Jahon | 08:10 / 28.02.2018
5516
2 daqiqa o‘qiladi

The Walt Disney Parijdagi “Disneylend”ga 2 mlrd yevro sarmoya qilmoqchi 

Foto: Disneylandparis

AQShning The Walt Disney kompaniyasi rahbariyati Parijdagi Disneyland ko‘ngilochar bog‘iga 2 mlrd yevro miqdorida ko‘p yillik investitsiyani amalga oshirmoqchi. AFP axborot agentligining ma'lum qilishicha, ushbu kelishuv Yelisey saroyida Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron va The Walt Disney rahbari Robert Allen Ayger uchrashuvi natijalariga ko‘ra erishilgan.

Aygerning aytishicha, “Disneylendni kengaytirishning yangi rejasi majmua tarkibiga kiruvchi Uolt Disney studiyasini qayta qurishni o‘z ichiga oladi”. Jumladan, unda Marvel komikslari, “Yulduzli janglar” filmi va “Qor malikasi” multfilmi qahramonlariga bag‘ishlangan uchta yangi tematik zona bo‘ladi.

Disneyland kengaytirilishi 2021 yildan boshlab bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Loyiha doirasida yangi sun'iy ko‘l yaratiladi, u ko‘plab tomoshalar uchun qo‘llanadi.

Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, Parijdagi Disneyland’ga 1992 yildan hozirgacha 320 mln kishi tashrif buyurgan bo‘lib, uning hisobiga Fransiyada turizmdan olinadigan daromadning 6,2 foizi to‘g‘ri keladi. Ushbu bog‘ Yevropada xususiy sayyohlik obektlari ro‘yxatida birinchi o‘rinda turadi.

Parij yaqinida 25 yil avval barpo etilgan bog‘ Disney shaharchasi, tematik restoranlar, butiklar va kinoteatrlarni o‘z ichiga oladi. Hammasi bo‘lib bog‘da 59 ta attraksion, 63 ta butik va 55 ta restoran bor.

Ko‘ngilochar bog‘ning moliyaviy holati bir necha yil avval havas qilsa arzigulik emasdi, 2016 yilda uning qarzi 1 mlrd dollarni tashkil qilgan. AFP ma'lumotlariga ko‘ra, 2016-2017 moliyaviy yilda Disneyland’ning moliyaviy holati yaxshilana boshlangan. 

Mavzuga oid