O‘zbekiston | 13:20 / 02.03.2018
74251
2 daqiqa o‘qiladi

Endi «Tozalash-antiterror» bo‘lmaydi, «Xavfsiz hudud» joriy etildi

Foto: IIB

O‘zbekistonda 1990-yillar oxiridan boshlab yirik bayramlar arafasida o‘tkazib kelingan «Tozalash-antiterror» tadbiri to‘xtatildi. Bu haqda payshanba kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma'lum qildi.

«Tozalash-antiterror» tadbirlari Mustaqillik bayrami, Konstitutsiya kuni, Yangi yil, Navro‘z bayrami va boshqa bayramlar oldidan o‘tkazilgan.

Ushbu operatsiyaning o‘rniga, 14 fevraldagi prezidentning Toshkentda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarori bilan nazarda tutilgan «Xavfsiz hudud» kompleks tadbiri joriy etildi, deb yozmoqda Gazeta.uz.

IIBB boshlig‘i o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, 15 yildan ortiq vaqt davomida o‘tkazib kelingan «Tozalash-antiterror» operatsiyasi nomi 1999 yil fevral oyida voqealari bilan bog‘liq bo‘lgan. O‘shanda poytaxtda bir nechta portlash yuz bergan va odamlar halok bo‘lgan.

«Endi «Tozalash – antiterror» operatsiyasi bo‘lmaydi. Vazifalar ham endi boshqacha», - dedi Doniyor Toshxo‘jayev. 

IIBB rahbariyati vakilining qo‘shimcha qilishicha, «aniq yo‘naltirilgan» pasport-viza nazorati bundan buyon bo‘lmaydi.

«IIB xodimlari sektorlarda oilalarning ijtimoiy holatini o‘rganishadi va qandaydir buzilishlar bo‘lsa, ular bo‘yicha ish ko‘radi. Maslahat berish, yordam ko‘rsatish, insonni ro‘yxatdan o‘tkazish lozim bo‘lsa, biz buni qilamiz. Endi propiskasi bo‘lmagan kishi aniqlansa, uni darhol rasmiylashtirish bo‘lmaydi. Avvaliga ogohlantirish beriladi», - dedi Doniyor Toshxo‘jayev. 

Mavzuga oid