O‘zbekiston | 18:40 / 26.02.2018
93685
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga tashrifi sanasiga aniqlik kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10 mart kunlari Tojikistonga tashrifini amalga oshiradi.

«Aziya-Plyus» agentligi ma'lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevning davlat rahbari sifatida Dushanbega bo‘ladigan ilk tashrifi vaqtida unga Tojikiston milliy universiteti fan doktori faxriy unvoni beriladi. Prezident universitet professor-o‘qituvchilari hamda talabalar bilan uchrashadi.

Bungacha ushbu universitet fan doktori faxriy unvoni Afg‘onistonning sobiq prezidenti Burhoniddin Rabboniy, shuningdek, Qozog‘iston hamda Ozarboyjonning amaldagi prezidentlari Nursulton Nazarboyev va Ilhom Aliyevga ham berilgan.

O‘zbekiston prezidentining qo‘shni davlatga tashrifi oldidan, 24 fevral kuni Farg‘onada O‘zbekiston — Tojikiston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda ishtirok etdi.

Mazkur komissiyaning majlisi amaliy ruhda bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston — Tojikiston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha O‘zbekiston va Tojikiston hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlari tomonidan bir qator hujjatlar tayyorlandi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonnoma imzolandi.

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon uchrashuvidan eng ko‘p kutilayotgan voqea O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi bekor qilinishidir.

Toshkent va Dushanbe kelishdi. Viza rejimi bekor qilinadi

2017 yilning noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Dushanbega tashrifi davomida O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegaralari bilan bog‘liq ko‘plab masalalar bo‘yicha, xususan, viza rejimini bekor qilish bo‘yicha kelishib olingandi. 

O‘tgan haftada O‘zbekiston hukumati Tojikiston bilan chegara bo‘ylab joylashgan 9ta nazorat-o‘tkazish punkti ishini tiklash haqidagi qarorni tasdiqladi. Shundan bittasi temir yo‘lda, 8tasi avtomobil yo‘lida.

Endilikda, Samarqand viloyatidagi «Jartepa», Jizzax viloyatidagi «Kushkent» va «Uchqo‘rg‘on», Sirdaryo viloyatidagi «Xovosobod», Toshkent viloyatidagi «Bekobod», Namangan viloyatidagi «Pop», Farg‘ona viloyatidagi «Ravot», Surxondaryo viloyatidagi «Gulbahor» (temir yo‘l) nazorat-o‘tkazish punktlari, shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumani hududidagi chegara posti ochilishi kutilmoqda.

Keyingi 8 yilda ikki qo‘shni davlat o‘rtasida faqat ikkita nazorat-o‘tkazish punkti faoliyat olib bordi - «Tursunzoda-Sariosiyo» va «Fotihobod-Oybek». Holbuki, chegara bo‘ylab jamia 16ta nazorat-o‘tkazish punkti mavjud.

1991 yilda mustaqillikka erishgan bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar 1992 yilda Tojikistonda fuqarolik urushi boshlangach yomonlashgandi. 1992 yili ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlar bekor qilingan, 2001 yili o‘zaro viza rejimi joriy etilgandi. Shuningdek, Tojikistonga tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatilgandi.

Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 2015 yilga kelib 142 baravar kamayib ketdi, keyingi bir yilda esa keskin o‘sish kuzatildi - 4 oyda 50 million dollar.

2015 yildan esa ikki mamlakat munosabatlarida iliqlashish boshlandi, tomonlar aviaqatnovlarni tiklash bo‘yicha harakatlarga kirishdi, keyinroq, 20 yil ichida ilk marta madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar o‘tkazildi, iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilib, siyosiy ziddiyatlarda yon berishlar kuzatildi.

O‘zbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashqi siyosatdagi birinchi galdagi vazifa sifatida qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishni belgilab oldi.

Mavzuga oid