Jahon | 22:20 / 22.02.2018
8440
2 daqiqa o‘qiladi

Majburiy parhez: venesuelaliklar inqiroz sababli bir yil ichida 11 kg.ga ozib ketdilar

Foto: Global Look Press

Venesuelaliklar o‘tgan yil o‘rtacha 11 kg vazn yo‘qotganlar, chunki bugungi kunda aholining deryali 90 foizi nochorlikda yashamoqda. Bu haqda Venesuelaning Markaziy, Andresa Bello va Simon Bolivar nomidagi universitetlari tomondan 21 fevralda chop etilgan tadqiqot ma'lumotlariga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi xabar berdi.

Tadqiqot Venesuelada o‘tkir oziq-ovqat yetishmovchiligini keltirib chiqargan iqtisodiy inqiroz oqibatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan.

Tadqiqotchilar 2016 yilda venesuelaliklar o‘rtacha 8 kgga ozishganini qayd qilishgandi.

Tadqiqotda qatnashgan venesuelaliklarning 60 foizi oxirgi 3 oy yegulik uchun pullari bo‘lmagani sababli muntazam och-nahor tong ottirishga majbur bo‘lishganini aytishgan. Respondentlarning 25 foizi kuniga ikki yoki bir mahal taom yeyishlarini ma'lum qilishgan.

So‘rovnomada 20 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan 6168 venesuelalik ishtirok etgan.

“Narxlar va aholi maoshi oshishi o‘rtasidagi nomutanosiblik shunchalik keng qamrovliki, deyarli nochor bo‘lmagan birorta venesuelalik yo‘q”, deb izoh bergan tadqiqotchilardan biri Mariya Ponse.

Venesuela muxolifati ma'lumotlariga ko‘ra, oxirgi bir yil ichida mamlakatda narx-navo 4068 foizga oshgan. Bu ma'lumotlar mustaqil iqtisodchilarning hisob-kitoblari bilan deyarli mos kelmoqda. Yanvar oyida inflyatsiya 84,2 foizni tashkil qilgan.   

Ayni vaqtda 1970-yillarda Lotin Amerikasining eng boy davlatlaridan hisoblangan Venesuela bir qancha sabablarga ko‘ra iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Bu esa oziq-ovqat yetishmovchiligi, giperinflyatsiya va boshqa jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda va aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Mavzuga oid