tutgan o‘rinlarini 0 dan 100 ballgacha shkala bo‘yicha baholab chiqish so‘ralgan. 

So‘rovnomaga ko‘ra, reytingga 100 balldan 95,03 ball to‘plagan Avraam Linkoln yetakchilik qilmoqda. Uning ortidan 92,59 ball bilan AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashington, so‘ngra Franklin Delano Ruzvelt, Teodor Ruzvelt, Tomas Jyefferson, Garri Truman, Duayt Eyzenxauer kelmoqda.

Birinchi 7 o‘rin so‘rovnoma o‘tkazilishi boshlangan 2014 yildan beri o‘zgarishsiz qoldi. 8-o‘rinni 71 ball bilan Barak Obama egalladi va u o‘tgan yilgi reytingga nisbatan 10 pog‘onga yuqorilagan.

Amaldagi prezident Donald Tramp 12,34 ball bilan oxirgi o‘rinni egalladi va AQSh tarixidagi eng nomashhur prezident deb topildi. Tramp odatda faoliyati tarixchilar tomondan salbiy baholanadigan sobiq prezidentlar Jyeyms Byukenen, Uilyam Genri Garrison va Franklin Pirsdan ham ancha ortda qolgan.

2017 yil 18 dekabrda Tramp o‘z rafiqasi Melanya Trampdan ham nomashhurroq ekani ma'lum bo‘lgan. Sentyabrda esa Trampning reytingi 71 yil ichidagi rekord darajadagi past ko‘rsatkichlarga tushib ketgan. So‘ralganlardan 66 foizi Tramp davlatni birlashtirishdan ko‘ra uning tavofutlanishiga ko‘proq hissa qo‘shgan, degan fikr bildirishgan.

AQShda fevral oyining 3-dushanbasi “Prezidentlar kuni” sifatida nishonlab kelinadi. 

Mavzuga oid