Jahon | 10:11 / 01.03.2018
16389
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy internetida “samolyotga o‘tirish”, "Disney" va N harfi taqiqlab qo‘yildi. Va bu birgina odam deb

Foto: Jason Lee / Reuters / Scanpix / LETA

Xitoyning kommunistik partiyasi 25 fevralda konstitutsiyadagi Xitoy raisi va uning o‘rinbosarini o‘z lavozimlarida qolishlarini ikkita 5 yillik muddat bilan cheklovchi bandni bekor qilishni taklif qildi. Ushbu taklif mart oyida Butunxitoy xalq vakillari yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi. Agar kompartiya tashabbusi ma'qullansa, Xitoyning amaldagi yetakchisi Si Tszinpin o‘z lavozimida cheklanmagan muddat qolishi mumkinligini anglatadi. Amaldagi konstitutsiyaga ko‘ra, u o‘z lavozimini 2023 yildan kech bo‘lmagan muddatda tark etishi lozim.

Xitoyda 2000-yillar boshidan “Buyuk fayyervol” amal qiladi, u internetda butun bir saytlarni, alohida iboralar, so‘zlar va hattoki belgilarni vaqtinchalik yoki batamom bloklash imkonini beradi. Kaliforniya unirvesitetida tashkil etilgan China Digital Times internet-loyihasi Xitoyda taqiqlangan so‘zlar va iboralar “qora ro‘yxati”ni  yuritadi – 7 yil ichida unda 3,5 mingga yaqin so‘z va iboralar to‘planib qolgan.

China Digital Times ma'lumotlariga ko‘ra, kompartiya davlat yetakchisining hokimiyatda qolish muddatiga cheklovni olib tashlashni taklif qilgandan keyin “qora ro‘yxat”da Xitoyning eng ommaviy ijtimoiy tarmog‘i Weibo’da taqiqlangan 30dan ko‘proq yangi so‘z va ibora paydo bo‘ldi. “Qora ro‘yxat”ga tushgan so‘z va iboralar orasida “quldorlik tuzumi”, “shaxsga sig‘inish”, "yashasin imperator”, “taxtni meros qilib olish”, “emigratsiya”, “rozi emasman” iboralari paydo bo‘ldi. Shuningdek, Xitoyning “umrbod prezidenti” Yuan Shikay va “1984”, “Mollar boqiladigan hovli”, “Ajoyib yangi dunyo” asarlari nomlari bloklandi.   

“Qora ro‘yxat”da bir qarashda diktaturaga sha'ma qilmaydigan va siyosat bilan bog‘liq bo‘lmagan so‘zlar ham paydo bo‘ldi. Biroq yillar davomida xitoyliklar siyosatni so‘zlar o‘yiniga asoslangan iboralar yordamida muhokama qilishni o‘rganib olishgan. Weibo ko‘rinishicha bundan xabardor va bir qancha iboralarni taqiqlab qo‘ydi: “samolyotga o‘tirish” iborasi, u xitoy tilida “taxtni meros qilib olish”ga o‘xshash yangraydi; “bu ayol hayotining oxirigacha go‘sht yeyishdan voz kechishga tayyor” iborasi – Xitoyning “Saroydagi imperator ayol” serialidagi ayol qahramonga ishora, u imperator o‘lsa, vegeterian bo‘lishga qasam ichgan bo‘ladi; “Disney” so‘zi, chunki Si Tszinpin ko‘pincha Vinni-Puxga qiyoslanadi.

N lotin harfining taqiqlanishi esa Xitoydagi senzuraga eng g‘alati misol bo‘lsa kerak. Bu harfni muayyan vaqt Weibo’da yozishning iloji bo‘lmagan. Xitoy tilida N harfi “eninchi” sonni belgilash uchun qo‘llanishi mumkin. Pensilvaniya universitetidan Viktor Mayrning fikricha, ushbu harf “qatorasiga N muddat lavozimni egallash” kabi iborani yozolmaslik uchun taqiqlangan bo‘lishi mumkin.

Aytish joizki, N va “qora ro‘yxat”ga kiritilgan boshqa so‘z va iboralardan keyinroq taqiqlov olingan.

Mavzuga oid