Jahon | 17:30 / 27.02.2018
17413
3 daqiqa o‘qiladi

«Men uchun sunniylar va shialarning hech qanday farqi yo‘q» - Livan rahbari maktabda dars o‘tdi

Livan bosh vaziri Saad Hariri faol siyosiy arboblardan hisoblanadi. Yaqinda Livan hukumati rahbari mamlakatdagi maktablardan biriga tashrif buyurib, o‘quvchilar uchun o‘ziga xos dars o‘tdi. Bu dars televideniye orqali ham efirga uzatildi.

O‘quvchilar bosh vazirga uning oilasi, faoliyati haqidagi, shuningdek, diniy savollar bilan ham murojaat qilishdi.

Janob Hariridan musulmon olamidagi ikki yirik yo‘nalish — sunniylar va shialar haqida ham so‘rashdi. Bosh vazir bu savolga javob berar ekan maktab taxtasida sunniy va shia so‘zlarini yozdi.

Keyin esa dedi: «Alloh, Qur'on, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam va islomning 5ta ustuni bu ikki yo‘nalish uchun ham muqaddasdir. Shunday ekan, ularni ayirishdan nima naf? Men uchun sunniylar va shialarning hech qanday farqi yo‘q. Ularni ajrartish mening fikrimcha shunchaki siyosiy yurish».

Hariri siyosiy faoliyatida otasining o‘rni katta bo‘lganini ta'kidladi. Uning otasi Rafiq Hariri ham Livan bosh vaziri bo‘lgan va 2005 yilda avtomobil portlatilishi oqibatida halok bo‘lgan. O‘quvchilar siyosatchidan uning farzandlari haqida so‘rashganda, ular xavfsizlik maqsadida chet elda yashashini aytdi. U farzandlari urushdan, xunrezliklardan uzoqda bo‘lishini xohlashini ta'kidlagan. Xariri Yaqin Sharqning eng katta muammosi nima degan savolga «Inson hayotining qadrlanmasligi» deya javob berdi.

Livandagi shialar siyosiy harakati «Hizbulloh» haqida savolga bosh vazir qisqagina javob berdi. Uning aytishicha, Livan hukumati «Hizbulloh»ning qurollarini tortib olishni rejalashtirmagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida Hariri Saudiyada turib shialar harakatining ishlarini keskin qoralagan va ko‘p o‘tmay Ar-Riyodda turib o‘zining iste'fosi haqida e'lon qilgandi. Xalqaro jamoatchilik uning Saudiyada majburan ushlab turilgani, iste'fo haqida ham Saudiyaning bosimi ostida e'lon qilganini ta'kidladi. Biroq bu xabarlarni rad etgan Hariri ko‘p o‘tmay Livanga qaytgan va o‘z ishini davom ettirgandi.

Mavzuga oid