O‘zbekiston | 20:10 / 26.02.2018
20053
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Rajab Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident Erdo‘g‘anni tug‘ilgan kuni bilan samimiy qutlab, uning O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik va strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan katta e'tibori va sa'y-harakatlarini hamda qo‘shayotgan ulkan hissasini alohida qayd etdi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yil oktabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasidagi samarali uchrashuv va muzokaralar ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratgani hamda aniq amaliy mazmun baxsh etgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Shavkat Mirziyoyevga tabrik va ezgu tilaklar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston Prezidenti timsolida O‘zbekiston–Turkiya hamkorligini har tomonlama mustahkamlash borasida haqiqiy birodar va hamfikrga ega bo‘lganini alohida ta'kidladi.

Mazkur tarixiy tashrif yakunlari bo‘yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan, savdo, investitsiya, bank-moliya, transport, turizm
va boshqa muhim sohalardagi yirik qo‘shma loyihalarni hayotga to‘liq tatbiq etish borasida kelishib olindi.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lg‘usi oliy darajadagi tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish hamda muqaddam erishilgan kelishuvlarning bajarilishi masalalari yuzasidan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini tashkillashtirish muhimligi e'tirof etildi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari o‘zbek-turk hamkorligini yanada kengaytirish istiqbollarini atroflicha muhokama qilishdi, mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashishdi.

Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik aloqalari hamda an'anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanlarini yana bir bor tasdiqladilar.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bugun, 26 fevralda 64 yoshini qarshiladi.

Mavzuga oid